Oʻzbekiston fuqarosiga oʻzining vatanida chet el fuqarosi bilan bir xil talab qoʻyilyapti. Juda dolzarb qonun loyihasi haqida faqat bittagina deputat fikr bildirdi

13:02 20 Avgust 2024 Siyosat
412 0

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi va turar joyi boʻyicha xabardor qilishi tartibi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, respublikamizda doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joy boʻyicha roʻyxatga olishning yagona tartibini joriy etishga qaratilgan.

Tashabbuskorlar ushbu qonun loyihasini fuqarolarni doimiy yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tizimi aholi statistikasini yuritish, hududlar infratuzilmasini shakllantirish, pensiya, tibbiy taʼminot, ijtimoiy xizmatlar va davlat xizmatlari koʻrsatishni rejalashtirishda, mavjud resurs va mablagʻlarni toʻgʻri taqsimlashda, aholi bandligini taʼminlashda, harbiy roʻyxat yuritishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirgan.

Bundan tashqari, ular bugungi kunda amalda boʻlgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Qonun sababli fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishda byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelayotganini ham vajlardan biri sifatida sanab oʻtgan.

Muhokama markazidagi mazkur qonun loyihasi bilan yuqorida taʼkidlangan huquqiy norma bekor qilinib, respublika boʻyicha fuqarolarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishining yagona tartibini joriy etish, shuningdek, vaqtincha turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtish tartibini takomillashtirgan holda turar joy boʻyicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilishi mumkin.

“Endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida roʻyxatga olish tartibi boʻlmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika boʻyicha bir xil tartib amal qiladi”, deydi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ashrafov Ramazon.

Qayd etish kerakki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda boʻlib turgan har kim mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi mustahkamlab qoʻyilgandi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan koʻp yillar davomida xalqimizni qiynab kelgan, eskilik sarqiti boʻlgan propiska tizimini bekor qilish, bu borada belgilangan turli byurokratik toʻsiqlarni olib tashlash, xususan, propiskasiz fuqarolarni ishga olganlik uchun ish beruvchining javobgarligini bekor qilish boʻyicha muhim tarixiy islohotlar amalga oshirildi.

Ushbu qonun loyihasining ahamiyati uning nomidan ham aks etib turibdi. Shunga qaramasdan, yalpi majlisda faqatgina Milliy Tiklanish partiyasi deputati Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi Oʻktam Islomovdan tashqari birorta deputat savol va takliflarni bildirmadi.

“Qonun loyihasi juda dolzarb va qabul qilinishi lozim boʻlgan qonunlarda. Shunga qaramasdan, ushbu qonun loyihasida baʼzi bir konseptual noaniqliklar mavjud. Xususan, 13-moddada Oʻzbekiston fuqarosiga oʻzining vatanida chet el fuqarosi bilan bir xil talab qoʻyilyapti. Aytaylik, Oʻzbekiston fuqarosi oʻz yashash joyini oʻzgartirgan kunida xabardor qilishga majbur boʻlyapti. Biz esa ichki turizm haqida gapiryapmiz. Chet el fuqarosi esa xabardor qilishga majbur”, dedi deputat.

Boshqa savollar boʻlmadi va majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Avvalroq, Vodiydagi jinoiy guruhga sud hukmi oʻqilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер