Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻiston bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi

5-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi.
Oʻzbekiston-Qozogʻiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Bosh vazir Alixan Smailov davlatimiz rahbariga Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2022-yilda tovar ayirboshlash 18 foizga, joriy yil boshidan esa 12 foizga oshdi. Uch mingdan ziyod qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Yuk tashish hajmi ortmoqda. Faol gumanitar almashinuvlar davom etmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti Hukumatlararo komissiya yigʻilishining sermahsul yakunlariga, eng avvalo, ustuvor iqtisodiy loyihalarni, shu jumladan Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etishni ilgari surish boʻyicha kelishuvlarga erishilganiga yuksak baho berdi.
Yaqin yillarda 10 milliard dollar maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun savdoni koʻpaytirish va eksport-import amaliyotlarining mutanosibligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini tez fursatda ishga tushirish muhimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, mashinasozlik, energetika, qazib chiqarish sanoati, transport va logistika, toʻqimachilik, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring