Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida

15:06 26 Iyun 2022 Hujjatlar
11047 0

Foto: Illustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi

1-modda. 1992-yil 8-dekabrda oʻn ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining oʻn birinchi sessiyasida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 4-modda; 1994-yil, № 1, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 3–4, 27-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 162-modda; 2008-yil, № 12, 637-modda; 2011-yil, № 4, 100-modda, № 12/1, 343-modda; 2014-yil, № 4, 85-modda; 2017-yil, № 4, 134-modda, № 5, 200-modda, № 8, 383-modda; 2018-yil, № 10, 674-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 3, 162-modda, № 9, 588-modda; 2021-yil, № 2, 139, 140-moddalar) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:

1) Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Muqaddima

Biz, Oʻzbekistonning yagona xalqi,

inson huquqlariga va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga oʻz sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qilib,

xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari ustuvorligini eʼtirof etib,

har bir insonning shaʼni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatimizni anglagan holda,

ochiq, adolatli va barkamol fuqarolik jamiyatiga intilib,

oʻzbek davlatchiligining uch ming yillikdan ziyod tarixiy taraqqiyot tajribasiga, shuningdek jahon va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning madaniy merosiga tayanib,

demokratiya gʻoyalariga, ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik kabi qadriyatlarga oʻz sodiqligimizni tasdiqlab,

mamlakatimizning barqaror rivojlanishini, yoshlarning munosib hayot kechirishini, shu maqsadda taʼlim, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat taraqqiyotini taʼminlashga intilib,

bizgacha yetib kelgan tabiiy, madaniy, moddiy va maʼnaviy qimmatliklarni hamda boyliklarni koʻpaytirishga va muhofaza qilishga, atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil bel bogʻlab,

Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati va eng avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro bir-birini qoʻllab-quvvatlash, hamkorlik va hurmat qilish, tinchlik va totuvlik asosidagi uygʻun, doʻstona munosabatlarini mustahkamlashga hamda rivojlantirishga intilib,

fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni hamda bagʻrikenglikni taʼminlash maqsadida,

Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qilamiz va eʼlon qilamiz»;

2) 1-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«1-modda. Oʻzbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat. Davlatning “Oʻzbekiston Respublikasi” va “Oʻzbekiston” degan nomlari bir maʼnoni anglatadi»;

3) 13 va 14-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«13-modda. Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga muvofiq inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Insonning shaʼni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyatidir.

Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning maʼnosini, mazmunini va qoʻllanilishini, davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini belgilaydi.

Insonga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi davlat organi tomonidan koʻzlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli boʻlishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tugʻdirmasligi kerak.

Insonning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib boʻlmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi.

Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

14-modda. Davlat oʻz faoliyatini inson farovonligini hamda jamiyatning barqaror rivojlanishini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi»;

4) 15-modda:

quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida qoʻllaniladi”;

ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;

5) 16-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ushbu Konstitutsiyaning birorta qoidasi inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining huquq va manfaatlariga, ushbu Konstitutsiyaning birinchi boʻlimida nazarda tutilgan asosiy prinsiplarga va qoidalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas”;

6) 17-moddaning:

birinchi qismi quyidagi mazmundagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirilsin:

«Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.

Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan doʻstona va tinchliksevarlik tashqi siyosatini olib boradi»;

ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;

7) 18-modda:

quyidagi mazmundagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan toʻldirilsin:

«Oʻzbekiston Respublikasida inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalariga binoan hamda mazkur Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi.

Insonning qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklari daxlsiz, ajralmasdir va ular har kimga tugʻilganidan boshlab tegishli boʻladi»;

birinchi va ikkinchi qismlari tegishincha uchinchi va toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin;

8) 20-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«20-modda. Fuqaro oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart.

Insonning huquq va erkinliklari faqat qonun bilan va boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, shuningdek jamoat xavfsizligini va tartibini taʼminlash uchun zarur boʻlgan doirada cheklanishi mumkin»;

9) 22-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emas.

Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi»;

10) 24, 25 va 26-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«24-modda. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi boʻlib, qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir.

Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosi taqiqlanadi.

25-modda. Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.

