Oʻzbekcha oʻrganishga soʻz bergan “Jaloliddin”, oʻzbek aktyorlari bilan “til topishib” ketgan “Sulton Alovuddin“. Soʻz “Mendirman Jaloliddin” seriali aktyorlariga

18:21 16 Fevral 2021 Madaniyat
1520 0

14-fevral kuni “Milliy” telekanali orqali turk va oʻzbek ijodkorlari hamkorligining mahsuli boʻlgan “Mendirman Jaloliddin” tarixiy badiiy serialining birinchi qismi efirga uzatildi. Birinchi qism premyerasidan soʻng filmda ishtirok etgan turk va oʻzbek kinoaktyorlari, madaniyat xodimlari, jurnalistlar hamda sanʼat vakillari bilan jonli efirda suhbat tashkil etildi.

“Xalq soʻzi” Jaloliddin Manguberdi obrazini gavdalantirgan Turkiyalik aktyor Emre Kiviljimning fikrlari bilan qiziqdi.

Emre Kiviljim oʻzbek aktyorlari bilan ishlash qiyinchilik tugʻdirmaganini aksincha judayam oson boʻlganini, suratga olish davomida oʻzbek aktyorlari turk tilidan dars olishganini aytarkan, keyingi safar u ham, albatta, oʻzbek tilini oʻrganish niyatida ekanligini aytdi.

“Bu safar, Inshalloh, biz oʻzbekcha oʻrganamiz. Soʻz beraman, oʻzbekcha oʻrganaman. Kelasi safar kelganimda oʻzbekcha gaplashamiz” (kulib).

Bundan tashqari Emre Kiviljim Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari Buxoro, Samarqandga sayohat rejalashtirgani, ular orasida eng koʻp Xorazmga borishni istashini aytdi.

“Eng koʻp Xorazmga borishni istayman. U yerlarni koʻrishni istayman. Eski madaniyat, u tuproqlarga Jaloliddin oʻlaroq qadam bosishni, u tuproqlarni oʻz qoʻlim bilan ushlab koʻrishni istayman”.

Emre Kiviljim kelajakda yana oʻzbek ijodkorlar bilan hamkorlik mavzusida soʻzlarkan uzun bir yoʻlga chiqishgani va faqat bu serial emas balki koʻplab loyihalardagi hamkorlik uzoq yillar davom etishini aytdi.

Serialda Sulton Alovuddin rolini mahorat bilan ijro etgan turk aktyori Kaan Yalchinni ham suhbatga tortdik va oʻzbek ijodkorlari bilan ishlash qanday kechgani, u ijro etgan obraz haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.

“Yoʻq, oʻzbek aktyorlari bilan ishlash hecham qiyin boʻlmadi. Ular oʻz ishlarining ustasi, professional va judayam ochiq kayfiyatli insonlar ekan. 

Men gavdalantirgan Sulton Alovuddin obrazi haqida gapirsam, u shunday insonki, agar oʻziga qoʻyib berilganida, qarorlari faqat oʻzidan chiqqanida judayam foydali bir inson boʻlardi. Ammo Turkon Xotunning taʼsiri, saroydagi oʻyinlar unga oʻzi qaror qabul qilishiga yoʻl qoʻymaydi. Bular uning iqtidorida, qarorlarida baʼzi nomuvofiqliklarga sabab boʻladi. Sulton Alovuddin aslida vatanini, xalqini, tuproqlarini sevgan bir adolatli hukmdor”.

Aktyor Oʻzbekistonga safari, mamlakat haqidagi taassurotlari haqida ham gapirdi.

“Toshkentga kecha keldik, hali koʻp joylarga borishga fursat boʻlmadi. Hozircha faqat mehmonxona atrofini kezdik xolos. Bu yerdagi doʻstlarimiz sogʻ boʻlishsin, ular bizni oqshom oʻz uylarida ham mehmon qilishdi. Mazali taom yedik birgalikda. Koʻp joylarga borishga fursat boʻlmadi, Inshalloh, hammasi rejadagidek boʻlsa ertaga Samarqandga boramiz. Mening haqiqiy saroyim Xorazmda ekan (kuladi) lekin Samarqandda ham mening saroyimga oʻxshash joylar koʻp ekan, u yerlarni ham aylanib kelamiz”, deydi Kaan Yalchin.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Bozdagʻ film” tomonidan suratga olingan “Mendirman Jaloliddin” serialining birinchi qismi 14-fevralda “Milliy” telekanalida efirga uzatildi.

Oʻtkirbek Qahhorov suhbatlashdi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?