Oʻzbek atlasini dunyo tanidi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Margʻilondagi oʻziga xos ipakchilar shahri ikki ming yillik tarixga ega. Emishki, koʻhna kent hunarmandlari oʻz mahsulotlarida azaldan Kumushbibi singari oychehralar siymosini aks ettiradi. Ulugʻ alloma Muhammad al-Margʻiloniy oʻz asarlaridan birida ushbu shaharni lolaning yonogʻiga toʻkilgan bir tomchi shabnamga qiyoslagani ham bejiz emas.
Jahon hunarmandlari shahri maqomiga ega Margʻilon “Atlas bayrami” festivali uchun mamlakatimiz hududlaridan tashqari, 30 ga yaqin davlatdan kelgan hunarmandlar, dizaynerlar, rassomlar hamda sayyohlarni munosib kutib oldi.
Hunarmandchilikni rivojlantirish markazida festivalning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Tantanali tadbirda taʼkidlanganidek, yildan yilga nafaqat ishtirokchilar soni, ezgu loyihalar, ilmiy-amaliy tajriba almashish koʻlami ortib borayotgan ushbu festival anʼanaviy toʻqimachilik sohasiga xos bilim hamda koʻnikmalarni targʻib qilishda jahon hamjamiyatida oʻziga xos muloqot maydoniga aylandi. Shu bilan birga, anjuman hunarmandlar, dizaynerlar, moda sohasi mutaxassislari, ishlab chiqaruvchilar va toʻqimachilik boʻyicha mutaxassislarga yangi gʻoyalar uchun zamin yaratmoqda.
YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Butunjahon hunarmandchilik kengashi va Respublika “Hunarmand” uyushmasi, Turizm qoʻmitasi hamda Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan bu galgi festival tadbirlari ham rang–barangligi bilan eʼtirofga sazovor boʻldi.
Ochilish marosimida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan jalb etilgan hunarmand va dizaynerlar uchun oʻtkazilgan bir haftalik seminar ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi. Shundan soʻng dasturlar doirasida festival tarixiga bagʻishlangan fotosuratlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Hunarmandlar markazida anʼanaviy mato va ipak gilam toʻqimachiligi boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.
Erkin Vohidov nomidagi Ijodkorlar bogʻida “Meros va taraqqiyot: Oʻzbekistonning nomoddiy madaniy merosi bozori salohiyatini oʻrganish” mavzusida davra suhbati, “Yodgorlik” korxonasida anʼanaviy mato toʻqimachiligi boʻyicha muloqot, Hunarmandchilikni rivojlantirish markazida yosh dizaynerlarning liboslar namoyishi boʻlib oʻtdi.
Bayram tadbirlari xalq sayli bilan yanada shukuhli oʻtdi. Ijodkorlar bogʻi yoʻlaklarini mamlakatimiz viloyatlaridan tashrif buyurgan hunarmand va dizaynerlar oʻzlarining bejirim mahsulotlari bilan bezadi. Folklor ansambllarining qadrdon kuy-qoʻshiqlari, qoʻgʻirchoq teatri tomoshalari barchaga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Raqamli texnologiyalar markazida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Akbar Hakimov boshchiligida “Zamonaviy dunyoda badiiy toʻqimachilik rivojining ekologik tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy– amaliy konferensiya, soʻlim xiyobonda askiya jamoalari oʻrtasida “Xush kayfiyat” respublika koʻrik–tanlovi, Hunarmandlar shaharchasidagi mahsulotlar koʻrgazmalari barchaga birdek manzur boʻldi. Bayram kunlari shahar boʻylab xalq sayillari, teatrlashtirilgan badiiy tomoshalar, konsert dasturlari davom etdi.
Ijodkorlar bogʻida festivalning tantanali yopilish marosimi oʻtkazilib, faol qatnashchilar, nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Estrada va mumtoz sanʼatimiz namoyandalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Soʻz festival qatnashchilariga!
Mehri BOLTAYEVA,
Turkmaniston, hunarmand:
— Qariyb ikki haftadan buyon Margʻilondaman. Festival avvalida tashkil etilgan bir haftalik oʻquv mashgʻulotlarida qatnashib, sertifikatga ega boʻldim. Bu kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirish hamda xalqaro miqyosda yutuqlarga erishishimda yordam berishiga ishonaman. Oʻzbek va turkman xalqlarining hunarmandchiligi bir-biriga oʻxshaydi. Yuzma-yuz muloqotlar, oʻzaro tajriba almashish jarayonida bunga yana bir bor amin boʻldim.
Ravshan YUSUPOV,
Tojikiston, gilam toʻquvchi:
— Gilam toʻqish menga ota-bobolardan meros hunar. Hozirda ushbu hunarni farzand va nabiralarim mehr bilan davom ettirmoqda. Yurtingizda, xususan, Fargʻona vodiysida gilam toʻqish sanʼati avloddan avlodga bezavol oʻtib kelmoqda. Shu bois mohir gilamdoʻzlaringiz tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar jahon bozorida ham xaridorgir. “Atlas bayrami” festivalida fargʻonalik tajribali gilamdoʻzlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishganimdan gʻoyatda mamnunman.
Marina GUSHO,
Belarus Respublikasi, toʻqimachilik sohasi boʻyicha dizayner:
— Maʼlum boʻlishicha, festival tadbirlarida bu yil ilk bor turli davlatlardan kelgan rassomlar hamda toʻqimachilik sohasi boʻyicha dizaynerlar ham qatnashdi. Mening ham ana shunday baxtga sazovor boʻlganim quvonarli. Bunday muloqotlar sohadagi yangi anʼana va urflarni oʻrganish hamda shu asosda kelgusi rejalarni aniqlab olishda muhim ahamiyatga ega.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring