Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik sanoatida tarixiy gʻalaba

19:16 15 Mart 2022 Iqtisodiyot
1143 0

2022-yilning 10-mart sanasi. Bu kun oʻzbek paxta-toʻqimachilik sanoatida yangi davr boshlangan tarixiy kun sifatida xotiramizda muhrlanib qolishi, shubhasiz. Zotan, ushbu kundan eʼtiboran uzoq yillar davomida muhim sanoat xom ashyosi va u asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarimizga qoʻyilgan global taqiq yechildi. Yaʼni “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʻzbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilingani rasman eʼlon qilindi.

Bu — Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi tufayli soʻnggi besh yillikda amalga oshirilgan islohotlar samarasi, inson qadrini ulugʻlash, uning manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar eʼtirofidir. Bu — qishloq xoʻjaligi sohasi tubdan modernizatsiya qilinib, unga bozor tamoyillari tatbiq etilgani, paxta yigʻim-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga butkul barham berilgani jahonda tan olinganining yorqin tasdigʻidir.

Oq paxtamiz “qora roʻyxat”dan chiqdi

Islohotlarning yangi davri boʻlmish oxirgi besh yillikda paxtadan “siyosiy ekin” tusi tom maʼnoda olib tashlandi. Paxta dalalariga sochilib ketgan millat bolalari egatlardan qaytarib olindi. Ularning egilgan boshi, tuproqqa qorishib ketgan qadr-qimmati qayta tiklandi. Pirovardida mamlakat xalqaro hamjamiyat oldida “Bolalar mehnati”, “Ayollarni ogʻir va xatarli mehnatga jalb qilish”, “Majburiy mehnat” degan taʼna-dashnomlar, isnoddan qutulib, turli iqtisodiy cheklovlardan ozod boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston “Cotton Campaign“ning «qora roʻyxati”dan chiqarilgani haqida toʻxtalar ekan, jumladan, shunday dedi: “Necha yillardan beri manfaat qilmadik. Paxtamizning rangi oq edi, lekin «qora” boʻlib yurdi. Biz buning uchun qancha qiynaldik. Agar siyosiy iroda boʻlmaganida shu narsalar boʻlarmidi?

Lekin bu — kurash. Kecha televizorda koʻrsatdi, qadriga yetgan odam xursand boʻlib yigʻladi. Millatimizning qiymati bu». 

Ochigʻini aytish kerak, 12 yil amalda davom etgan cheklovni olib tashlash oson boʻlgani yoʻq. Negaki, yaqinu yiroqdagilar yangi Oʻzbekistonda yuz berayotgan inqilobiy oʻzgarishlarni, ayniqsa, paxtachilikdagi ijobiy oʻnglanishlarni hazm qilishi, eʼtirof etishi silliq kechmadi.

Shu bois bu boradagi xalqaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSH Davlat departamenti va Mehnat vazirligi, shuningdek, “Cotton Campaign” koalitsiyasi bilan hamkorlikda odam savdosi, majburiy mehnatga qarshi kurashish va ishchilar huquqlarini taʼminlash boʻyicha ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar rejalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda milliy qonunchilik takomillashtirilib, ular xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. Aniqrogʻi, 2019 — 2021-yillarda 32 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkilotining qator konvensiya hamda bayonnomalari ratifikatsiya qilindi. Bolalar mehnatidan va majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Shu tariqa paxta-toʻqimachilik sanoatining bamisoli peshonasiga bosilgan tamgʻa olib tashlandi.

Boykot va uning taʼsiri qanday bartaraf etildi?

Maʼlumki, oʻzbek paxtasiga ilk bor 2009-yilda boykot eʼlon qilingan edi. Oradan bir yil oʻtgach, “Cotton Campaign” koalitsiyasining ushbu chaqirigʻiga 60 dan ortiq kompaniyalar qoʻshildi. 2022-yilga kelib esa oʻzbek paxtasini boykot qilgan xalqaro brend hamda riteylerlar soni 331 taga yetdi. Ular orasida “C&A”, “Gap Inc.», “H&M”, “Levi Strauss & Co.», “Tesco”, “Walmart”, “Nike”, “Zara” kabi dunyo toʻqimachilik bozorida yetakchi boʻlgan yirik brendlarning ham borligi oʻzbek paxta-toʻqimachilik sanoati va uning eksportiga salbiy taʼsirini oʻtkazmay qolmadi.

“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi vakillarining bir ovozdan aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligi sohasi, xususan, paxtachilikda ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarishning klaster usuliga oʻtilgani eng toʻgʻri yoʻl boʻldi. Buning natijasida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi.

Yana bir eʼtiborli tomoni, qulay agrobiznes muhiti yaratilib, Oʻzbekistonda zamonaviy jihozlar va ilgʻor texnologiyalar bilan taʼminlangan yirik korxonalar paydo boʻldi. Ularda paxta tolasini chuqur qayta ishlash zanjiri yaratilib, barcha jarayonni kuzatish imkonini beradigan shaffof tizim yaratildi. Mehmonlar oʻzbek toʻqimachilari muvaffaqiyatining bosh omili boʻlgan ushbu yangiliklarni Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster”, Toshkent viloyatidagi “TCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasterlarida boʻlib oʻrgandi. Va paxta-toʻqimachilik sanoati majburiy mehnatdan butkul xoli boʻlgan jozibador tarmoqqa aylanganini yana bir marta eʼtirof etdilar.  

2016-yilda yurtimizda yetishtirilgan paxta xom ashyosining 37 foizi oʻzimizda qayta ishlangan boʻlsa, hozirgi paytda Oʻzbekiston oʻz paxta tolasini 100 foiz qayta ishlash quvvatiga ega boʻldi. Buning evaziga xom ashyo eksporti batamom toʻxtatildi. Aksincha, qayta ishlanib, qoʻshimcha qiymatga ega mahsulot sifatida eksport qilina boshlandi. Boshqacha aytganda, tolani oʻzimizda chuqur qayta ishlash hajmi ortib, kalava ip yigirish 2 barobar, tayyor mahsulot ishlab chiqarish 3 barobar oshdi. Oʻz navbatida, eksport miqdori muttasil ortib, 2021-yil yakunlari boʻyicha 3,1 milliard dollarga yetkazilgani quvonarlidir.

Hisob-kitoblarimizga koʻra, Oʻzbekiston birgina paxta tolasini chuqur qayta ishlash evaziga yillik eksport hajmini 50 milliard dollarga chiqarish salohiyatiga ega. Va dastlabki marra — yaqin 2-3 yil ichida eksportni 10 milliard dollarga yetkazishdir. Bunda Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi tizimida faoliyat yuritayotgan 122 ta paxta-toʻqimachilik klasteri drayver vazifasini oʻtaydi.

Chindan ham, bugungi kunda paxta yetishtirish va uni qayta ishlash bilan Prezidentimiz tashabbusi asosida tashkil etilgan klasterlar shugʻullanmoqda. Ular tomonidan sohani mexanizatsiyalashtirish, qoʻl mehnatini kamaytirish, mehnatga munosib haq toʻlash borasida tizimli chora-tadbirlar koʻrilyapti.

Qoʻl mehnatidan voz kechilmoqda

Davlatimiz rahbari oʻzbek matbuotiga bergan ilk intervyusida kuyinib aytganidek, “Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov oʻz davrida chuqur dard va iztirob bilan «Million egatlarga sochilgan oʻzbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, bu sohada biz bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullarini, jumladan, klaster tizimini joriy etdik. Klasterlar yordamida gektaridan paxta boʻyicha 50 sentner, gʻalla boʻyicha 100 sentnerdan hosil olishni koʻzlayapmiz va bu marralarga, albatta, erishamiz».

Taʼkidlash kerakki, 2017-yilda respublikamizda yetishtiriladigan yalpi paxta hosilining bor-yoʻgʻi 0,9 foizi klasterlar hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich 2018-yilda 15,1 foizni, 2019-yilda 68 foizni, 2020-yilda 91 foizni tashkil etdi. 2021-yildan eʼtiboran paxta xom ashyosi 100 foiz paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan yetishtirildi. Hosildorlik esa oxirgi bir yil ichida oʻrtacha 10 foizga koʻtarildi.

Eng muhimi, klasterlar tomonidan intensiv va innovatsion agrotexnologiyalarni amaliyotda qoʻllash, mexanizatsiyalashtirish jarayonini jadallashtirish hisobiga qoʻl mehnatidan bosqichma-bosqich voz kechilyapti. Bu haqda soʻz yuritilganda, 2019 —2020-yillarda 21 ming gektardan ziyod maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgani, umumiy qiymati 3,6 trillion soʻmlik 14 mingdan ortiq yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikalari, shu jumladan, 660 ta paxta terish mashinasi sotib olinganini aytish joiz.

Sohada erishilayotgan bu kabi muvaffaqiyatlar “Cotton Campaign” koalitsiyasi hamda nufuzli xalqaro tashkilot va tuzilmalar tomonidan tan olinyapti, yuksak eʼtirof etilmoqda.

Patritsiya JUREVICH, “Responsible Sourcing Network” bosh direktori va “Cotton Campaign” asoschilaridan biri:

— Men Oʻzbekistonni betakror mamlakat, deb bilaman. Klasterlar koʻrinishidagi vertikal integratsiya orqali paxta bilan bogʻliq barcha jarayonni shu yerning oʻzida amalga oshirish imkoni bor. Bunda paxta yetishtiruvchilardan tortib to oxirgi mahsulot tayyor boʻlgungacha jarayonlarda toʻla shaffoflik va kuzatuvchanlikka erishish mumkin. Bu juda noyob hodisa va xalqaro hamjamiyatni oʻziga jalb qila oladi. Klasterlar uyushmasi esa bu, albatta, yaxshi, u orqali koʻplab ish oʻrinlarini yaratish, qolaversa, paxta sanoatida ishlovchilarning hayotini yaxshilay olish mumkin.

Bennet FRIMAN, “Cotton Campaign” asoschilaridan biri, AQSH Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat boʻyicha yordamchisi sobiq oʻrinbosari:

— Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tomonidan majburiy mehnatga barham berish va Oʻzbekiston paxta sektorini isloh qilish uchun zarur boʻlgan tarixiy islohotlar tashabbusi va amalga oshirishdagi rahbariyatini yuqori baholaymiz. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tomonidan erishilgan natijalar “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʻzbek paxtasiga nisbatan eʼlon qilingan boykotni olib tashlash uchun asos boʻldi. Endi biz Oʻzbekiston hukumatini fuqarolik jamiyati uchun maydon ochishga va global brendlarni jalb qiladigan hamda mehnat va inson huquqlarini himoya qiladigan masʼuliyatli yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun zarur boʻlgan qulay muhitni yaratishga chaqiramiz. 

Eng jozibador mamlakatga aylanamiz

Oʻzbek paxtasiga eʼlon qilingan boykot bekor qilinishi, avvalo, Oʻzbekistonning paxta-toʻqimachilik sanoatida dunyoning eng jozibador mamlakatlaridan biriga aylanishiga keng yoʻl ochib beradi. Bu esa toʻqimachilik sanoatida dunyodagi yetakchi korxonalarning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishiga imkon yaratadi. Mamlakatda millionlab odamlarga yangi ish oʻrinlarini yaratishga, qishloq xoʻjaligi sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga, toʻqimachilik mahsulotlarining eksport hajmini oshirishga hamda sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Quvonarlisi, hozirning oʻzida “Adidas” va “Nike” brendlarining sport buyumlarini autsorsing shartlari asosida, “Hugo Boss” va “Inditex” guruhlarining “Zara”, “Massimo Dutti”, “Bershka”, “Stradivarius” va boshqa brendlari shartnoma asosida Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish takliflarini kiritmoqda.

Bundan tashqari, yangi bozorlarning ochilishi tufayli klasterlarda “Xom ashyodan — tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida toʻliq sanoat zanjiri yaratilishi orqali eksport koʻrsatkichlarini 50 milliard dollarga yetkazish uchun real imkoniyat vujudga kelmoqda. Shuning uchun Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi tizimida investitsiyaviy loyihalar ijrosiga izchil kirishildi.

Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda mavjud klasterlarning 17 tasida paxtani qayta ishlashning beshta bosqichi, 22 tasida toʻrtta bosqich, 30 tasida uchta bosqich, 36 tasida 2 ta bosqich va 16 tasida bitta bosqichi qamrab olingan. Ammo ustuvor rejaga koʻra, yaqin kelajakda barcha klasterlar besh bosqichli chuqur qayta ishlash tizimiga toʻliq oʻtadi. Shu maqsadda 2022 — 2026-yillarda paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 300 dan ortiq investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilishi belgilab olingan. Pirovardida xom ashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha qoʻshimcha qiymat zanjiri yoʻlga qoʻyilib, 350 mingta yangi ish joyi yaratiladi. Toʻqimachilik mahsulotlari eksportining umumiy hajmi esa ikki baravar oshishi kutilmoqda.

Chindan ham, endilikda oʻzbek toʻqimachilik sanoatchilari 331 ta xalqaro brend hamda riteylerning buyurtmasini qabul qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu — oʻzbek paxta tolasi va u asosida tayyorlangan mahsulotlarga dunyo bozorlari ochildi, degani! Bu — sanoatimizda tarixiy gʻalabadir!

Murtazo RAHMATOV, Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, senator.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?