Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida qanday noyob asarlar saqlanadi?
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining fondi nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham alohida eʼtibor topgan. Qoʻlyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati fondida yigirma sakkiz mingdan ortiq nodir kitoblar saqlanadi.
Jumladan, XIII-XIX asrlarda Movarounnahr, Xuroson, Turkiston zaminida bitilgan qoʻlyozma va toshbosmalar, XVII-XVIII asrlarda Gʻarbiy Yevropada chop etilgan kitoblar oʻzining betakror maʼlumotlar manbasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan bir qatorda,fonda saqlanayotgan ilk chop etilgan gazeta va jurnallar tadqiqotchilar tomonidan qiziqib oʻrganiladigan manbalardan biri hisoblanadi.
Jahon maʼnaviyatining buyuk siymosi, oʻzbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiyning asarlari hayotlik davridan to XIX asr oxirlarigacha koʻplab xattotlar tomonidan koʻchirilib, koʻpaytirilgan. Qoʻlyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati fondida shoirning bir necha asari saqlanyapti. Jumladan, “Mahbub ul qulub“asarining Qoʻqonda hijriy 1239/1824-yili kotib Mulla Xoliqnazar Usta Qurbon Beshariqiy tomonidan koʻchirilgan nusxasi bor.

Buxoroda 1300/1882-yilda kitobat qilingan “Xazoyinul maoniy“ (Maʼnolar xazinasi) devoni, “Xamsa“ning turli yillarda Toshkentda toshbosma usulida chop etilgan nusxalari mavjud. Gʻarbiy Yevropada bosmaxonalar paydo boʻla boshlagandan soʻng koʻplab nodir asarlar matbaa yoʻli bilan chop etildi. Jumladan, Alisher Navoiyning qadimgi shohliklar tarixiga oid “Tarixi mulki ajam“ asari “Tarixi Fanoyi“ nomida birinchi marta Venada 1785-yilda chop etilgan. “Navoiy asarlaridagi oʻzbekcha soʻzlarning forscha izohi” lugʻati Nazarali Sayyid tomonidan tuzilgan. Qoʻlyozma kitobda Alisher Navoiy sheʼrlarida uchraydigan turkiy tilidagi soʻzlarning fors tilidagi tarjimasi keltirilgan. Lugʻat muqaddima, uch bob va xotimadan iborat. Umuman olganda kutubxonaning Qoʻlyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati fondida Alisher Navoiy asarlarining 18 ta qoʻlyozma va toshbosma kitoblari, hamda 50 dan ortiq turli davr va mintaqalarda chop etilgan nashrlari mavjud. Fransuz tilidagi “Sharqiy turk tili xrestomatiyasi”ning birinchi qismi nomli kitobda Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn“ (“Ikki til muhokamasi”), “Tarixi mulki Ajam“ (“Eron shohlari tarixi“) asarlaridan sharqiy turk tilini oʻrganish maqsadida matnlar keltirilgan. Rus sharqshunos olimi Vladimir Vladimirovich Velyaminov-Zernovning “Chigʻatoy-turkiy lugʻat”i Alisher Navoiy asarlaridan olingan soʻz va iboralar asosida tuzilgan. 1697-yili Parijda fransuz tilida nashr etilgan sharqshunos Bartolomey Erbeloning “Bibliotheque orientale” (“Sharq kutubxonasi” yoki “Sharq ensiklopediyasi”)da Oʻrta Osiyoda yashab ijod etgan ulugʻ olim, shoir, davlat arboblaridan yuzga yaqini shuningdek, Alisher Navoiy haqida xam maʼlumotlar keltirilgan.
Shuningdek, Milliy kutubxona fondi Buyuk Britaniya kutubxonasi tomonidan Oʻzbekiston Hukumatiga taqdim etilgan Alisher Navoiyning“Gʻaroib us-sigʻar” asarining muallif zamonasiga juda yaqin davrda, XVIasrda koʻchirib yozilgan, kitobat sanʼatining noyob durdonasi nomiga munosib qoʻlyozma nusxasining elektron shakli bilan boyidi.

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida saqlanayotgan va tarixiy, ilmiy,badiiy, madaniy qimmatga ega boʻlgan nodir nashrlarning bibliografik va toʻliq matnli bazasini shakllantirish hamda uni toʻldirish boʻyicha Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida dastur yaratildi. Bu milliy dasturning afzalliklari foydalanuvchi (www.nodir.natlib.uz) Online tizimida Internet orqali qoʻlyozmalar, nodir kitob, albom, gazetalar katalogi hamda toʻliq matn bilan tanishish imkoniga ega boʻladi . Dasturda qoʻlyozmalar, nodir kitoblar saqlovchi kutubxona, arxiv, institut, muzeylar maʼlumotlar bazasi bilan ulanish, ayrim foydalanuvchilar uchun (olimlar, mutaxassis, tadqiqotchilar uchun) qoʻshimchalar kiritish imkoniyati mavjud. Mazkur dastur yordamida foydalanuvchiga qisqa vaqtda barcha axborot resurslarini bir makonga umumlashtirish, keng koʻlamli maʼlumotlarni sifatli taqdim etish imkonini beradi. Alisher Navoiyning ushbu asari ham boshqa asarlari qatori katalogga tavsifi kiritildi. Ushbu dasturiy taʼminotni samarali joriy qilinishi foydalanuvchilar, mutaxassis olimlarga hamda talaba yoshlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida fondlardan keng foydalanish imkonini yaratadi.
Nargiza ZOITOVA,
Qoʻlyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring