Oʻzbekiston Superligasi eng qizgʻin pallada

14:07 02 Noyabr 2025 Sport
920 0

Oʻzbekiston Superligasi yakuniy pallada. Noyabr oyida muxlislarni bir qator qiziqarli va hal qiluvchi oʻyinlar kutmoqda.

“Paxtakor” – “Bunyodkor”

3-noyabr kuni Oʻzbekiston Superligasining 27-turi doirasida muxlislar Toshkent derbisiga guvoh boʻladi. Shu kuni “Paxtakor” klubi JAR stadionida “Bunyodkor” bilan kuch sinashadi.

Toshkent derbisi doimo katta qiziqishlarga sabab boʻlgani hammamizga maʼlum. Hatto, “Paxtakor” qatorasiga 5-marta Oʻzbekiston Superligasi gʻolibi chiqqan 2019–2023-yillarda ham “Bunyodkor”ga qarshi bahslarda jiddiy qarshilikka uchragan.

Shuningdek, ayni vaqtda har ikki jamoa Superliganing bronza medallari uchun kurashmoqda. Shu sababli ushbu bahs ikki tomonlama ahamiyatli.

“Buxoro” – “Neftchi”

7-noyabr kuni Oʻzbekiston Superligasining 28-turi doirasida “Buxoro” klubi oʻz maydonida “Neftchi”ni qabul qiladi.

“Neftchi” klubi ayni paytda Superliga gʻolibligi uchun asosiy daʼvogarlardan biri hisoblanadi. Soʻnggi turlarda ochko yoʻqotish jamoaga qimmatga tushishi aniq.

“Buxoro” klubi esa Oʻzbekiston Kubogi finalida magʻlubiyatga uchradi. Shu sabab jamoa muxlislari oldidagi aybini oʻz maydonida peshqadamlardan birini magʻlub etish orqali yuvishi mumkin. Shuningdek, “Buxoro” klubi Superliga jadvalida soʻnggi oʻrinlardan birini egallab turibdi. Shu bois Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi jamoa ham osonlikcha taslim boʻlmasligi aniq.

“Nasaf” – “Mashʼal”

8-noyabr kuni Oʻzbekiston Superligasining 28-turi doirasida muxlislar Qashqadaryo derbisiga guvoh boʻladi. “Nasaf” klubi Qarshida “Mashʼal” bilan kuch sinashadi.

Qashqadaryo derbisi doimo vohalik futbol muxlislarining diqqat markazida boʻlgani barchamizga maʼlum. Uning ustiga, har ikki jamoaga ayni paytda gʻalaba suv va havodek zarur.

Chempionlik uchun kurashayotgan “Nasaf” soʻnggi turlarda faqat grand klublar bilan toʻqnash kelmoqda. Shu sharoitda “Mashʼal” klubini magʻlub etish jamoaga juda muhim 3 ochkoni olib keladi.

“Mashʼal” klubi esa Superliganing eng quyi oʻrinlarida bormoqda. Jamoa ligada jon saqlab qolmoqchi boʻlsa, bundan buyogʻiga ochko yoʻqotishga haqqi yoʻq.

“Paxtakor” – “Nasaf”

20-noyabr kuni Oʻzbekiston Superligasining 29-turining markaziy oʻyini boʻlib oʻtadi. Oʻsha kuni “Paxtakor” JAR stadionida “Nasaf”ni qabul qiladi.

Ushbu jamoalar oʻrtasidagi oʻyinlar har doim prinsipial ahamiyatga ega boʻlib kelgan. Soʻnggi 6 ta oʻyinning 4 tasi durang bilan yakunlangan. Shuningdek, 1 ta oʻyin “Nasaf”ning, yana 1 ta bahs “Paxtakor”ning gʻalabasi bilan tugagan.

Ayni vaqtda “Paxtakor” bronza medali uchun, “Nasaf” esa chempionlik uchun kurashmoqda. Shu bois ushbu oʻyinda qoʻlga kiritiladigan 3 ochko har ikki jamoaga suv va havodek zarur.

“Neftchi” – “Qizilqum”

22-noyabr kuni Oʻzbekiston Superligasining 29-turi doirasida “Neftchi” jamoasi oʻz maydonida “Qizilqum” klubini qabul qiladi.

Bu chempionlik uchun kurashayotgan “Neftchi” klubining 2025-yilgi mavsumda oʻz maydonida oʻtkazadigan soʻnggi oʻyini boʻladi.

Soʻnggi turda “fargʻonaliklar”ni ligani tark etmaslik uchun tish-tirnogʻi bilan kurashayotgan “Xorazm” jamoasi maydonida jiddiy bahs kutmoqda. Shu bois Vitaliy Levchenko shogirdlaridan “Qizilqum”ga qarshi oʻyinda faqat gʻalaba kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер