Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

Hurmatli hamkasblar!
Anʼanaviy iliq qabul va bugungi sammitimizni ajoyib tarzda tashkil etgani uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Emomali Sharipovich Rahmon shaʼniga bildirilgan samimiy minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.
Tojikistonning MDHga samarali raisligini, bu davrda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻptomonlama sheriklik yangi surʼat bilan rivojlana boshlaganini alohida qayd etishni istar edim.
Global siyosat va iqtisodiyotda murakkab, oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan jarayonlar kechayotgan sharoitda, xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotgan bir vaziyatda MDH oʻzining barqarorligi, samaradorligi va zaruriy tuzilma ekanini namoyish qilishda davom etayotganini taʼkidlamoqchiman.
Oʻn yillar davomida yaratilgan mexanizmlar va yoʻlga qoʻyilgan muloqotlar tufayli iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar masalalarga oid barcha jabhalar boʻyicha yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz boʻlgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston koʻptomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish boʻyicha bildirilgan baho va takliflarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida iqtisodiy sheriklikni kengaytirish biz uchun, hech shubhasiz, ustuvor yoʻnalishdir. Jahon iqtisodiyotida vaziyat yomonlashib, proteksionizm kuchayib borayotgani, barqaror taraqqiyotga yangi tahdidlar paydo boʻlayotganini hisobga olganda, bu alohida muhim ahamiyatga egadir.
Taʼkidlash zarurki, oʻtgan yili Oʻzbekistonning MDHdagi sheriklari bilan savdo aylanmasi hajmi 11 foizga oʻsdi. Oʻzaro savdoda oʻsish hajmi joriy yilda ham taʼminlanmoqda.
Bunday koʻrsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi investitsiya oqimlarining koʻpayishi bilan bevosita bogʻliqdir. Jadal hamkorligimiz surʼatlarini saqlab qolish maqsadida mavjud resurslarni yanada toʻliq ishga solish hal qiluvchi masala, deb hisoblaymiz.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni quyidagi ustuvor masalalarga yoʻnaltirishni taklif etamiz.
Birinchidan, savdo aylanmasini kuchaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni shakllantirish.
Bu oʻrinda soʻz alohida tovarlarni, birinchi navbatda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonida tartib-taomil va talablarni soddalashtirish va milliy bozorlarga kirish, jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etish haqida bormoqda.
Mamlakatlarimiz bozorlarini oʻzaro mos holda kengaytirish muhimdir. Shu munosabat bilan MDH Iqtisodiy kengashi doirasida tashqi konyunktura oʻzgarishlariga tezkor javob berish va savdo oqimlari yoʻnalishini oʻzgartirish boʻyicha mexanizmlarni ishga tushirish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, texnik toʻsiqlar va muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarni tan olish toʻgʻrisidagi bitimlar loyihalarini kelishish borasidagi ishlarni faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Ikkinchidan, transport sohasida oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratishni istar edim.
Afsuski, MDH makonida transport tarmogʻida amaldagi yoʻlaklarning oʻtkazish samaradorligini pasaytiradigan muammoli holatlar hamon saqlanib qolmoqda.
Barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratishni zamonning oʻzi talab etmoqda, deb hisoblaymiz.
Bundan tashqari, yuk tashish infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish muhimdir. Shu munosabat bilan transport sohasida davlat-xususiy sheriklik masalalari boʻyicha MDH mamlakatlari konferensiyasini Oʻzbekistonda oʻtkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Uchinchidan, oʻzaro investitsiyalarning oʻsishini ragʻbatlantirish va kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash.
Hamkorlik boʻyicha toʻplangan ijobiy tajribani hisobga olib, mamlakatlarimizda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashga oid “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashni taklif etaman.
Biznesni jalb etgan holda kooperatsiyani chuqurlashtirish va innovatsion startaplarni ilgari surish MDHning Venchur platformasini yaratishga xizmat qiladi.
Kelgusi yili Toshkent “INNOPROM” koʻrgazmasi doirasida mamlakatlarimiz hududlari va yetakchi kompaniyalarining keng ishtirokida MDH innovatsion sanoat forumini oʻtkazishga tayyormiz.
Agar hamkasblarimiz maʼqullashsa, MDH Iqtisodiy kengashiga qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga koʻrsatma berishni taklif etaman.
Toʻrtinchidan, energetika sohasidagi hamkorlik muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda MDHdagi sheriklarimiz bilan anʼanaviy va muqobil energiya manbalaridan foydalanish, jumladan, atom elektr stansiyalari qurilishi sohasida qator yirik strategik loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Biz, MDH mamlakatlarida energetika sektorini innovatsion rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatga moʻljallangan dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish tarafdorimiz.
Beshinchidan, raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik alohida eʼtiborga molikdir.
Joriy yilning avgust oyida Samarqandda tashkil etilgan “MDHda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum kooperatsiya borasida oʻzaro qiziqish va imkoniyatlar oʻsib borayotganini koʻrsatdi.
MDH boʻyicha sheriklarimizning bu sohadagi faol saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz va Amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha koʻptomonlama reja ishlab chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Biz ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohasida qoʻshma dasturlarni kengaytirishdan manfaatdormiz.
Mamlakatlarimizda taʼlim sektori va mehnat bozori jadal rivojlanayotganini hisobga olib, Diplomlar, malaka va akademik dasturlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, Professional standartlar va malaka talablarini uygʻunlashtirish mexanizmini joriy etish lozim, deb hisoblaymiz.
Kun tartibiga innovatsion ekotizimlarni shakllantirish, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlash uchun Yoshlar laboratoriyasini yaratish masalasini kiritgan holda, MDH Yoshlar forumini Xivada qabul qilishga tayyormiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Bugun mamlakatlarimizning xavfsizligi va barqarorligiga nisbatan umumiy xavf-xatar va tahdidlar haqida koʻp aytildi.
Tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlar yoʻnalishlari boʻyicha tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhimdir. Bu oʻrinda soʻz hamkorlikni muvofiqlashtirish, axborot almashish va qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish haqida bormoqda.
Hamdoʻstlikning janubiy chegaralari haqida soʻz yuritar ekanmiz, Afgʻonistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatni unutmasligimiz kerak. Ushbu mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz chuqurlashib borayotganini hisobga olsak, uning hududidan boʻladigan xavf-xatar va tahdidlar saqlanib qolmoqda.
Oʻzbekiston Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashning qatʼiy tarafdori ekanini taʼkidlayman.
Shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Biz hurmatli Sergey Nikolayevich Lebedevni Hamdoʻstlik Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlanishini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.
Soʻzimning yakunida Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga MDHda raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan muvaffaqiyatlar tilayman.
Ishonchim komil, ushbu uchrashuv va qabul qilinayotgan qarorlar oʻzaro manfaatli koʻptomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga imkon yaratadi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning ravnaqi va farovonligi yoʻlidagi umumiy maqsadlar va vazifalarimizga erishishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring