Oʻzbekiston — YEOII: tadbirlar rejasi ijrosida amaliy natijalarga erishildi

16:47 20 Aprel 2020 Jamiyat
1087 0

Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi — oʻta muhim dolzarb masala. Bu boʻyicha aniq tahlillarga tayanga holda xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, yagona xulosaga kelish maqsadga muvofiq. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu borada belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, parlament quyi palatasi Kengashining shu yil 26-martdagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrganishni tashkil etish boʻyicha ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanib, quyi palata tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar Rejasi qabul qilingan edi. Muxbirimiz bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal SAIDOV bilan suhbatlashdi.

— Akmal Xolmatovich, qabul qilingan Rejaga muvofiq, ayni paytgacha qanday tadbirlar amalga oshirildi?

— Haqiqatan ham, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasi jiddiy ahamiyatga ega boʻlib, ayni paytda parlament tomonidan integratsiyalashuv jarayonlari har tomonlama chuqur koʻrib chiqilyapti, ochiq tahlil qilinmoqda. Bu boʻyicha qabul qilingan tadbirlar Rejasiga keladigan boʻlsak, unga muvofiq bir qator yoʻnalishlarda aniq ishlar olib borildi.

Xususan, Qonunchilik palatasining 5 ta fraksiyasida YEOII bilan hamkorlik masalalariga bogʻliq barcha yoʻnalishlar oʻzlarining saylovoldi dasturi doirasida Hukumat vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida keng muhokama qilindi.

Shuningdek, quyi palataning 12 ta qoʻmitasida 31-mart — 6-aprel kunlari oʻz soha yoʻnalishlari boʻyicha YEOII bilan hamkorlik qilishda integratsiyalashuv jarayonlarining ijobiy va salbiy jihatlari bilan bogʻliq masalalar qizgʻin koʻrib chiqildi. Albatta, bunda 40 dan ortiq Hukumat vakillari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtiroki taʼminlandi.

Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitalari tashabbusi bilan soha yoʻnalishlari boʻyicha turkum “davra suhbat”lari tashkil etildi. Ahamiyatli jihati, ularda Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorlik boʻyicha koʻplab ijtimoiy dolzarb savollar oʻrtaga tashlandi.

10-aprel kuni oʻtkazilgan “Hukumat soati”da tegishli vazirlik, idoralar masʼullari ishtirokida Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorlik qilishdagi pozitsiyasi qizgʻin muhokama qilindi.

Shu oʻrinda kuni kecha “Parlament eshituvi”ning birinchi marotaba videokonferens aloqa shaklida tashkil etilganini alohida qayd etish joiz. Chunki bu hozirgi koronavirus pandemiyasi sharoitida parlamentda ish toʻxtab qolmasligiga, aksincha, deputatlarning masofadan turib, elektron tarzda faoliyat yuritishlarini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Shu bois “Parlament eshituvi”da Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri, Tashqi ishlar vaziri, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vaziri, Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Investitsiya va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari masofaviy tarzda ishtirok etdi. Unda mutasaddilar deputatlarning YEOII bilan hamkorlikning Oʻzbekiston uchun qanday muhim jihatlari borligiga oid savollariga batafsil, asosli javob berishdi.

— Amalga oshirilgan ishlar jamoatchilikka qanday yetkazildi?

— Olib borilgan saʼy-harakatlarni keng jamoatchilik vakillariga, umuman, xalqimizga yetkazishda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar koʻprik vazifasini oʻtadi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Qonunchilik palatasi fraksiyalari va qoʻmitalari tomonidan oʻtgan bir yarim oy ichida Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasi muhokamalariga oid 152 dan ziyod materiallar OAVda yoritilib, keng jamoatchilikka yetkazildi.

Xususan, oʻrganish jarayonida markaziy nashrlar, xususan, “Xalq soʻzi”da 35 ta maqola, televideniyeda fraksiyalar va qoʻmitalar tomonidan 3 ta teledebatlar, internet nashrlaridagi materiallar soni 60 dan ortiqni tashkil qildi. Internet saytlarida, xususan, “Kun.uz”, “Daryo.uz”da bir qator, shuningdek, parlamentning rasmiy saytida ham muntazam materiallar berib borildi.

Bundan tashqari, videokonferens aloqa tarzida oʻtkazilgan tadbirlar, xususan, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalarning kengaytirilgan jami 20 dan ortiq yigʻilishlari keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, ular tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masala boʻyicha aholi (elektorat) bilan doimiy muloqotlar tashkil etilayotgani eʼtiborga molik. Chunki fuqarolarning mazkur qizgʻin jarayonga qiziqishi ortib borayotganini bildirilayotgan munosabatlardan ham yaqqol koʻrish mumkin.

— Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot natijalari haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan bu boʻyicha, eng avvalo, tashabbusli tartibda soʻrov oʻtkazilgan boʻlsa, bevosita Qonunchilik palatasi deputatlarini qiziqtirgan masalalar boʻyicha tayyorlangan savolnoma asosida Markaz tomonidan ikkinchi marotaba, yaʼni 7 – 12-aprel kunlari ijtimoiy soʻrov oʻtkazilib, quyi palataga taqdim etildi.

Oʻtkazilgan tadqiqot natijasiga koʻra, “Jamoatchilik fikri shu maʼnoda yakdilki, Oʻzbekistonda mamlakatimiz Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining toʻla huquqli aʼzosi boʻlgach, qoʻlga kiritiladigan barcha imtiyozlar va barcha ehtimoliy salbiy oqibatlar chuqur tahlil qilinib, baholanganidan soʻnggina uzil-kesil qaror qabul qilinadi”.

Bundan tashqari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan ham sotsiologik soʻrovlar oʻtkazildi. Bunday sotsiologik soʻrovlar jamoatchilikning bu boradagi fikrini ilmiy tarzda oʻrganishga asos boʻlib xizmat qiladi.

— Tadbirlar Rejasidan tashqari, ushbu yoʻnalishda yana qanday ishlar roʻyobga chiqarilmoqda?

— Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasining ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini inobatga olib, aprel oyining boshida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining sohalar boʻyicha qoʻmitalarining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga oid masalani oʻrganish boʻyicha vazifalari Taqsimoti” tasdiqlandi. Hozirgi kunda ushbu belgilab olingan ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda yana bir jihatni qayd etish joiz. Ushbu dolzarb masala muhokamalarini sifatli oʻtkazish maqsadida Qonunchilik palatasining ichki lokal tarmogʻida “YEOII” maxsus tizimi orqali Vazirlar Mahkamasi tomonidan YEOIIga oid normativ-huquqiy hujjatlar, maʼlumotlar va tahliliy materiallar (uch ming betdan ortiq)ning barchasi joylashtirildi. Albatta, bu deputatlarning ushbu hujjatlar bilan tanishishga imkon yaratmoqda.

Ushbu koʻrsatilgan koʻmak va amaliy hamkorlik uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasiga oʻz minnatdorchiligini bildiradi. Zero, har bir masalani oʻzaro hamkorlikda hal etishdan maqsad — xalqimiz manfaatlarini taʼminlash, yurtimiz taraqqiyotini yuksaltirish sanaladi.

Ziyoda ASHUROVA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер