Oʻzbekiston lolasi
Oʻzbekiston Qahramonlari
Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi Lolaxon Murotova mamlakatimizning eng taniqli fermerlaridan biri sifatida eʼtirof etilishi bejiz emas. Boisi qishloq xoʻjaligi sohasida qariyb qirq besh yillik faoliyati mobaynida Lolaxon Murotova juda katta hayotiy va ilmiy tajribaga ega boʻlib, paxtachilik va gʻallachilik sohasida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritib kelmoqda.
Lolaxon Murotova — qishloqdoshim. U koʻz oʻngimda loladek ochilib, unib-oʻsib kelmoqda. Otasi bilan jamoa xoʻjaligida tabelchilik kilgan paytlarimdan yaxshi tanish edim. Traktor parkida mexanik boʻlib ishlardi. Lolaxon bir hovuchligidanoq otasining kasbiga qiziqib yurardi. Maktab oʻquvchiligi paytidan traktor mingan. Mexanizatorlar bilim yurtini tamomlab, oʻz kasbining egasi boʻlib oldi. Qisqa muddatda paxta terish mashinasini mohirona boshqarib, avval Oltiariqda, keyin esa viloyatda nom qozondi. Undan keyin yoshlar paxtachilik brigadasiga rahbarlik qildi. Shu-shu oʻsishni boshlab jamoa xoʻjaligida boʻlimni boshqardi. Shirkat xoʻjaligi raisi boʻldi. Fermerlik harakati tashkil topgandan keyin birinchilar qatorida oʻzi rahbar boʻlgan qumloq joylardan yer olib, fermerlik qila boshladi.
Lolaxon yerga mehrini berdi. Yer unga bagʻrini ochdi. Yangi yerlarni oʻzlashtirishda hammadan faol boʻldi. Oʻzi tinim bilmadi, boshqalarni ham tindirmadi. Bir qarasangiz, mutasaddilardan texnika soʻragan, bir qarasangiz, fermerlikda yangi tashabbuslarni ilgari surgan. Shunisi eʼtiborliki, talabchan yer egasi boʻlish bilan birga, Lolaxon ishchilarga gʻamxoʻrlik qilishni ham, ularni ishlatishni ham biladi.
U — haqiqiy dehqon qizi. Yer bilan tallashadi. Baʼzi tomorqachilar oʻzining 10 sotixli xoʻjaligini eplolmasligi mumkin. Lekin Lolaxon yuzlab gektar yerlarining qaysi joyida qanday ekin yaxshi unadi, maydon qancha hosil koʻtara oladi, shoʻrlangan joylari qayer — hammasini besh barmogʻidek biladi.
Dala — Lolaxonning goʻyo ikkinchi uyi. U mehnatni sevadi. Zar qadrini zargar bilganidek, har qarich yerdan unumli foydalanishga intiladi. Mana, shu xislatlarini bilgan oltiariqliklar bundan 10-15 yil avval Lolaxonga endi qaxramonlik berilsa kerak, deb yurishardi. Mana, oʻsha yaxshi niyatlar roʻyobga chiqdi: Prezidentimizning 28-avgustdagi Farmoniga muvofiq, Lolaxon Murotovaga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berildi. Bu nihoyatda adolatli ish boʻldi. Lolaxon shu paytgacha koʻp ezgu ishlar qildi. Ushbu yuksak unvon unga katta ragʻbat boʻlib, yangi-yangi qahramonliklarga undashi tayin.
Anvar OBIDJON,
Oʻzbekiston xalq shoiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring