“Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ tashkil etildi

18:06 24 Aprel 2021 Hujjatlar
1208 0

“Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xomashyo bazasini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga koʻra, geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, “Qizilqumgeologiya” AJ, “Samarqandgeologiya” AJ, “Surxongeologiya” AJ, “Hisorgeologiya” AJ, “Toshkentgeologiya” AJ, “Markaziy laboratoriya” DUK va “Geoburtexnika” DUKlarni birlashtirish yoʻli bilan ular negizida “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ tashkil etildi.

Hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirish orqali respublika mineral-xom ashyo bazasi rivojlantirilishini taʼminlash Aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Qaror bilan “Davlat geologiya qoʻmitasi tizimida faoliyat yuritayotgan korxonalarni isloh qilish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va raqamlashtirishni keng joriy qilish boʻiycha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

“Yoʻl xaritasi”da, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

joriy yilda 50 ta kon va istiqbolli maydonlarni mahalliy va jorijiy investorlarga ochiq va shaffof mexanizmlar asosida foydalanishga berish;

“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish;

 geologiya sohasida olib borilayotgan 57 ta ilmiy tadqiqot (tajriba-uslubiy, fundamental, amaliy va innovatsion) loyihalarini amalga oshirish.

Qarorga koʻra, davlat geologiya qoʻmitasining yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

2022-yildan boshlab yer qaʼridan foydalanuvchilar har yili 1-fevralga qadar geologiya qidiruv ishlari va foydali qazilma zaxiralarini koʻpaytirishning oʻtgan yilda erishilgan natijalari hamda joriy yilga rejalashtirilgan hajmi boʻyicha tegishli maʼlumotlarni Davlat geologiya qoʻmitasiga taqdim etilishi talab etiladi.

Shuningdek, qarorga koʻra:

➖ geologik jihatdan kam oʻrganilgan yer qaʼri uchastkalarini xalqaro standartlar asosida bloklar (maydonlar)ga ajratish tizimi joriy etiladi;

➖ kam oʻrganilgan yer qaʼri uchastkalaridan geologik jihatdan oʻrganish uchun foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalar “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda beriladi;

➖ oʻrganilganlik darajasi va kon ochish salohiyati yuqori boʻlgan maydonlardan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalar “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida oʻtkaziladigan auksion natijalariga koʻra beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?