Milliy fono-arxiv namunalari Rossiyadan yurtimizga olib kelinadi

16:15 27 Mart 2025 Jamiyat
111 0

Rossiyada saqlanayotgan “Shashmaqom”ga oid nodir audioyozuvlar va musiqa namunalari yurtimizga olib kelinadi. Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu tarixiy meros bir asrdan ziyod vaqt mobaynida Pushkin uyida saqlangan bo‘lib, uning tarkibida xalq musiqasiga oid noyob fono-arxiv materiallari mavjud.

XVIII asrda Buxoroda shakllangan maqomlar turkumi, o‘zbek va tojik xalqlari madaniy merosining eng muhim qismlaridan biri hisoblanadi. Uning ta’sirida Xorazm maqomlari, Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari kabi turli musiqiy an’analar rivojlangan.

Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu nodir merosga katta e’tibor qaratib, maxsus hujjatli filmlar va videokontentlar tayyorlashni rejalashtirgan. Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasida ushbu noyob musiqa namunalarini doimiy ravishda namoyish etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda “Shashmaqom”ga oid noyob qo‘lyozmalar, gramplastinkalar va san’at namunalari turli muzeylar va san’at uylarida saqlanadi. Rossiyadan keltiriladigan fono-arxiv esa bu boylikni yanada to‘ldiradi va musiqa san’ati taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbek kompozitorlari va bastakorlari hozir ham “Shashmaqom”dan ilhomlanib ijod qilishda davom etmoqda. Ushbu musiqa an’anasi nafaqat o‘tmish madaniy merosi, balki milliy san’atimiz kelajagini ham shakllantiruvchi qimmatli boylikdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер