Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 9-oktyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktyabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi 754–XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 38-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 118-modda; 1997-yil, № 4–5, 126-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda; 2000-yil, № 5–6, 153-modda, № 7–8, 217-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 9–10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 9, 247-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda; 2019-yil, № 9, 591-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 33-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ekologik xavfsizlikni taʼminlash, fuqarolar sogʻligʻini va atrof-muhitni gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotganidan keyin hosil boʻladigan chiqindilarning zararli taʼsiridan himoya qilish uchun utilizatsiya yigʻimi (bundan buyon matnda utilizatsiya yigʻimi deb yuritiladi) undirishni”;
uchinchi – oʻn birinchi xatboshilari tegishincha toʻrtinchi – oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;
2) 34-modda:
birinchi qismi “boshqa majburiy toʻlovlardan” degan soʻzlardan keyin “utilizatsiya yigʻimidan” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Utilizatsiya yigʻimi summalari daromadlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga kelib tushadi”;
toʻqqizinchi va oʻninchi qismlari tegishincha oʻninchi va oʻn birinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi 913–XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 320-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 9, 241-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2007-yil, № 4, 163-modda, № 9, 420-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2013-yil, № 12, 350-modda; 2014-yil, № 4, 86-modda, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 8, 383-modda, № 9, 510-modda, № 12, 772-modda; 2018-yil, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda) 25-moddasining ikkinchi qismidagi “xususiy” degan soʻz chiqarib tashlansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining1993-yil 3-sentyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi 938–XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 338-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 4–5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 5, 112-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2002-yil, № 4–5, 74-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda; 2007-yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2010-yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012-yil, № 1, 4-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 12, 341-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 383, 384-moddalar; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 10, 676-modda, № 12, 783-modda; 2019-yil, № 5, 265-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda) 66-moddasining birinchi qismidagi “shuningdek dafn etish nafaqasini” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan 598–I-conli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 82-modda; 2003-yil, № 9–10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 4, 224-modda, № 7, 432-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 161-modda, № 4, 199-modda, № 8, 469-modda) 63-moddasining birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Koʻp kvartirali uylar atrofidagi yer uchastkalari ushbu uylarning turar joylari va yashash uchun moʻljallanmagan joylari mulkdorlariga doimiy foydalanish uchun beriladi”.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan 713–I-conli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 4-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 6, 260-modda; 2007-yil, № 1, 3-modda, № 4, 156-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 470-modda; 2011-yil, № 12/2, 365-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 10, 673, 676-moddalar; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 4, 199-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 5-moddaning oʻn birinchi xatboshisidagi “xususiy” degan soʻz chiqarib tashlansin;
2) 23-moddaning:
nomi «turar joylardan» degan soʻzlardan keyin «va yashash uchun moʻljallanmagan joylardan» degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ichki ishlar organlari tegishli hududda fuqarolar va yuridik shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joylardan hamda yashash uchun moʻljallanmagan joylardan foydalanilishi, shu jumladan pasport rejimiga rioya etilishi, yashayotgan shaxslarning hisobga olinishi va tegishli shartnomalarning mavjudligi yuzasidan nazoratni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan birgalikda amalga oshiradi”;
3) VIII boʻlimning nomidagi «XUSUSIY» degan soʻz chiqarib tashlansin;
4) 128-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«128-modda.Uy-joy mulkdorlarining shirkati
Uy-joy mulkdorlarining shirkati (bundan buyon matnda shirkat deb yuritiladi) koʻp kvartirali bitta yoki bir nechta zich joylashgan, obodonlashtirish elementlari boʻlgan umumiy yer uchastkasi bilan birlashtirilgan uydagi xususiy turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining birlashmasidir.
Shirkat turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining tashabbusi bilan tashkil etiladi, u notijorat tashkiloti boʻlib, oʻz ustaviga muvofiq oʻzini oʻzi boshqarish asosida faoliyat koʻrsatadi.
Shirkatlarning tashkil etilishi va faoliyati tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi»;
5) 132-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«132-modda.Koʻp kvartirali uydagi turar joylarni va yashash uchun moʻljallanmagan joylarni va umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlari
Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdori oʻziga qarashli turar joyni oʻz hisobidan tegishli texnik va sanitariya holatida saqlaydi, shuningdek koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari umumiy xarajatlarni, qoida tariqasida, majburiy badallar shaklida birgalikda zimmalariga oladilar, bu badallar koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish, uni joriy va kapital taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash xarajatlarining oʻrnini qoplashi kerak.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha majburiy badallar miqdori mazkur uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanadi.
Mulkdorning koʻp kvartirali uydagi oʻziga qarashli turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylardan foydalanmasligi yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi uni koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni hamda shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan toʻliq yoki qisman ozod qilmaydi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdori oʻzining umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlardagi ishtirokiga doir majburiyatini turar joyni shartnoma boʻyicha ijaraga, arendaga oluvchiga oʻtkazishi mumkin, bunda haqning oʻz vaqtida toʻlanishi masʼuliyati turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorining zimmasida boʻladi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdori shirkatni, boshqaruvchini yoki boshqaruvchi tashkilotni yoxud turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari tomonidan vakil qilingan shaxsni umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni toʻlashga doir majburiyatlar joyni ijaraga, arendaga oluvchiga oʻtkazilganligi haqida xabardor qilishi shart»;
6) 134-moddaning oltinchi qismidagi “(ijrochi direktor)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
7) 138-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«138-modda.Uy-joy fondini boshqarish
Uy-joy fondini boshqarish uy-joy fondini, muhandislik uskunalarini, shu uylarga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkalarini lozim darajada saqlashni, ularga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlashni hamda fuqarolarning yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan boshqa faoliyatni oʻz ichiga oladi.
Davlat uy-joy fondini boshqarish uy-joy fondining mulkdori va boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot oʻrtasida tuziladigan shartnomaga binoan amalga oshirilishi mumkin.
Xususiy uy-joy fondini boshqarish bevosita turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari, shirkat, boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoxud qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha usulda amalga oshirilishi mumkin.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli shu uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilanadi. Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Koʻp kvartirali uy turar joylarning va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning mulkdorlari tomonidan bevosita boshqarilganda shu uydagi umumiy mol-mulkni saqlash yoki uni taʼmirlash ishlarini bajarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish shartnomalari turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi qarorlari asosida tuziladi. Bunda uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari nomidan turar joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan vakil qilingan turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlaridan biri yoki bir nechtasi ish yuritishga haqlidir.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shirkat tashkil etilmagan koʻp kvartirali uyni boshqarish boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarori asosida tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshirilishi mumkin»;
8) 139-modda:
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot, bir tomondan, va uy-joy fondi mulkdori yoki shirkat, agar shirkat tashkil etilmagan boʻlsa, koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari, ikkinchi tomondan, uy-joy fondini boshqarish shartnomasining taraflaridir”;
uchinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va oltinchi xatboshilaridagi, beshinchi va oltinchi qismlaridagi “(ijrochi direktor)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-mayda qabul qilingan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi 222–II-sonli Qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 6–7, 105-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda; 2007-yil, № 7, 323-modda, № 9, 416-modda; 2009-yil, № 9, 330-modda; 2010-yil, № 9, 335, 341-moddalar, № 12, 470-modda; 2011-yil, № 12/2, 364-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2014-yil, № 12, 343-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4-moddalar, № 7, 431-modda, № 10, 670, 677-moddalar; 2019-yil, № 7, 389-modda, № 8, 471-modda) 1-ilovasiga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) yigirma beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsuloti (bundan tabiiy vino mustasno) ishlab chiqarish”;
2) qirq sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi”;
3) quyidagi mazmundagi ellik sakkizinchi va ellik toʻqqizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
«Toʻlov tizimlari operatorining faoliyati.
Toʻlov tashkilotlarining faoliyati».
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 5-aprelda qabul qilingan “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi 362–II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 4–5, 72-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda, № 9–10, 149-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 604-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 9, 247-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 40-modda, № 10, 671-modda; 2019-yil, № 9, 591-modda) quyidagi mazmundagi 231-modda bilan toʻldirilsin:
«231-modda. Utilizatsiya yigʻimi
Ekologik xavfsizlikni taʼminlash, fuqarolar sogʻligʻini va atrof-muhitni gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotganidan keyin hosil boʻladigan chiqindilarning zararli taʼsiridan himoya qilish maqsadida utilizatsiya yigʻimi toʻlanadi.
Utilizatsiya yigʻimi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan – gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan – Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari ishlab chiqarilganda (yigʻilganda, tayyorlanganda) undiriladi.
