Oʻzbekiston Bosh vaziri Tojikiston Prezidenti bilan uchrashdi

21:51 17 Fevral 2026 Siyosat
428 0

Foto: Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati

Bugun, 17-fevral kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon amaliy tashrif bilan Dushanbe shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri muhtaram Abdulla Aripovni qabul qildi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, uchrashuv davomida tomonlar Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holati hamda istiqbollarini muhokama qilgan. Hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish yoʻnalishlari koʻrib chiqilgan.

Oʻzaro savdo aylanmasi va investitsiyaviy hamkorlik koʻrsatkichlari barqaror oʻsib borayotgani qayd etilgan. Emomali Rahmon sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va boshqa oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlagan.

Tomonlar, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalar almashinuvini kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Tojikiston rahbari savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning samarali faoliyatini alohida qayd etgan. Mazkur komissiyaning navbatdagi yigʻilishi shu kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibining barcha yoʻnalishlari boʻyicha konstruktiv va ishonchli davlatlararo muloqotni davom ettirish muhimligi taʼkidlangan. Shu bilan birga, joriy yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarga puxta tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilinib, davlatlararo tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер