Oʻzbekiston nima uchun Finlyandiya taʼlim tajribasini tanladi? — Onlayn muloqot boʻlib oʻtdi

12:59 26 Noyabr 2020 Jamiyat
349 0

Joriy yilning 25-noyabr kuni “Finlyandiyaning taʼlim tajribasini oʻrganish va uni Oʻzbekistonda keng joriy etish” boʻyicha onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.Musayev, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi U.Tashkenbayev, Tashqi ishlar vazirligi, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari mutasaddilari ishtirok etgan boʻlsa, Finlyandiya tomonidan ushbu mamlakatning Oʻzbekistondagi favqullotda va muxtor elchisi Liivala Marja xonim, Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi taʼlim boʻyicha elchisi Sall Maryana xonim, Finlyandiya taʼlim va madaniyat vazirligi hamda Milliy taʼlim agentligi mutasaddilari qatnashdi.

Qayd etish lozimki, joriy yilning 30-oktyabr kuni muhtaram Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida maktab taʼlimi boʻyicha ilgʻor davlatlar tajribasini oʻrganish, xususan Finlyandiya taʼlim tizimining oʻziga xos xususiyatlari hamda muvaffaqiyatlarini oʻrganish, xususan, taʼlim sifatini oshirish, maktablarda oʻquv yuklamasi va darslar sonini qayta koʻrib chiqish, oʻquvchilarni faqatgina yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Xalqaro uchrashuvda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Behzod Musayev soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda taʼlim tizimini isloh qilish masalasi ayniqsa dolzarblik kasb etib, davlat siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylanganini taʼkidlar ekan, bu borada Finlyandiyadek ilgʻor davlat bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Oʻz navbatida Finlyandiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Marja Liivala xonim avvalo uchrashuv uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirar ekan, bu kabi tadbirlar Finlyandiya tomoni uchun ulkan gʻurur baxsh etishi hamda ushbu hamkorlik pandemiya holatiga qaramasdan, ikki tomon uchun ham har taraflama manfaatli ekanligini taʼkidladi.

— Finlyandiya taʼlim sohasi uchun juda katta mablagʻ ajratdi, — dedi u, jumladan. — Bu jarayonda yuqori malakali oʻqituvchilar muhim ahamiyat kasb etdi. Oʻqituvchilik Finlyandiya jamiyatida nufuzli kasblardan biri sanaladi. Yoshlarning juda koʻpchiligi ushbu kasbni egallashga intiladi. Taʼlim tikilgan mablagʻlar mamlakatni noqulay iqlimiga qaramasdan, nochor davlatdan bilimga asoslangan iqtisodiyotga ega, yashash darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlardan biriga aylantirdi. Oʻzbekistonda ham oʻsib kelayotgan yosh avlod ijobiy oʻzgarishlar va cheksiz cheksiz imkoniyatlarni namoyish qilmoqda.

Liivala xonim uchrashuv kelajakdagi hamkorlik aloqalari uchun muhim ahamiyat kasb etishi va amaliy natijalarni taqdim etishini taʼkidladi. Shuningdek, u Finlyandiya tomoni taʼlim tizimini takomillashtirishda oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashishga hamda tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ekspertlar ajratishga tayyorligini ham bildirdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan aynan Finlyandiya misol qilib koʻrsatilgani bejizga emas. Ushbu mamlakat taʼlim sifatini baholash boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tadqiqotlardagi oʻz muvaffaqiyatlari bilan ajralib turadi. Fin oʻquvchilari taʼlim sifatini baholash boʻyicha tadqiqotidagi barcha yoʻnalishlarda savodxonlik koʻrsatkichlari boʻyicha eng yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, Finlyandiyaning asosiy taʼlim toʻgʻrisidagi qonunida (1998-yil) Finlyandiya taʼlimining uchta asosiy maqsadi belgilab berilgan: (1) oʻquvchilarga hayotda zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni berish, (2) jamiyatda rivojlanish va tenglikni targʻib qilish hamda (3) butun mamlakat boʻylab taʼlim sohasida tenglikni taʼminlash.

Maktablarda haftasiga 5 kunlik oʻqish joriy etilgan. Barcha maktablar bir xil mavqega ega, bolalar qobiliyatiga koʻra turli sinf yoki ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga ajratib oʻqitilmaydi.

Fin maktablarida boshlangʻich taʼlim 6 yil davom etadi va 3-sinfgacha bolalarga baho qoʻyilmaydi, oʻqituvchilar tomonidan uyga vazifa deyarli berilmaydi, 2017-yildan aksariyat maktablar dars vaqtida “ruchkadan voz kechishgan” va dars jarayonida toʻliq kompyuter va planshetlardan foydalaniladi.

Mazkur mamlakat taʼlim tizimidagi ilgʻor jihatlarni oʻrganish uchun Taʼlim inspeksiyasi va tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda tizimli ishlar boshlab yuborildi. Xususan, Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Yoʻl xaritasi” loyihasi ishlab chiqilib, unda fin taʼlim tajribasini oʻrganish va ularni mamlakatimizda samarali tatbiq qilishga qaratilgan vazifalar, hamkorlik yoʻnalishlari, chora-tadbirlar oʻz aksini topgan. Pandemiya munosabati bilan yuzaga kelgan sharoitga qaramay, finlyandiyalik mutaxassislar bilan muntazam ravishda onlayn tarzdagi uchrashuvlar va seminarlar oʻtkazib kelinmoqda. Jumladan, Finlyandiya milliy taʼlim agentligi ekspertlari ishtirokida taʼlim tizimini oʻrganish boʻyicha onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Shuningdek, 18-20-noyabr kunlari Taʼlim inspeksiyasi tomonidan Xelsinki universiteti pedagogika fanlari fakulteti professori, Taʼlim sifatini baholash markazi direktori janob Risto Xotulaynen bilan uchrashuv oʻtkazilgan edi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston vakillarining Finlyandiya taʼlim tizimini joyiga borgan holda oʻrganish, bu borada yaqindan hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi tajribasini oʻrganish boʻyicha ishlab chiqilgan yoʻl xaritasi boʻyicha batafsil maʼlumot berdi.

— Finlyandiya tajribasini oʻrganish boʻyicha oʻzbek tomonining idoralararo ishchi guruhi shakllantiriladi va aniq vazifalari belgilandi, — dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev. — Ishchi guruh tarkibiga: Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi vakillari jalb qilinadi.

Fin tajribasini Oʻzbekistonda joriy qilish boʻyicha fin mutaxassislari va Finlyandiyadagi faol vatandoshlarimizdan iborat ekspert guruhini tashkil etish va ular bilan hamkorlik oʻrnatish 2020-yil dekabr – 2021-yil fevral oylarida amalga oshiriladi. Bunda Oʻzbekistonning Latviyadagi elchixonasi koʻmagida guruhga kiritish uchun Finlyandiyadagi vatandoshlarimiz roʻyxati shakllantiriladi, ekspert guruhi aʼzolarining Oʻzbekiston taʼlim tizimi boshqaruv organlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorligi yoʻlga qoʻyiladi.

Finlyandiya tajribasini xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda oʻrganish amalga oshiriladi, bunda xorijiy ekspertlar bilan onlayn uchrashuvlar oʻtkazish, ularning Oʻzbekistonga tashrifini amalga oshirish, Finlyandiya tomoni bilan kelishgan holda 2 ta fin mutaxassislarini Oʻzbekistonga konsultant sifatida doimiy faoliyatga jalb qilish koʻzda tutilgan.

Uchrashuv yakunida Finlyandiya taʼlim tajribasini oʻrganish va uni Oʻzbekistonda joriy etish boʻyicha ishlab chiqilgan yoʻl xaritasini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?