O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi — AQSHda

23:42 27 Fevral 2025 Jamiyat
165 0

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti delegatsiyasi Amerika Qo‘shma Shtatlarida tashkil etilgan “Oromgoh xarakterni shakllantiradi” shiori ostidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, Amerika oromgohlari Assotsiatsiyasi 1910-yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQSHning oromgoh dasturlari xavfsizligi va sifati uchun yuqori standartlarni ishlab chiquvchi va oromgohlarni akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi nufuzli tashkilot hisoblanadi. Assotsiatsiyaning bir asrdan ziyod faoliyati natijasida AQSH oromgohlari dunyodagi eng yaxshi, xavfsiz, sifatli va so‘lim oromgohlarga aylangani bejiz emas. Mazkur tashkilot bugungi kunda AQSHdagi bolalar, o‘smirlar,  yoshlar, oilalar, mustaqil ta’lim oluvchilar uchun mo‘ljallangan 3765 ta turli oromgohlarni birlashtiradi.

14 ta davlatdan 2000 nafarga yaqin delegat ishtirok etayotgan mazkur konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti direktori Anvarjon Abdumuxtorov ishtirokchilarga Yangi O‘zbekistonda yosh avlod vakillari kamoloti yo‘lida mamlakatimiz Prezidenti tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, bolalarni sog‘lomlashtirish borasidagi qator loyihalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, delegatsiya vakillari konferensiya doirasida tashkil etilgan “Oromgohlarda foydalaniladigan zamonaviy jihozlar, texnika va texnologiyalar yarmarkasi” bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan so‘ng do‘stona hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti hamda Amerika oromgohlari Assotsiatsiyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hamkorlik memorandumining amaliy ijrosi sifatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti vakillari AQSHning Texas, Florida va Nyu-York shtatlaridagi qator bolalar oromgohlari faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldilar.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?