Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasidagi (SOP28) nutqi

18:52 01 Dekabr 2023 Siyosat
162 0

Hurmatli delegatsiya rahbarlari!

Bugungi tarixiy sammitga taklif etilganimiz hamda anjumanning yuqori darajada tashkil qilingani uchun Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Aʼlo Hazratlariga bildirilgan samimiy minnatdorchilik soʻzlariga qoʻshilaman.

Biz Amirliklarning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashdagi global tashabbuslari va “yashil” taraqqiyotga qoʻshayotgan katta hissasini olqishlaymiz.

Fursatdan foydalanib, Birlashgan Arab Amirliklari xalqini Milliy bayrami bilan chin dildan qutlayman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Iqlim muammolari barqaror rivoj-lanish yoʻlida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi.

Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham taʼsir koʻrsatmoqda.

Iqlim oʻzgarishining salbiy oqibat-lari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa jiddiy sezilmoqda.

Mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻpdir. Favqulodda issiq kunlar soni 2-marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi yoʻqoldi.

Tuproq yemirilishi jarayonlari 30 million aholi turmush tarziga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Kuchli chang va qum boʻronlari odatiy holga aylandi. Ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi, qishloq xoʻjaligi hosildorligi pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.

Bu global xavflar keng mintaqamizda xatarli nuqtaga yetib kelmoqda.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

“Yashil” iqtisodiyotga oʻtish va uglerod neytralligiga erishish Yangi Oʻzbekistonning ustuvor strategik vazifasidir.

Soʻnggi yillarda yurtimizda muqobil energiya ulushi ikki baravarga koʻpaydi.

Biz 2030-yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini barpo etamiz. “Yashil” vodorod ishlab chiqarish boʻyicha ilk amaliy qadamlarni tashladik.

“Yashil makon” tashabbusi doirasida mamlakatimizda 1 milliard tup koʻchat ekilmoqda.

Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda oʻrmonlar barpo etdik.

Biz Iqlim oʻzgarishiga qarshi faqat birdamlik va keng xalqaro hamkorlik orqali samarali kurashishimiz mumkin.

Bu borada quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, Parij shartnomasi doirasida Iqlim oʻzgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishish tarafdorimiz.

Biz Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida Adaptatsiya strategiyasini ishlab chiqmoqdamiz.

Kecha “Yoʻqotish va zararlar” jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha qabul qilingan muhim qarorni yuksak baholaymiz.

Ikkinchidan, global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish adolatli, shaffof va inklyuziv boʻlishi zarur.

Bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi shart. Bu muammoni “Katta yettilik va yigirmalik” formatlarida doimiy koʻrib chiqilishi maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolyutsiyasi asosida Orolboʻyi hududini ekologik ofat zonasidan “innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasi”ga aylantirmoqchimiz.

Bu yerda Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda yaqin hamkorlikka taklif etaman.

Toʻrtinchidan, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish lozim.

Toshkentdagi “Yashil universitet” negizidagi “Iqlim ilmiy forumi”da davlatlaringiz yetakchi olim va ekspertlarini ishtirok etishga chaqiraman.

Yer degradatsiyasi, suvdan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi muammolari Forum kun tartibidan joy oladi, deb ishonaman.

Beshinchidan, BMT bilan 2024-yili Oʻzbekistonda “Iqlim migratsiyasi” konferensiyasini oʻtkazish niyatidamiz.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan “Yashil bandlik” dasturi”ni ishlab chiqish va Modellashtirish markazini tashkil etishni taklif qilaman.

KOP Yoshlar konferensiyasini mamlakatimizda yuqori darajada tashkil etishga tayyormiz.

Hurmatli doʻstlar!

Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha umumbashariy gʻoyalarga doimo sodiqdir.

Bu ezgu maqsadda kelgusi yili Samarqand xalqaro iqlim forumini oʻtkazish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining alohida rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlashga chaqiraman.

Ishonchim komil, bugungi sammitimiz sayyoramizning yanada barqaror, farovon va xavfsiz kelajagini taʼminlash yoʻlida doʻst xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?