Oʻzbekiston majburiy mehnatga qarshi kurashishda muvaffaqiyatga erishish boʻyicha jahonga namuna boʻlmoqda

22:15 22 Iyun 2022 Siyosat
709 0

Vashingtonda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi xalqaro biznes boʻyicha AQSH Kengashi maydonida Cotton Campaign koalitsiyasining “paxta boykoti” bekor qilingani bilan bogʻliq brifing oʻtkazdi.

Unda “Hanesbrands”, “Wallmart”, “Home Depot”, “Target” chakana savdo gipermarketlari tarmoqlari, AQSH toʻqimachilik kompaniyalari manfaatlarini ifodalovchi yuridik va lobbichilik tuzilmalari, “Crowell & Moring”, “Seyfarth Shaw”, “Arnold & Porter”, “Braddon Group” kabi yetakchi brendlar vakillari ishtirok etdi.

“Walmart” AQSH va dunyodagi yeng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biridir. Kompaniyaning AQSHning oʻzidagi yillik aylanmasi taxminan 523 mlrd dollarni tashkil etadi, shundan 23 mlrd dollar toʻqimachilik hisobiga toʻgʻri keladi. Ushbu sohadagi “Target” va “Home Depot” koʻrsatkichlari mos ravishda taxminan 12 mlrd dollar va 10 mlrd dollarni tashkil etadi.

Brifing ishtirokchilariga mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish boʻyicha institutsional asoslar va huquqni qoʻllash amaliyotini mustahkamlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligida, paxta yigʻim-terimi jarayonini mexanizatsiyalash va klaster tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Paxta yigʻim-terimi jarayonini mustaqil monitoring qilish, XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, xorijiy va mahalliy NNT bilan faol hamkorlik qilish imkoniyatlarini toʻliq taʼminlashga eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston klaster tizimi doirasida mehnat amaliyoti boʻyicha toʻliq shaffoflik va ishlab chiqarish siklining barcha bosqichlarini kuzatish mumkin boʻlgan zamonaviy korxonalarni yaratish boʻyicha saʼy-harakatlar tushuntirildi.

Brifingda ishtirok etgan USCIB vitse-prezidenti Gabriyella Xerzog Oʻzbekiston majburiy mehnatga qarshi kurashishda muvaffaqiyatga erishish boʻyicha jahonga namuna boʻlayotganini, bu 2022-yil may oyida boʻlib oʻtgan Bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha 5-global konferensiyada mamlakat tajribasini namoyish etayotganini koʻrsatdi.

USCIB vakili XMT bilan hamkorlikda “Better Work” dasturining Oʻzbekistonda amalga oshirilishini olqishladi. Uning fikricha, ushbu dastur nafaqat ish sharoitlarini yaxshilash, balki global toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berish global tizimlarida raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkonini beradi.

Oʻz navbatida, XMT Vashington ofisi direktori Kevin Kassidi 2021-yilda paxta yigʻim-terimini monitoring qilish natijalari haqida soʻz yuritar ekan, Oʻzbekistonda tizimli majburiy mehnatga toʻliq barham berilganini, paxta terimchilari uchun toʻlovlar miqdori sezilarli darajada oshirilganini, ularning jamoa shartnomalarida ishtirok etish imkoniyatlari taʼminlanganini, monitoring jarayoniga fuqarolik jamiyati jalb etilganini tasdiqladi. XMT vakili respondentlarning 83 foizi mehnat sharoitlari sezilarli darajada yaxshilanganligini qayd etdi.

AQSH ishbilarmon doiralari orasidan tadbirda ishtirok etganlar ham Oʻzbekistonning majburiy mehnatga barham berish sohasidagi yutuqlarini mamnuniyat bilan qarshi oldi. Dunyodagi eng yirik gipermarketlar tarmoqlaridan biri “Wallmart«ning hukumat bilan aloqalar boʻyicha menejeri Anbin Fan qisqa vaqt ichida koʻrilgan chora-tadbirlar koʻlami hayratda qolarli ekanini taʼkidladi. “Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati sohasida dunyoda yetakchi oʻrinni egallash uchun ulkan salohiyatga ega”, – dedi AQSH kompaniyasi vakili.

Brifing davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga, jumladan, Oʻzbekiston toʻqimachilik klasterlarining ishlab chiqarish zanjirida, ularning vertikal integratsiya, tayyor toʻqimachilik mahsulotlarining logistikasi va eksport bozorlari tizimida xizmat koʻrsatishni taʼminlashning mavjud mexanizmlari toʻgʻrisida ham izohlar berildi.

1945-yilda xalqaro tashkilotlar, xorijiy va Amerika davlat idoralarida AQSH kompaniyalari manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun taʼsis etilgan Xalqaro biznes boʻyicha AQSH Kengashi (USCIB) 1500 dan ortiq jahon brendlari va reteylerlarini birlashtiruvchi Amerika kiyim va poyabzal uyushmasi (AAFA) hamda AQSH Moda industriyasi uyushmasi (USFIA) bilan birga Qoʻshma Shtatlardagi uchta yirik nodavlat tashkilotlardan biri hisoblanadi, ular AQSHning oʻzida 350 mlrd AQSH dollaridan ortiq miqdorda toʻqimachilik mahsulotlari sotuvining yillik hajmini taʼminlaydi. USCIB xalqaro savdo, investitsiyalar, atrof muhitni muhofaza qilish va ishchilar huquqlari erkinligi bilan bogʻliq masalalarda AQSH korxonalarining manfaatlarini himoya qiladi. USCIB 300 dan ortiq transmilliy korporatsiyalarni, yirik yuridik firmalar va biznes uyushmalarini birlashtiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?