Oʻzbekiston eshak goʻshti import qiladimi?
Bu savolni dabdurustdan oʻrtaga tashlayotganimiz yoʻq. Bojxona qoʻmitasining goʻsht mahsulotlari importiga doir maʼlumotida xorijdan olib kelingan tovarlar roʻyxatida ot va eshak goʻshti ham turibdi-da!
Unda keltirilishicha, 2025-yilda Oʻzbekistonga 869 mln. dollarlik goʻsht va goʻsht mahsulotlari import qilingan. Shundan 661 mln dollarlik mahsulot (qariyb 157 ming tonna) qoramol goʻshti hissasiga toʻgʻri keladi. Bu 2024-yildagiga nisbatan miqdor jihatdan 67 foizga, qiymat jihatdan esa 80,5 foizga oshgan.
Shu bilan birga, roʻyxatda 2,6 mln. dollarlik salkam 830 tonna ot va eshak goʻshti import qilingani koʻrsatilgan.
Rostdan ham, Oʻzbekistonga xorijda eshak goʻshti kirib kelganmi?

Bunga aniqlik kiritish maqsadida Bojxona qoʻmitasiga murojaat qildik.
— Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlari nomenklaturasiga koʻra, tovarlarning tizimlashgan guruhi bor, — deydi Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyev. — Yaʼni tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlari kodida ot va eshak goʻshti bitta guruhga klassifikatsiya qilingan. Xuddiki, tuxum deyilganida tovuq tuxumi bilan birga, boshqa parrandalar tuxumi bir guruhga kiritilgani singari.
Masalaning yana bitta tomoni bor, tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlari nomenklaturasi xalqaro bazaga integratsiya qilingani uchun tovarlar guruhi avtomatik ravishda chiqib keladi. Ular butun dunyoda amalga qiladigan tovarlar guruhining kodlari hisoblanadi. Chunki eshak goʻshti Xitoy va boshqa ayrim davlatlar xalqlari uchun muhim va tansiq isteʼmol tovari sanaladi. Mamlakatimizga import qilingan goʻshtlar tarkibida “ot va eshak goʻshti” deb yozilgani bilan eshak goʻshti import qilinmagan.
Mutaxassislarning aniqlik kiritishicha, 2025-yilda 2,7 mln dollarlik 830 tonna ot goʻshti import qilinib, 2024-yildagiga nisbatan 4,1 barobar yoki 2 mln. dollarga oshgan. 2024-yilda 647 ming dollarlik 217 tonna import qilingan edi. Import Moʻgʻuliston (2,2 mln dollar) va Qozogʻiston (486 ming dollar), davlatlaridan amalga oshirilgan. Oʻzbekistonga eshak goʻshti importi amalga oshirilmagan.
Husan Tangriyevning qoʻshimcha qilishicha, Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati tizimdagi masʼul mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda, axborotni toʻlaqonli taqdim etish, chalkashlik va tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlari nomenklaturasidagi tovar guruhiga oʻzgartirish kiritilmoqda. Yaʼni import qilingan goʻsht mahsulotlari roʻyxatidan “eshak” soʻzi olib tashlanyapti. Yaqin soatlarda yangilangan roʻyxat eʼlon qilinadi.
— “Xalq soʻzi” gazetasining eʼtibori tufayli shu paytgacha ahamiyat berilmagan bitta masala hal boʻlyapti, buning uchun ijodiy jamoaga minnatdorlik bildiramiz, — deydi Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyev soʻzining yakunida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring