Oʻzbekiston futzal terma jamoasidan irodali gʻalaba
Kecha, 19-dekabr kuni Buxoro viloyatida joylashgan “Universal” sport majmuasida futzal boʻyicha xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston futzal terma jamoasi va FIFA reytingida 7-oʻrinni egallab turgan Rossiya futzal terma jamoasi oʻzaro raqobatlashdi.
Sport ishqibozlari katta qiziqish bilan kutgan Oʻzbekiston – Rossiya oʻrtasidagi bahs “oq boʻrilar”ning ajoyib kambeki va irodali gʻalabasi bilan yakunlandi. Birinchi taymdan keyin 0:2 hisobida ortda qolayotgan Nodir Eliboyev shogirdlari ikkinchi boʻlimda xarakter namoyon etib, raqib darvozasiga javobsiz uchta gol urishga muvaffaq boʻlishdi.
Uchrashuv teng kurashlar ostida boshlandi. Dastlabki oʻn daqiqa ichida Oʻzbekiston terma jamoasi ikki bor gol urish imkoniyatini yaratdi, ammo vaziyatlardan foydalana olmadi. Rossiya termasining esa ilk xavfli hujumi gol bilan yakunlandi — Anton Sokolov hisobni ochdi. Ushbu gol futbolchilarimiz ruhiyatiga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatdi. 14-daqiqada esa jarima maydoni ichida Grigoriy Valeyev eʼtibordan chetda qoldi va hisob 0:2 koʻrinishiga keldi.
Ikkinchi taymning ilk soniyalaridanoq tanaffus paytida murabbiylar shtabi futbolchilar bilan toʻgʻri ishlagani yaqqol sezildi. Tashabbusni toʻliq qoʻlga olgan Oʻzbekiston terma jamoasi mehmonlarni oʻz jarima maydoniga qamab qoʻydi. Uzoq vaqt gol ura olmaslik futzalchilarimizning ishtiyoqini soʻndirmadi, aksincha, gʻalabaga boʻlgan intilishni yanada kuchaytirdi.
33-daqiqada Muzaffar Axadjonov individual mahorat evaziga hisobni qisqartirdi — 1:2. Oradan toʻrt daqiqa oʻtib, Shahram Faxriddinov qanotdan uzatilgan toʻpni aniq zarba bilan darvoza toʻriga joyladi — 2:2. Uchrashuvning soʻnggi soniyalarida esa Akbar Usmonov Rossiya jamoasining “sunʼiy koʻpchilik bilan hujumga oʻtish” taktikasini jazolab, gʻalaba golini kiritdi — 3:2!
Qayd etish joiz, bu Oʻzbekiston futzal terma jamoasining qisqa vaqt ichida jahonning TOP–10 taligidan joy olgan ikkinchi raqib ustidan qoʻlga kiritgan gʻalabasi boʻldi. Avvalroq, Islom birdamligi oʻyinlari arafasida Toshkentda Qozogʻiston terma jamoasi 2:1 hisobida magʻlub etilgan edi. Endi esa Rossiya terma jamoasi Buxoroda magʻlubiyatni tan oldi.
Bosh murabbiy Nodir Eliboyev va uning jamoasi Osiyo kubogi–2026 musobaqasiga tayyorgarlikni toʻgʻri yoʻnalishda olib borayotganini yana bir bor isbotladi. Ammo bu bilan cheklanib qolmaslik zarur. Izlanish va mehnat izchil davom ettirilgan taqdirdagina qitʼa chempionatida qoʻyilgan maqsadlarga erishish mumkin boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring