Oʻzbekiston dunyoda zaʼfaron yetishtiriladigan yirik beshta davlatlardan biriga aylanmoqda

09:11 21 Oktyabr 2021 Jamiyat
845 0

Italiyadan 20 million dona zaʼfaron piyozboshlari ortilgan yuk mashinalari Sloveniya, Vengriya, Polsha, Belarus, Rossiya va Qozogʻiston hududi orqali Jizzax viloyatiga yetib keldi.

Shu munosabat bilan bugun “BMB Trade Group” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi rasmiy vakillari, shuningdek, Italiyaning “Fin Opera” kompaniyasi vakili Massimo Busjeni, Tojikistonning “AVAS Engineering” kompaniyasi raisi Azim Hakimov, Koreya Respublikasining “KGH” kompaniyasi mutaxassisi Jina Park ishtirokida zaʼfaron oʻsimligini yetishtirish hamda plantatsiyalarini tashkil etish, ularni sanoat usulida qayta ishlashning samarali tizimini rivojlantirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Avval xabar qilganimizdek, “BMB Trade Group” kompaniyasi Jizzax viloyatidagi 200 gektar yer maydonida zaʼfaron plantatsiyalarini barpo etdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston dunyodagi zaʼfaron yetishtiriladigan eng yirik beshta davlatlardan biriga aylanmoqda.

– Jizzax zaminiga ekilayotgan zaʼfaron piyozboshlari bevosita Italiyadan olib kelinmoqda, - dedi kompaniya Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov. – Uni yetishtirish jarayoni italiyalik mutaxassislar bilan birgalikda nazorat qilib borilmoqda. Parvarishlash jarayonida hech qanday kimyoviy mineral oʻgʻitlar qoʻllanilmaydi. Quvonarlisi, chekilgan zahmatli mehnat oʻz mevasini berdi – 2020-yilda ilk hosil terib olindi. Eʼtiborlisi, milliy mahsulotimiz Yevropaning mashhur “Analisi Chimiche Ed Ecologiche Sas” hamda “Laboratori di Ricerche Analitiche e Tecnologiche su Alimenti e Ambiente” laboratoriyalarida ikki bosqichli tekshiruvlardan oʻtkazildi hamda tahlil natijalariga koʻra, oliy navli, deb tan olindi. Mazkur jihatlar mutaxassislarning kompaniya tomonidan yetishtirilayotgan zaʼfaron mahsuloti Yevropaning noziktaʼb isteʼmolchilari orasida oʻz oʻrniga ega boʻlishi shubhasiz, degan fikriga asos boʻlmoqda.

Bundan sal avvalroq kompaniyaga AQSH Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA – Food and Drug Administration) Oʻzbekistondan AQSHga zaʼfaron mahsulotini eksport qilishga ruxsat berdi. Bu esa AQSHning farmatsevtika sanoatidagi yirik kompaniyalar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun keng yoʻl ochib berdi.

Shu bilan birga, BMB Trade Group kompaniyasi mahsuloti hademay Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya bozorlaridan ham oʻrin egallaydi. Joriy yil Koreya Respublikasining “KGH” kompaniyasi bilan ham eksport shartnomasi imzolandi.

AVAS Engineering (Tojikiston) kompaniyasi bilan hamkorlikda “BMB-Avas Zaʼfaron” Oʻzbekiston-Tojikiston qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida “BMB Trade Group” kompaniyasining joriy yil iyun oyida italiyalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 15 million yevro qiymatidagi eksport shartnomasining imzolanishi, iyul va avgust oylarida esa “BMB Zaʼfaron” milliy brendi ostida 1,1 million yevrolik dastlabki mahsulotning Italiyaga eksport qilinishi yuqoridagi ishlarning ilk nishonasi boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?