Hech kim qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

Ushlab turishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi. Shaxs sud qaror qabul qilmagunicha qirq sakkiz soatdan koʻp muddat ushlab turilishi mumkin emas. Agar ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash toʻgʻrisidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak.

Shaxsni ushlab turish chogʻida uning huquqlari va ushlab turish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerak.

Hech kim shartnomaviy majburiyatlarni bajara olmaganligiga asoslanib jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.

Hech kimda uning roziligisiz tibbiy, ilmiy va boshqa tajribalar oʻtkazilishi mumkin emas.

Har bir inson oʻz shaxsini erkin rivojlantirish, qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega. Qonunda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emas.

26-modda. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʻrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga oʻzini himoya qilish uchun barcha sharoitlar taʼminlanadi.

Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qoʻllash jarayonida yuzaga keladigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.

Hech bir shaxs oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.

Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabatda boʻlinishi va ularning shaxsiy qadr-qimmati hurmat qilinishi kerak.

Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi kerak»;

11) quyidagi mazmundagi 261 va 262-moddalar bilan toʻldirilsin:

«261-modda. Har bir shaxs advokat yordamidan oʻz tanloviga koʻra hamda jinoyat protsessining har qanday bosqichida foydalanish, shaxs ushlab turilganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran foydalanish huquqiga ega.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari toʻgʻrisida xabardor qilinish, oʻziga qarshi koʻrsatma bergan guvohlar bilan yuzlashtirilish, oʻz foydasiga koʻrsatma berayotgan guvohlarning chaqirtirilishi huquqiga ega.

Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chogʻida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Huquqbuzarliklardan va hokimiyatni suiisteʼmol qilishdan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga odil sudlovdan foydalana olishini va yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinishini taʼminlaydi.

Har bir shaxs davlat organlarining yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.

262-modda. Hech kim ayni bir huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Hech bir shaxs sodir etilgan paytda huquqbuzarlik deb topilmagan qilmish uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Qilmish uchun jazoni istisno etadigan yoki yengillashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega.

Javobgarlikni belgilaydigan yoki ogʻirlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.

Hech bir inson rasmiy ravishda eʼlon qilinmagan qonunga asosan hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas»;

12) 27 – 30-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«27-modda. Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz boʻlishi, shaxsiy va oilaviy siri, oʻz shaʼni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega.

Har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarni himoya qilish huquqiga ega.

Har bir shaxs yozishmalarni, telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali soʻzlashuvlarni, pochta-telegraf joʻnatmalarini hamda boshqa xabarlarni amalga oshirish erkinligi va ularning sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.

Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Hech kim shaxsning uy-joyiga yoki boshqa mol-mulkiga qonunda nazarda tutilganidan boshqacha holda va tartibda kirishga, tintuv oʻtkazishni yoki koʻzdan kechirishni amalga oshirishga haqli emas.

28-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda boʻlib turgan har bir shaxs respublika hududi boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno.

Har kim respublikadan tashqariga chiqish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekistonga moneliksiz qaytish huquqiga ega.

29-modda. Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Har kim Internet jahon axborot tarmogʻiga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga ega.

Mazkur huquqlarni cheklashga faqat mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, jamoat xavfsizligini hamda tartibini himoya qilish, shuningdek davlat siri yoki boshqa sir deb eʼtirof etilgan axborot oshkor etilishining oldini olish bilan bogʻliq hollarda, qonun bilan yoʻl qoʻyiladi.

30-modda. Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga oʻz huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan qonunchilik hujjatlari, shuningdek hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashi shart.

Har kim davlat organlarida, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, jamoat birlashmalarida, tashkilotlarda oʻzi haqida toʻplangan maʼlumotlar bilan tanishish va notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishini, shuningdek noqonuniy yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmagan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab etish huquqiga ega»;

13) 32-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«32-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.

Fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan masalalarni oʻz manfaatlaridan, rivojlanishning oʻziga xos tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek milliy va maʼnaviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar hamda anʼanalardan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda va qonun doirasida hal etish huquqi hamda uni amalga oshira olish qobiliyati fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarishi deb eʼtirof etiladi»;

14) 35-moddaning birinchi qismidagi “muassasalariga yoki” degan soʻzlar “muassasalariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga yoki” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

15) IX bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«IX bob. Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar»;

16) 36-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqqa ega”;

17) 37 – 40-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«37-modda. Har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.

Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning oʻzi va oilasi yashashi uchun yetarli boʻlishi kerak.

Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.

Har bir ishlovchi ayol homilador boʻlgan taqdirda va tugʻish davrida haq toʻlanadigan taʼtilga hamda yangi tugʻilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun taʼtilga yoki bolani farzandlikka olish uchun taʼtilga chiqish huquqiga ega.

Jazoni sudning hukmiga koʻra oʻtash tartibidan boshqacha tartibdagi majburiy mehnat yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardagi majburiy mehnat taqiqlanadi.

Majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanadi hamda bu qonunga koʻra javobgarlikka sabab boʻladi.

38-modda. Har bir shaxs dam olish huquqiga ega.

Yollanib ishlayotgan fuqarolar dam olish huquqiga, dam olish va bayram kunlari, haq toʻlanadigan har yilgi taʼtilga chiqish huquqiga ega.

39-modda. Har bir shaxs qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, ishsizlikda, nogironlikda, shuningdek boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega.

Davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratadi, davlat pensiyalarini, nafaqalarini va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilaydi.

Pensiyalarning, nafaqalarning, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qoʻyilgan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emas.

Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam taʼminlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan taʼminlaydi.

Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur teng sharoitlarni yaratadi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qoʻyish, hisobga olmaslik, chetlatish, cheklash yoki ortiqcha yon bosish, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan boʻyin tovlash taqiqlanadi.

40-modda. Har kim sogʻligʻining muhofaza qilinishi va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham oʻz ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli.

Davlat sogʻliqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, tibbiy sugʻurtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha zarur choralar koʻradi.

Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish boʻyicha zarur choralar koʻradi»;

18) quyidagi mazmundagi 401-modda bilan toʻldirilsin:

«401-modda. Har kim sogʻlom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega boʻlish hamda oʻz sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi huquqiga ega»;

19) 41-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«41-modda. Har kim taʼlim olish huquqiga ega.

Davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashadi.

Davlat har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtishga boʻlgan huquqini kafolatlaydi.

Bepul umumiy oʻrta taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Umumiy oʻrta taʼlim majburiydir.

Maktab ishlari, maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat nazoratida boʻladi.

Taʼlim boʻyicha alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim va tarbiya tashkil etiladi.

Davlat isteʼdodli yoshlarning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, taʼlimni davom ettirishini kafolatlaydi.

Davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi taʼlim muassasalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish uchun davlat teng shart-sharoitlar yaratadi.

Pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda masʼuliyatli vazifasidir.

Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi»;

20) quyidagi mazmundagi 411-modda bilan toʻldirilsin:

«411-modda. Har kim davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy maʼlumot olishga haqli.

Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada oʻzini oʻzi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega.

Davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar oʻrnatishga koʻmaklashadi»;

21) 42-moddaning birinchi qismidagi “ilmiy va texnikaviy” degan soʻzlar “ilmiy, texnikaviy va badiiy” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

22) IX bob quyidagi mazmundagi 421-modda bilan toʻldirilsin:

«421-modda. Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bolalar hamda yoshlarni maʼnaviy va axloqiy jihatdan tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi»;

23) 43 va 44-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«43-modda. Inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir.

Davlat inson va fuqaroning Konstitutsiyada hamda qonunlarda mustahkamlangan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlaydi.

Har bir shaxs oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.

44-modda. Har kimga oʻz huquqlari va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Har bir shaxs oʻzining buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun oʻz ishi vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan oqilona muddatlarda, tenglik, tortishuv va adolat prinsiplari asosida koʻrib chiqilishi huquqiga ega.

Har kim Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq oʻz huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishi uchun inson huquqlari boʻyicha milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilishga haqli»;

24) 45-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirishga, ularga jamiyat va davlat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ishtirok etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralar koʻradi”;

25) 49-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan almashtirilsin:

«Tarixiy, maʼnaviy, madaniy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Davlat va jamiyat milliy qadriyatlarni himoya qilish, Oʻzbekiston xalqi maʼnaviy va madaniy merosining uzluksizligini taʼminlash toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi»;

26) 52-modda:

quyidagi mazmundagi birinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Vatanga boʻlgan sadoqat muqaddasdir”;

birinchi qismi ikkinchi qism deb hisoblansin;

27) uchinchi boʻlimning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«UCHINCHI BOʻLIM. FUQAROLIK JAMIYATI VA SHAXS»;

28) XII bob quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«XII bob. Jamiyatning iqtisodiy negizlari

53-modda. Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat isteʼmolchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, halol erkin raqobatni, barcha mulk shakllari huquqiy jihatdan teng ravishda muhofaza qilinishini kafolatlaydi.

Xususiy mulk daxlsiz va davlat tomonidan himoya qilinadi.

Davlat iqtisodiyot tarmoqlarining va hududlarning uygʻun holda rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shuningdek iqtisodiy resurslarning adolatli ravishda taqsimlanishini taʼminlaydi.

Davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini va investitsiyaviy muhitni, shart-sharoitlarni taʼminlaydi.

Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, oʻz faoliyatining yoʻnalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli.

Oʻzbekiston Respublikasida tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.

Tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablagʻlarning harakatlanishini cheklashga qaratilgan chora-tadbirlar, agar ular xavfsizlikni, odamlarning hayoti va sogʻligʻi himoya qilinishini, tabiat va madaniy meros obyektlari muhofaza qilinishini taʼminlash uchun zarur boʻlsa, qonunchilikka muvofiq joriy etilishi mumkin.

Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta koʻrib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi.

531-modda. Hech bir shaxs oʻz mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqa shaxsga oʻtkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning oʻrnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan amalga oshirilishi mumkin.

54-modda. Mulkdor mol-mulkiga oʻz xohishiga koʻra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak.

55-modda. Yer, yer osti boyliklari, suv, atmosfera havosi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat mulkida boʻladi. Yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham boʻlishi mumkin.

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar, oʻrmon fondi davlatga tegishli boʻlib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi.

Tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi»;

29) 56-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«56-modda. Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va shaxslarning boshqa jamoat birlashmalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi, uning mazmunini belgilaydi. Ular fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishga, ijtimoiy hamda madaniy maqsadlarga erishish uchun koʻmaklashishga, jamiyatning maʼnaviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgandir»;

30) 61-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirilsin:

«Oʻzbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda faoliyat koʻrsatayotgan barcha diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligi kafolatlanadi.

Davlat konfessiyalarning tinch-totuv yashashiga kafil boʻladi»;

31) 63 va 64-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«63-modda. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy boʻgʻini, aholini saqlab qolish hamda koʻpaytirish negizi sifatida jamiyat va davlatning alohida muhofazasi ostida boʻladi.

Nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.

Davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun zarur boʻlgan ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratadi.

Davlat koʻp bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini taʼminlaydi.

64-modda. Ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz bolalarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlimi, sogʻlom, toʻlaqonli va uygʻun kamol topishi toʻgʻrisida qaygʻurishi shart.

Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onasining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning sogʻlom, barkamol rivojlanishini va taʼlim olishini taʼminlaydi, ushbu yoʻnalishdagi xayriya faoliyatini ragʻbatlantiradi»;

32) 65-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi ikkinchiuchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan almashtirilsin:

«Bolaning manfaatlari, bolalarning toʻlaqonli, jismoniy, aqliy va madaniy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishidir.

Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosidan faxrlanish tuygʻusini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi»;

33) 70 va 71-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«70-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunchiligida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklar kafolatlanadi.

71-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻz Konstitutsiyasiga ega.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga zid boʻlishi mumkin emas»;

34) 72-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi Oʻzbekiston Respublikasining yagona huquqiy tizimiga kiradi va u Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining tarkibiy qismidir”;

35) 74 va 75-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«74-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻz hududida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq amalga oshiradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasining oliy mansabdor shaxsidir.

75-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qoraqalpogʻiston Respublikasining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlanishi uchun zarur moliyaviy, moddiy, tashkiliy-texnik va boshqa shart-sharoitlarni yaratadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati oliy organlarida oʻz vakillariga ega boʻladi»;

36) 77-modda quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati ayni bir vaqtning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, mahalliy hokimiyat vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emas”;

37) 78-modda birinchi qismining:

4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“4) Oʻzbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatiga oid masalalarni koʻrib chiqish, davlat strategik dasturlarini qabul qilish”;

15, 16 va 17-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«15) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish va tasdiqlash, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzasini koʻrib chiqish;

16) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini (ombudsmanni), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakilini saylash;

17) Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini, Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi Milliy maʼruzani koʻrib chiqish»;

38) 80-modda:

quyidagi mazmundagi 5-band bilan toʻldirilsin:

“5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish”;

6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“6) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorini va Oʻzbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash”;

8-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“8) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish, shuningdek ularning faoliyati bilan bogʻliq masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish”;

39) 83-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«83-modda. Qonunchilik tashabbusi huquqiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, oʻz davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ega. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va Bosh prokurori ham oʻz vakolatlariga oid masalalar yuzasidan qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Qonunchilik tashabbusi huquqi qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish vositasida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega boʻlgan, yuz ming nafardan kam boʻlmagan fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilikka oid takliflarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritishga haqli.

Qonun loyihalarini, qonunchilikka oid takliflarni kiritish va koʻrib chiqish tartibi qonun bilan belgilanadi»;

40) 84-moddaning:

ikkinchi qismidagi “oʻn” degan soʻz “yigirma” degan soʻz bilan almashtirilsin;

uchinchi qismidagi “oʻn kun ichida” degan soʻzlar “yigirma kundan kechiktirmay” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi qismidagi “oʻttiz kun ichida” degan soʻzlar “ikki oydan kechiktirmay” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

41) 90-moddaning ikkinchi qismidagi “besh” degan soʻz “yetti” degan soʻz bilan almashtirilsin;

42) 93-modda birinchi qismining:

6 va 7-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«6) Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;

7) ichki va tashqi siyosatning eng muhim strategik ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi hamda ularning ijro etilishiga oid masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaatnomalar yoʻllaydi»;

12 va 13-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«12) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdigʻiga kiritadi;

13) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiga nomzodlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi»;

25-bandi quyidagi mazmundagi 25, 26 va 27-bandlar bilan almashtirilsin:

«25) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashini shakllantiradi va boshqaradi;

26) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organlarini va boshqa organlarni shakllantiradi;

27) ushbu Konstitutsiyada va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi»;

43) 98-modda ikkinchi qismining:

1, 2 va 3-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, moliyaviy, pul-kredit siyosati olib borilishi, ilm-fan, madaniyat, taʼlimni, sogʻliqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi uchun javobgar boʻladi;

2) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

3) davlat boshqaruvi organlarining ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni taʼminlaydi»;

6-bandi quyidagi mazmundagi  9-bandlar bilan almashtirilsin:

«6) davlatning yoshlarga oid siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi, oilani qoʻllab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish choralarini koʻradi;

7) ijtimoiy himoya qilish, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi;

8) fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan jamoat birlashmalarini qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va bajarishda ularning ishtirok etishini taʼminlaydi, ijtimoiy sheriklikka oid dasturlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi;

9) ushbu Konstitutsiyada va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi»;

44) 99100 va 101-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«99-modda. Viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi (tumanga boʻysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlaridir.

Tegishli hududdagi ijroiya hokimiyatiga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi.

Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi.

Xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining saylovi tartibi qonunda belgilanadi.

Xalq deputatlari Kengashlarining va hokimlarning faoliyatini tashkil etish qonun bilan tartibga solinadi.

Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati – besh yil. Yangidan tashkil etilgan maʼmuriy hududiy birliklarda xalq deputatlari Kengashlariga saylov xalq deputatlari Kengashlariga navbatdagi umumiy saylovlarga qadar boʻlgan davrdan oshmaydigan muddatga oʻtkaziladi.

100-modda. Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

hududni rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasini va uni qurish qoidalarini hokimning taqdimiga binoan tasdiqlash;

tegishli mahalliy byudjetlarni hokimlarning taqdimiga binoan koʻrib chiqish va qabul qilish, ushbu byudjetlarning ijro etilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlash;

mahalliy soliqlar stavkalarini va boshqa majburiy toʻlovlarni qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida belgilash;

byudjetdan tashqari jamgʻarmalarni shakllantirish;

hokimni va uning oʻrinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, ularning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish;

qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda xalq deputatlarining vakolatlarini tan olish hamda muddatidan oldin tugatish, ularni javobgarlikka tortish uchun rozilik berish;

qonunda nazarda tutilgan hollarda hokimning qarorlarini tasdiqlash;

tegishli prokurorlarning, ichki ishlar organlari rahbarlarining, adliya organlarining va davlat boshqaruvi organlari boshqa boʻlinmalarining hisobotlarini eshitish;

hokimning va quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boʻlmagan qarorlarini bekor qilish;

qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

101-modda. Viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

qonunlarni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining farmonlarini, qarorlarini va farmoyishlarini, yuqori turuvchi organlarning hamda tegishli xalq deputatlari Kengashining qarorlarini bajarish;

sogʻliqni saqlash, taʼlim, jamoat transporti tizimlarining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;

hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan choralarni amalga oshirish;

fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning xavfsizligini va jamoat tartibini taʼminlashga doir choralarni amalga oshirish;

munitsipal mulkni va mahalliy kommunal xoʻjalikni boshqarish;

atrof-muhitning muhofaza qilinishini taʼminlash;

fuqarolarning boʻsh vaqtini tashkil etish va madaniyat sohasidagi xizmatlardan foydalanishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish;

mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish;

xalq deputatlari Kengashlariga viloyatni, tumanni, shaharni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini, viloyat va Toshkent shahar mahalliy byudjetining, tuman va shahar byudjetining tegishli loyihalarini, shuningdek ularning ijro etilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etish;

qonunda belgilangan hollarda, quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini bekor qilish va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish;

respublikada va xorijda viloyat, tuman hamda shaharning rasmiy vakili sifatida ish yuritish;

qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish»;

45) 102-moddaning:

birinchi qismi chiqarib tashlansin;

ikkinchiuchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha birinchiikkinchi va uchinchi qismlar deb hisoblansin;

46) 103-moddaning uchinchi qismi chiqarib tashlansin;

47) 105-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«105-modda. Raisni va oʻz boshqaruv organlarini saylaydigan mahallalar shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridir.

Mahallalar davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi va oʻz vakolatlari doirasida mustaqildir.

Davlat mahallalar faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunchilikda berilgan vakolatlarni amalga oshirishda koʻmaklashadi.

Mahallalar faoliyatining huquqiy asoslari, shuningdek mahalla raisining va boshqaruv organlarining saylovi tartibi, vakolatlari hajmi qonun bilan belgilanadi»;

48) 109-modda birinchi qismining:

6-bandidagi “konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;

7-bandi quyidagi mazmundagi 7 va 8-bandlar bilan almashtirilsin:

«7) fuqarolarning va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini koʻrib chiqadi;

8) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni koʻrib chiqadi»;

49) 111-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining sud korpusi shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlovchi mustaqil organidir”;

50) 112-modda:

birinchi qismidagi “odil sudlovni amalga oshirish borasidagi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;

quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Sudyalarni almashtirib boʻlmaydi. Ularning vakolatlari faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga koʻra tugatilishi yoki toʻxtatilishi mumkin”;

ikkinchi – beshinchi qismlari tegishincha uchinchi – oltinchi qismlar deb hisoblansin;

oltinchi qismi chiqarib tashlansin;

51) 116-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«116-modda. Har kimga malakali yuridik yordam olishga boʻlgan huquq kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam bepul koʻrsatiladi.

Tergovning va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordamga boʻlgan huquq kafolatlanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam koʻrsatish uchun mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplariga asoslangan advokatura faoliyat koʻrsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.

Advokat shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi»;

52) 117-moddaning yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi”;

53) 122-modda quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirilsin:

«Oʻzbekiston Respublikasida Davlat byudjetini va davlat qarzini shakllantirish hamda ijro etish tartibi ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonunda belgilanadi»;

54) 127-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Ushbu Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu moddasi ikkinchi qismining qoidalari qayta koʻrib chiqilishi mumkin emas”.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;

ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

3-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?