Utilizatsiya yigʻimining miqdorlari, utilizatsiya yigʻimi toʻlanadigan gʻildirakli transport vositalarining, oʻziyurar mashinalarning va ular tirkamalarining turlari hamda toifalari, shuningdek utilizatsiya yigʻimini undirish, qaytarish va undan foydalanish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotganidan keyin hosil boʻladigan chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni bajarish boʻyicha infratuzilmani tashkil etish uchun xarajatlar utilizatsiya yigʻimidan tushgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi».
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 25-dekabrda qabul qilingan OʻRQ–136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, 12-songa 1-ilova; 2008-yil, № 12, 639-modda; 2009-yil, № 9, 330, 331-moddalar, № 12, 470, 472, 473-moddalar; 2010-yil, № 5, 178-modda, № 9, 334, 335, 336, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 474-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 9, 248-modda, № 12/2, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106-modda, № 9/1, 238-modda, № 12, 334, 336-moddalar; 2013-yil, № 10, 263-modda, № 12, 349-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 8, 312-modda, № 12, 452, 454-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 384, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda, № 12, 772, 773-moddalar; 2018-yil, № 1, 1, 4-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 431, 433-moddalar, № 10, 676-modda, № 12, 781, 783-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 2, 3-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 166-moddalar, № 8, 471-modda, № 9, 589-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 208-moddaning 24-bandidagi “xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari” degan soʻzlar “uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 2111-moddadagi “20 foizli” degan soʻzlar “15 foizli” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 217-moddadagi “xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari” degan soʻzlar “uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchilar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 331-moddaning 18-bandidagi “xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari” degan soʻzlar “uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchilar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
5) 335-moddaning ikkinchi qismidagi “xususiy” degan soʻz chiqarib tashlansin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ–269-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 12, 469-modda; 2011-yil, № 12/2, 363-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda) 18-moddasi birinchi qismining sakkizinchi xatboshisidagi “xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari” degan soʻzlar “uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqaruvchi tashkilotlar yoki boshqaruvchilar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi OʻRQ–276-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 12, 476-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 9-moddaning birinchi va uchinchi qismlaridagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 18-moddaning:
uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshisi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 5-oktyabrda qabul qilingan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi OʻRQ–302-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 10, 272-modda) 13-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«13-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini olib kirish hamda realizatsiya qilishga doir cheklovlar
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga alkogol mahsulotini polietilen, polistirol va boshqa polimer materialdan tayyorlangan polimer isteʼmol idishlarida olib kirish taqiqlanadi, bundan pivo va vino mahsulotlari mustasno.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini:
yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga;
taʼlim, sport muassasalari va diniy muassasalardan toʻgʻri chiziq boʻylab ikki yuz metrdan kam masofada joylashgan savdo obyektlari tomonidan, bundan savdo obyekti umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan savdo majmualarining (bozorlarning) va yarmarka pavilyonlarining hududida joylashgan hollar mustasno;
ular texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga, qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʻlmasa;
aksiz markalari bilan tamgʻalanmagan holda (pivodan tashqari) yoki qalbaki aksiz markalari bilan;
ularning ishlab chiqaruvchisini aniqlash imkonini beradigan tarzda aniq tamgʻalanmagan boʻlsa;
donalab, qutisiz (oʻrovsiz) holda – tamaki mahsulotiga nisbatan;
ularni ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchisi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlsa;
bunday mahsulotni yetkazib berish huquqiga ega boʻlmagan yoki yetkazib berishni qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirgan yetkazib beruvchidan olingan boʻlsa, realizatsiya qilish mumkin emas.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hollarda ham cheklanishi mumkin».
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 22-yanvarda qabul qilingan OʻRQ–460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 1-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda) 171-moddasining 8-bandidagi “xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati aʼzolaridan” degan soʻzlar “koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
13-modda. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 16-dekabrda qabul qilingan “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ–13-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 412-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 22-sentyabrda qabul qilingan “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ–223-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 9, 337-modda) 12-moddasi.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
15-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 1 va 7-moddalari mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Ushbu Qonunning 2, 4, 5-moddalari, 8-moddasi 1, 3, 4, 5-bandlari, 9 va 12-moddalari “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni kuchga kirgan kundan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Ushbu Qonunning 6-moddasi 3-bandi, 13-moddasi “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni kuchga kirgan kundan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019-yil 14-noyabr
№ OʻRQ—584
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring