Oʻzbekiston dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi

21:23 27 Avgust 2021 Jamiyat
324 0

Oxirgi yillarda yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va ragʻbatlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar tanqidiy qayta koʻrib chiqilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik toʻsiq va gʻovlar bekor qilindi.

Ayniqsa, ana shunday eʼtibor yoshlarga berilgani tufayli soʻnggi toʻrt yilda 30 yoshgacha boʻlgan tadbirkorlar soni 5 barobar koʻpayib, 500 mingdan oshgani, ushbu soha rivojida muhim oʻrinni egallamoqda. Joriy yilda 92 mingdan ziyod yoshlarning innovatsion loyihalari uchun 2,3 trillion soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgani bunday yoshlarimiz safini yanada kengaytirishga sabab boʻldi.

Xususan, shu yilning 8 oyi mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 430 ming nafar yoshlarga muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bu yildan boshlab ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq miqdorini byudjetdan toʻliq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Bu esa joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard soʻm, kelgusi yilda esa 500 milliard soʻm mablagʻ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi, deganidir.

Bu jarayonda biz qonun ijodkorlari zimmasiga ham qator masʼuliyatli vazifalar yuklatilganki, ular ijrosini taʼminlash yangidan yangi qonun hujjatlarining yaratilishiga sabab boʻlayotir. Sohaga oid qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar sezilarli darajada oʻzgarmoqda, ayrim litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilyapti. Xususan, mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish borasida boshlangan islohotlarni davom ettirish maqsadida ilgʻor xorijiy tajribalar oʻrganilyapti. Jumladan, “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullandi.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida iqtisodiy nochor korxonalarni sogʻlomlashtirish choralari keng qoʻllanilishiga sharoit yaratiladi, toʻlovga qobiliyatsizlikning sogʻlomlashtirish taomillari qoʻllanilgan korxonalarda ayrim soliq toʻlovlarini toʻlash toʻxtatiladi.

Sirasini aytganda, koʻrilgan bu kabi choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi, tadbirkorlik subyektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bunday ijobiy oʻzgarishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan “Biznes yuritish-2020” hisobotida Oʻzbekiston 69-oʻrinni egallab, islohotlar miqyosi va samaradorligi boʻyicha dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi.

Albatta, mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga bu darajada katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki u bola-chaqasidan qiyib, toʻplagan mol-mulki, pulini yangi ish ochishga sarflaydi. Bir oʻziga emas, koʻpga foyda boʻlishini oʻylaydi. Zotan, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash – fuqarolar, xalqimiz farovonligini oshirishning eng samarali yoʻlidir.

Dilshod HAMZAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

 palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?