Oʻzbekiston Prezidenti Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yigʻilishida ishtirok etdi

20:23 14 Oktyabr 2021 Siyosat
878 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yigʻilishida ishtirok etdi.

Tadbir Oʻzbekiston 2020-yil dekabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini olganidan buyon ushbu integratsiyaviy birlashmaning davlatimiz rahbari ishtirokida oʻtgan uchinchi sammiti boʻldi.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan sammitda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, YEOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat - Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Yigʻilish kun tartibidan koʻp tomonlama iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot va boshqa ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha amaliy hamkorlikni ilgari surish masalalari oʻrin oldi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekistonning tabiiy savdo va iqtisodiy hamkorlari – YEOII mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Xususan, pandemiya sharoitlarida mamlakatimizning Tashkilotga aʼzo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror ortib borayotgani taʼkidlandi. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyildi, qoʻshma Ishchi guruh oʻz faoliyatini boshladi. Bundan tashqari, Yeroosiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik boʻyicha istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirish muhim ekanini alohida qayd etib, Oʻzbekiston yetakchisi oʻzaro savdoda mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish, texnik reglament va standartlarni uygʻunlashtirish, bojxona tartibotlarni raqamlashtirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xarita”sini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish orqali mintaqalararo qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratishda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etildi. Toshkent shahrida har yili “Innoprom – Markaziy Osiyo” sanoat forumining oʻtkazilishi buning uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Prezidentimiz milliy iqtisodiyotlarning barqaror rivojlanishida muhim omil sifatida transport yoʻlaklari tarmogʻi va logistika infratuzilmasini takomillashtirish muhim ekaniga eʼtibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston tomonidan Rossiya va Qozogʻiston bilan birgalikda yoʻlga qoʻyilayotgan zarur tovarlarni tez fursatda oʻzaro yetkazib berish boʻyicha “Agroekspress” loyihasiga qoʻshilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalarining alohida dolzarb ahamiyatini hisob olib, Oʻzbekiston Prezidenti bu boradagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va qoʻshma hamkorlik dasturini ishlab chiqish orqali sohadagi hamkorlikning yangi nuqtalarini izlash muhim ekanini taʼkidladi.

Mamlakatimiz YEOII doirasidagi raqamli transformatsiya jarayonlarida ishtirok etish, amaliy tajriba almashish va ilgʻor texnologiyalarning oʻzaro transferidan manfaatdor ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari ekologiya masalalariga alohida eʼtibor qaratib, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan choralar zarur ekanini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Prezidenti hamkor mamlakatlarni Orolboʻyida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish boʻyicha qoʻshma loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi hamda kelgusi yil sentyabr oyida Nukus shahrida oʻtkaziladigan “Yashil” energetika boʻyicha xalqaro forumga taklif etdi.

Bundan tashqari, birlashma doirasida yaratilgan Iqlim masalalari boʻyicha yuqori darajadagi ishchi guruh bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tashabbusi ilgari surildi.

Oʻzbekiston yetakchisi soʻzining yakunida sammit yakunlari YEOII mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik va yaqin sheriklikni ilgari surishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?