Oʻzbekiston — Rossiya: jadal rivojlanayotgan hamkorlik

12:17 29 May 2024 Siyosat
219 0

Hozirgi oʻta beqaror va kelajakni oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan davrda geografik yaqin qoʻshnilar oʻrtasidagi doʻstona, chinakam sheriklik hamda oʻzaro manfaatli munosabatlar har qanday davlat tashqi siyosatining eng muhim elementlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu, ayniqsa, uzoq yillardan buyon oʻzaro siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni saqlab kelayotgan Oʻzbekiston va Rossiya kabi davlatlar uchun juda muhim.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi munosabatlar xalqaro huquq, suverenitetni hurmat qilish, qarorlar qabul qilishda mustaqillik va biri-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan hamkorlikning yorqin namunasi ekanligi quvonarlidir. Siyosat bilan iqtisodiyotdan tortib energetika, taʼlim, ilm-fan va madaniyat kabi muhim sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlar davom ettirilyapti. Shu yilning oʻzida Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin toʻrt marotaba ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi. Rossiya davlat rahbarining kuni kecha yurtimizga amalga oshirgan tashrifi esa oʻrtadagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu V. Putinning mamlakat Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin amalga oshirayotgan xorijiy tashriflarining dastlabkilaridan biri hisoblanishini inobatga olsak, mamlakatimiz bilan aloqalar Rossiya uchun qanchalar muhim ekanini namoyish qiladi. Davlatimiz rahbari eʼtirof etganidek, ushbu tashrif Oʻzbekistonga va koʻp millatli xalqimizga boʻlgan alohida munosabat va hurmatning, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasi va Oʻzbekiston — Rossiya munosabatlarini chuqurlashtirishga boʻlgan qatʼiy intilishning tasdigʻidir.

Oʻzbekiston va Rossiya strategik sherik va ittifoqchi mamlakatlardir. 2005-yilda ikki davlat Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani, 2022-yilda esa Keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzoladi. Davlat rahbarlari oʻrtasida oʻrnatilgan samimiy, iliq va doʻstona munosabatlar siyosiy muloqotni faollashtirish va barcha sohada hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda 370 dan ortiq hujjatlardan iborat mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza oʻzbek va rus xalqlarining taraqqiyoti hamda farovonligi yoʻlida oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos boʻlayotir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyi boshida Rossiyaga amaliy tashrifi va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley yigʻilishida kuzatuvchi-davlat rahbari sifatida ishtirok etgani buning amaliy tasdigʻidir.

Bugun rasmiy Toshkent va Moskva oʻrtasida barcha darajadagi jadal va keng koʻlamli muloqotlar faol davom etmoqda. Bosh vazirlar darajasida qoʻshma komissiya, hukumatlararo komissiya va uning quyi qoʻmitalari faoliyat koʻrsatmoqda, idoralararo va parlamentlararo hamkorlik, iqtisodiy va hududlararo aloqalar kengaymoqda. Bundan tashqari, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari oʻrtasida 2024-2025-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolangan.

Hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiya hamda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya faoliyatidagi konstruktivlik ushbu yoʻnalishdagi oʻzaro aloqalarning mavjud salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish imkonini beryapti. RF rahbarining Toshkentga davlat tashrifi chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida imzolangan turli sohaga oid 20 ga yaqin bitim va kelishuvlar munosabatlarimizni sifat jihatdan yanada yuqori pogʻonaga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.

Oʻzbekiston va Rossiya Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashdan manfaatdor hamda global muammolarni hal qilish, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, BMT, MDH, SHHT va boshqa global hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasida yaqindan hamkorlik qiladi, biri-birining tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlaydi. BMT platformasida oʻzaro hamkorlik Bosh Assambleya kun tartibidagi asosiy masalalar va tomonlarning ilgari surgan tashabbuslari boʻyicha pozitsiyalarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash orqali amalga oshiriladi. Rossiya tomoni BMTga aʼzo davlatlar tomonidan Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi yadro qurolidan xoli zona (MOYAQXZ) toʻgʻrisidagi Shartnoma boʻyicha pozitsiyasini keng qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashdi, MOYAQXZ boʻyicha Bosh Assambleyaning rezolyutsiyalarini qoʻllab-quvvatlashda izchil ishtirok etdi (ikkinchisi Bosh Assambleyaning 75-sessiyasida ovozga qoʻyilmasdan qabul qilindi). Bundan tashqari, Rossiya Shartnomaga xavfsizlik kafolatlari toʻgʻrisidagi Protokolni imzoladi va ratifikatsiya qildi. Rossiya, shuningdek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” (2018), “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” (2019), “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida” (2021), “Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash boʻyicha” (2022), “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi (2022) rezolyutsiyalarni qoʻllab-quvvatladi va hammualliflik qildi.

Milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni taʼminlash masalalarida saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasi bilan mustahkam yoʻlga qoʻygan hamkorligiga yana bir yorqin misol boʻla oladi. Ayni paytda Toshkent va Moskva keng qamrovli yoʻnalishlarda, xususan, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm hamda ekstremizm, ommaviy qirgʻin qurollari tarqalishi, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, yangi tahdidlar va xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha oʻzaro faol aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Har ikki davlatning pozitsiyalari oʻxshashligi Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash va mustahkamlash hamda tinch Afgʻonistonni barpo etishga koʻmaklashish masalalarida ham kuzatilyapti. Toshkent ham, Moskva ham Afgʻonistonda yakuniy tinchlikka erishish, uni mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb etish, iqtisodiyotini tiklash, gumanitar yordam koʻrsatishga qaratilgan qator xalqaro anjumanlarga mezbonlik qildi. Rossiya Federatsiyasi Oʻzbekiston rahbariyatining Afgʻonistonga oid ilgari surgan tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston — Rossiya munosabatlari yangi ufqlar sari harakatlanmoqda, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar uchun xos boʻlgan “strategik sheriklik va ittifoqchilik” taʼrifi bugungi kunning xolis, sof haqiqatidir. Binobarin, Oʻzbekiston — Rossiya hamkorligi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham muhim oʻrin tutadi.

Siyosiy va xavfsizlik sohasidagi muloqotlarning muntazam ahamiyat kasb etayotgani iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu, oʻz navbatida, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining jadal oʻsishiga, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga, yetakchi korxonalar, ishbilarmon doiralar va hududlar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashda muhim omil boʻlyapti. Oʻzaro munosabatda, tabiiyki, iqtisodiy aloqalar asosiy oʻrin tutadi. Rossiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasida tovar ayirboshlash miqdori soʻnggi uch yil mobaynida muntazam ortib bordi. Iqtisodiy munosabatdagi salmoqli oʻsish shunday surʼat bilan davom etsa, ikki yildan keyin Rossiya bilan tovar ayirboshlash misli koʻrilmagan darajada ortadi.

Bunga erishsa boʻladi, albatta. Chunki ikki tomon ham tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrda boʻlib, sammit yakuni boʻyicha Prezidentlar oʻz hukumatlariga kelgusida 30 milliard dollarlik koʻrsatkichga erishish vazifasini qoʻydi. Qolaversa, davlatlar sanoat kooperatsiyasida jiddiy ilgarilagan. Energetika, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, logistika va innovatsion tarmoqlar boʻyicha aniq loyihalar ham bunga imkon beradi. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar boʻyicha kelishuvlar imzolangani munosabatlarga yangicha ruh bagʻishlaydi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston va Rossiya savdo aylanmasi 2030-yilga borib ikki karra oshishi kutiladi. Soʻnggi yillarda investorlarimizda oʻzaro qiziqish ortayotgani bunga yaqqol asos boʻla oladi.

Umuman, Oʻzbekistonga sarmoya kiritish boʻyicha Rossiya Xitoydan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Bugungi kunda ayni miqdor 10 milliard dollardan ortdi. Raqamlar yanada koʻpayishi tabiiy. Zero, aprel oyida Toshkentda oʻtgan “Innoprom” xalqaro koʻrgazmasi doirasida 1,5 milliard dollarlik yuzlab yangi kooperatsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev tomonidan eʼlon qilingan qoʻshma Investitsiya platformasi ham ushbu maqsadga xizmat qiladi.

Bugun davlatlarimizning energetika sohasidagi hamkorligi ham mustahkam va istiqbolli ekanini aytib oʻtish joiz. Masalan, oʻtgan yili Rossiya tabiiy gazini Oʻzbekistonga yetkazib berishni boshladi. Bu mamlakatimiz aholisini va tadbirkorlik subyektlarini uzluksiz energiya bilan taʼminlash imkonini berdi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin muzokaralari davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalariga katta eʼtibor qaratilgani, mamlakatimizda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzolangani ham bejiz emas, deb oʻylayman. Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar oʻz energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga taʼminlayotgan bir paytda iqtisodiyoti yuksak surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan Oʻzbekistonning ham kelajagi energetika tizimining taraqqiyotiga bogʻliq ekani sir emas. Atom energetikasini barpo etish uchun bizda barcha imkoniyat bor. Yaʼni Oʻzbekiston katta miqdordagi uran zaxiralariga ega boʻlibgina qolmay, uni uchinchi davlatlarga ham eksport qilayotgan mamlakatdir.

Oʻzbekiston va Rossiya hamkorligi uchun raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasi nihoyatda istiqbolli yoʻnalish hisoblanadi. Boisi ikki mamlakat ham deyarli bir vaqtning oʻzida davlat uchun muhim sanalgan axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha dasturni amalga oshirishga kirishgan. Xususan, 2018-yilda Rossiyada “Raqamli iqtisodiyot” hukumat dasturi tasdiqlanib, tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Oʻz navbatida, raqamlashtirishning yangi bosqichiga kirib kelayotgan Oʻzbekistonda AKT sohasini takomillashtirishga qaratilgan Prezident qarorlari hayotga tatbiq etildi. Ikki mamlakat tomonidan mazkur sohada belgilangan maqsadlarni birgalikdagi saʼy-harakatlar asosida amalga oshirish mumkin boʻladi. Raqamli iqtisodiyot, texnoparklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, pochta aloqasini takomillashtirish, jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha mutaxassislar malakasini oshirish va IT mutaxassislarni tayyorlash shular jumlasidandir. Ushbu vazifalarni toʻlaqonli roʻyobga chiqarishning imkoniyati bor. Zero, Oʻzbekiston va Rossiya kadrlar tayyorlash jabhasida hamkorlik uchun allaqachon mustahkam poydevorga egadir.

Oʻzbekiston keyingi paytlarda Transafgʻon temir yoʻli qurilishi loyihasini amalga oshirishga intilmoqda. Bu Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlaydigan muhim vosita hisoblanadi. Unga Rossiya ham katta qiziqish bildiryapti. U qurilib, ishga tushsa bu mamlakat uchun ham foydalidir. Oʻz mahsulotlarini Oʻzbekiston va Afgʻoniston orqali Osiyoning boshqa mamlakatlariga yetkazib berish imkoniyatiga ega boʻladi. Boz ustiga, Toshkent va Moskva Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlari bilan bogʻlovchi yana bir loyiha — “Shimol — Janub” transport yoʻlagini rivojlantirish boʻyicha yaqin muloqotni davom ettirish niyatida. Bu borada transport idoralari rahbarlarining aprel oyida Termiz shahrida boʻlib oʻtgan Belarus — Rossiya — Qozogʻiston — Oʻzbekiston — Afgʻoniston — Pokiston multimodal marshrutini rivojlantirish boʻyicha birinchi uchrashuvi samarali boʻldi.

Rossiya endilikda Oʻzbekistonning yetakchi maʼrifiy, ilmiy-amaliy hamkoriga ham aylanmoqda. Toshkentda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Butunrossiya kinematografiya instituti kabi mashhur oliy oʻquv yurtlari filiallari ochilishi mamlakatimiz, xalqimiz ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-madaniy hayotidagi ulkan voqeadir. Oʻzbekiston bugungi kunda Rossiya universitetlarining xorijiy filiallari soni boʻyicha yetakchi hisoblanadi. Anʼanaga koʻra, soʻnggi besh yildan buyon ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari rektorlari forumi oʻtkazib kelinayotgani fan va taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotir. Mazkur shakldagi soʻnggi muloqot 2023-yil sentyabr oyida Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan edi. Unda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun taʼlimni rivojlantirish va bugungi kunning asosiy yoʻnalishlaridan biri — ilgʻor muhandislik maktablarini yaratish va boshqa dolzarb mavzular muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar eng murakkab muhandislik masalalarini hal etishga qodir, zamonaviy bilimlarni egallagan jahon darajasidagi mutaxassislarni tayyorlash masalalari xususida fikr almashdilar.

Bu bejiz emas. Sanoati tobora yuksalib borayotgan, iqtisodiyotning turli yangi yoʻnalishlari paydo boʻlayotgan Oʻzbekistonimiz uchun malakali mutaxassislar suv bilan havodek zarur. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston va Rossiya muhandislik-texnika oliy oʻquv yurtlari rektorlari anjumanining tashkil etilgani va uning doirasida yigirmadan ortiq shartnomalar imzolangani yurtimizda oliy texnika taʼlimini rivojlantirish garovi boʻlib xizmat qiladi. Zero, forumda yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash, akademik mobillik va mehnat bozorida eng koʻp talab qilinadigan yoʻnalishlar, mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash istiqbollari oʻrganildi. Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi faol innovatsion loyihalarni amaliyotga konstruktiv tatbiq qilish, qoʻshma taʼlim dasturlarini bosqichli kengaytirish, akademik almashinuv va professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, qayta tayyorlash va “Ilgʻor muhandislik maktablari”ni institutsional tashkil etishda xalqaro talablarni birgalikda oʻrganish va hayotga tatbiq qilishga kelishib olindi. Mazkur forumning asosiy maqsadi boʻlgan muhandis kadrlar tayyorlashni takomillashtirishning institutsional yechimini topish istiqboldagi vazifalarimizni belgilab berdi. Bu jarayonda oʻzaro manfaatli hamkorlik asosida akademik taʼlim va ilmiy loyihalarning uzviyligini birgalikda taʼminlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Asosiysi, Oʻzbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filialini ochish boʻyicha kelishuvga erishilgani eʼtiborga molik voqea boʻldi.

Bugun davlatlarimiz oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasida ham yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. 2023-yil 6 — 30-noyabr kunlari mamlakatimizning barcha hududida tataristonlik mutaxassislar ishtirokida “Oʻzbekiston — Tatariston salomatlik oyligi” oʻtkazilgani buning yaqqol tasdigʻidir. Tadbir doirasida rossiyalik onkologiya, ginekologiya, bolalar xirurgiyasi, kattalar va bolalar neyroxirurgiyasi boʻyicha mutaxassislar oʻzbekistonlik hamkasblariga aholini tekshirish hamda tashxislashda yordam koʻrsatdi.

Ikki xalqning tarixiy aloqalari va madaniy oʻzaro bogʻliqligi sayyohlik almashinuvining oshishida muhim ahamiyat kasb etyapti. Xususan, 2023-yilda Oʻzbekistonga 750 mingdan ortiq rossiyalik sayyohlar tashrif buyurgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan toʻrt oyida bu koʻrsatkich 130 mingdan oshdi. Albatta, rossiyaliklar Oʻzbekistonga koʻproq taʼtilga kela boshladilar. Soʻnggi bir yil ichida rossiyalik sayyohlar orasida Oʻzbekistonga sayohat qilishga boʻlgan talab ortdi. Mamlakatlar oʻrtasidagi vizasiz rejim tufayli ushbu yoʻnalish tobora ommalashib borayotir. Bundan tashqari, barqaror, kafolatlangan, arzon havo qatnovlari ham bunga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Birgina Moskvadan Toshkentga kuniga 15 dan ortiq parvozlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, rossiyalik sayyohlar nafaqat Toshkentga, balki Samarqand, Buxoro, Xiva, Fargʻona kabi shaharlarga ham parvoz qilish imkoniyatiga ega. Bu sayohatchilarning xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirdi.

Rossiyalik sayohatchilarni jahon ahamiyatiga molik yodgorliklar, jahonga mashhur oʻzbek oshxonasi va mehmondoʻstligi, til toʻsiqlarining yoʻqligi, oʻxshash mentalitet, umumiy tarix hamda qadriyatlar, shuningdek, turlarning nisbatan arzon narxlari oʻziga jalb qiladi. Oʻzbekiston hukumati Rossiyadan turistlar oqimini kengaytirishni ragʻbatlantirmoqda. Tomonlarning erishilgan natijalar bilan cheklanib qolish niyati yoʻq va yaqin kelajakda Rossiyadan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini rekord darajaga — bir million kishiga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bunga Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari tomonidan 2022-yil mart oyida imzolangan mamlakatlarimiz oʻrtasida sayyohlik oqimini oshirish uchun shart-sharoit yaratish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi yordam beradi. U transport-logistika aloqalarini mustahkamlash, oʻzaro sayyohlik oqimini koʻpaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida yangi turistik yoʻnalishlarni yaratishni oʻz ichiga oladi.

Madaniyat va sanʼat namoyandalarining oʻzaro tashriflari ham faol qoʻllab-quvvatlanyapti. 2023-yilda Nijniy Novgorod, Yekaterinburg, Ufa, Qozon va Sankt-Peterburg shaharlarida Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansamblining gastrol safari tashkil etildi. Moskvadagi Katta teatrda “Lazgi. Qalb va muhabbat raqsi” baletining namoyishi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston va Rossiya teatrlarining ijodiy safarlari, ikki mamlakatning madaniyat kunlari birgalikda tashkil etilmoqda. Rossiya ijodiy jamoalari Oʻzbekistonda anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, Toshkent xalqaro kinofestivali kabi yirik tadbirlarda faol qatnashayotgani quvonarlidir. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining tashrifi yakunlari boʻyicha esa madaniyat va sanʼat, turizm, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida izchil aloqalar va almashinuvlarni faol davom ettirishga kelishib olindi. Bu yoʻnalishlarda bitim va kelishuvlar toʻplami imzolandi. Joriy yilda Oʻzbekistonda Rossiyaning yirik madaniy tadbirlari, jumladan, kino kunlari oʻtkaziladi. Rossiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari, koʻrgazmalar va teatrlarimizning ijodiy safarlari boʻlib oʻtadi.

Rasmiy Toshkent va Moskva oʻrtasidagi munosabatlar ayni paytda misli koʻrilmagan yuksak darajaga koʻtarildi. Har ikkala davlat Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashdan manfaatdor, shuningdek, tomonlar global muammolarni hal etish hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha bir-birining tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlaydi. Albatta, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida jadal rivojlanib borayotgan koʻp qirrali hamkorlikning butun xilma-xil koʻlamini bir maqolada qamrab olish qiyin. Biroq bir narsa aniq — tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash tarafdori. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va xalqlarimiz manfaati yoʻlida avval erishilgan kelishuvlarni jadallashtirishga kuchli surʼat bagʻishlashi, shubhasiz.

Qalandar ABDURAHMONOV,

akademik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер