Oʻzaro ishonchga asoslangan muhim tashabbuslar Oʻzbekistonning xalqaro sahnadagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi

13:41 17 Iyul 2025 Jamiyat
170 0

Jahon tajribasidan ayonki, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida nafaqat ichki zaxiralar, balki xalqaro iqtisodiy tashkilotlar resurslaridan foydalanish ham muhim omil sanaladi. Biroq bugun rivojlangan davlatlar va xalqaro biznes tuzilmalari oʻz sarmoyasini investitsiyaviy jozibador, qulay sarmoyaviy muhit yaratilgan mamlakatlarga joylashtirishga intilmoqda. Shu bois yurtimizga xorijiy investitsiyalar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar koʻrilayotir. Taʼbir joiz boʻlsa, yirik xalqaro tashkilotlar, yuqori salohiyatli investorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 4-iyul kuni Ozarbayjonning Xonkendi shahrida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yanada shaffof va jozibador investitsiya muhitini shakllantirishga qaratilgan tashabbusni ilgari surdi. Bu esa sammitda ishtirok etgan qator davlatlar va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilingani eʼtiborga molikdir.

Katta imkoniyat, yirik bozor

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ga 1985-yilda Turkiya, Eron va Pokiston tomonidan asos solingan boʻlib, Oʻzbekiston unga 1992-yili aʼzo boʻlib kirgan.

Aytish joizki, bugungi kunda tashkilotga aʼzo davlatlarning umumiy maydoni 8 million kvadrat kilometr masofani qamrab olgan. Bu — Osiyo qitʼasining 20 foizi, jahonning esa 6 foiz qismini tashkil etadi degani. Uning hududi, bir tomondan, Hind okeani va Oʻrta yer dengizi, ikkinchi tomondan, qitʼalararo quruqlik va dengiz savdo yoʻllari oʻrtasida joylashgan dunyoning eng strategik ahamiyatga ega mintaqalaridan biri hisoblanadi. IHT davlatlari bir-birini toʻldiradigan ulkan tabiiy, intellektual, sanoat, agrar va texnologik resurslarga ega. Ishtirokchi davlatlar oʻzaro integratsiyani chuqurlashtirish va foydalanilmagan salohiyatni ishga tushirishi zarurligini, hamkorlikni mustahkamlashdan keladigan umumiy afzalliklarni tobora chuqurroq anglab yetmoqda.

Darhaqiqat, jahon bozorlaridagi bugungi noaniqlik va global taʼminot zanjirlarining beqarorlashuvi sharoitida mamlakatlar oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga intilayotgani mantiqan toʻgʻri qarordir. Binobarin, IHT mintaqasi jamiyat va bozor isteʼmoli koʻrsatkichlari nuqtayi nazaridan umumiy 500 mln. nafardan koʻproq aholiga ega yirik bozor hamda katta imkoniyat makoni hisoblanadi. Buni tasavvur qilish uchun mazkur davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar aylanmasi hajmi 600 mlrd. dollarni tashkil etishini keltirish kifoya, nazarimizda. Ammo qoʻshma investitsiya kiritish uchun qulay sharoit mavjudligiga qaramay ushbu yoʻnalish yaqin paytlargacha IHTning eng zaif tomoni boʻlib keldi. Nega? Bu haqda soʻz yuritilganda, tashkilotga aʼzo ayrim davlatlarda ichki muammolarning yuzaga kelganligi, siyosiy keskinlik va uning taʼsirida paydo boʻlgan noqulay muhit oʻzaro sarmoyaviy aloqalarga gʻov boʻlganini alohida taʼkidlash joiz.

Unutmaslik kerakki, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash faqat ushbu tashkilotning imkoniyatlari va manbalaridan toʻlaqonli foydalanish bilan roʻyobga chiqadi. Buning uchun mintaqada umumiy xavfsizlik va barqarorlikni hamda oʻzaro jipslikni taʼminlash zaruriy shart hisoblanadi.

Hamkorlikning yangi bosqichi

Davlatimiz rahbari IHT 17-sammitidagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, har qanday tinchlik va taraqqiyotning asosi, eng avvalo, iqtisodiy hamkorlik bilan belgilanadi. Shu bois tashkilot doirasidagi sheriklik bugungi kunda nafaqat tabiiy, balki muhim strategik ahamiyatga ega ekanini eʼtirof etgani holda, koʻp qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish yuzasidan muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchidan, IHTning oʻrta va uzoq davrdagi ustuvor rivojlanish yoʻnalishlarini belgilab olish uchun “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari — 2035” konsepsiyasini qabul qilishga chaqirdi. Hujjatda savdo, investitsiya, transport, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, turizm va taʼlim kabi anʼanaviy yoʻnalishlar bilan birga, innovatsiyalar, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi taʼkidlandi. Chunki taraqqiyotning hozirgi bosqichida ushbu sohalarni rivojlantirmasdan turib, marraga erishib boʻlmaydi.

Ikkinchidan, tashkilot doirasida tovar va xizmatlar savdosini soddalashtirish, texnik va notarif toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, elektron savdoni rivojlantirish masalalari, ayniqsa, dolzarb. Statistik raqamlar dalolat berishicha, hozirgi kunda oʻzaro savdo hajmi past darajada. Bu koʻrsatkich 2024-yilda 95 mlrd. dollarga teng boʻlib, mamlakatlarimiz umumiy savdo aylanmasining 10 foizini tashkil etdi, xolos. Mazkur yoʻnalishda strategik masalalarni muhokama qilish, Savdoni soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni kelishish maqsadida joriy yil Toshkentda savdo vazirlarining uchrashuvini oʻtkazish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi boʻyicha tezkor maʼlumot almashish va toʻsiqsiz yetkazishga qaratilgan “yashil yoʻlaklar” tizimini yaratish ham oʻta muhim masala sanaladi.

Uchinchidan, sarmoyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiya muhitini yanada shaffof va jozibador etish maqsadida uzoq muddatli “Ekoinvest” dasturini qabul qilish taklifi berildi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, aynan shunday dasturlar orqali mintaqamizdagi istiqbolli loyihalarga xususiy investorlar, banklar va xalqaro moliya institutlarini keng jalb etish mumkin.

Toʻrtinchidan, soʻnggi vaqtlarda dunyo hamjamiyati keskin inqirozni boshidan kechirayotir. Aksariyat ziddiyat va nizolar aynan IHT makonida sodir boʻlayotgani fikrimizning tasdigʻidir. Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda yuz bergan voqealar, xalqaro huquq va global xavfsizlik institutlarining tanazzuli muloqot va hamkorlikni yanada zaiflashtirib, kuch ishlatish va zoʻravonlikka keng yoʻl ochmoqda. Demakki, geosiyosiy voqealar xalqaro logistika zanjirlarining uzilish xavfi naqadar yuqoriligi hamda muqobil transport yoʻlaklarini shakllantirish strategik ahamiyatga ega ekanini yana bir bor isbotladi. Bu borada Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasini amalga oshirish boshlangani, kelgusida ushbu magistral tarmoq Transafgʻon yoʻlagi bilan tutashib, keng mintaqamizdagi tranzit tarmoqlarini samarali birlashtirish imkonini berishi bilan ahamiyatli.

Beshinchidan, mintaqada yangi aviaqatnovlar yoʻnalishlarini ochish, aviakompaniyalar oʻrtasida innovatsion hamkorlik shakllarini yoʻlga qoʻyish, turizm va aviatsiya sohalari oʻrtasida marketing boʻyicha integratsiyalashgan strategiyalarni ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu masalalarni muhokama qilish maqsadida Milliy aviakompaniyalar forumini Samarqandda tashkil etish taklif qilindi. Shubhasiz, tashkilot davlatlari oʻrtasida aviaqatnovlar jadallashtirilmas ekan, sayyohlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslar xayoliy boʻlib qolaveradi. Vaholanki, aʼzo davlatlar kelajakda turizm sohasida sayyohlar oqimini ikki barobar oshirish uchun yetarli salohiyatga ega.

Oltinchidan, tashkilot doirasida choʻl hududlarida oʻrmonlar barpo qilish, rekreatsiya zonalariga asos solish boʻyicha Transchegaraviy “yashil dasturi”ni ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Bu judayam asosli taklif boʻlib, dunyo miqyosida choʻllanish, iqlim oʻzgarishi, qurgʻoqchilik va suv taqchilligi davom etayotgan hozirgi murakkab sharoitda oʻrmonlar, yashil hududlarning tashkil etilishi muammo koʻlamini qisqartirishga yordam beradi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan ushbu tashabbuslar IHT davlatlari oʻrtasida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tashkilotning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va nufuzini yanada oshirish, eng asosiysi, uning faoliyatini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Tranzit salohiyati oshiriladi

Oʻzaro iqtisodiy hamkorlik yanada jadallashuvida mintaqalarimiz transport yoʻlaklarini kengaytirish va tranzit salohiyatini oshirish, ayniqsa, muhim ahamiyat ega. Biz, Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron — Oʻmon, Oʻzbekiston — Qirgʻiziston — Xitoy transport yoʻlaklarini, shuningdek, Ozarbayjon orqali Turkiya va Yevropa davlatlariga chiqish yoʻllarini rivojlantirishdan manfaatdormiz. Shu bilan birga, yangi taklif etilgan Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻlining qurilishi Afgʻonistonni mintaqamizga integratsiya qilish va barqaror taraqqiyotga erishishida katta turtki boʻladi. Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, mazkur transport yoʻlaklari mahsulotlarimizni jahon bozoriga arzon narxlarda chiqarish imkoniyatini yaratadi. Demak, ulkan bozorga ega boʻlgan mamlakatlarning savdo va investitsiya sohalaridagi mavjud katta imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilsa, yurtimizga, mintaqamizga katta miqdorda sarmoyalar kirib keladi, bundan xalqimiz ham, tashkilotga aʼzo davlatlar aholisi ham birdek foyda koʻradi.

IHT har qanday mintaqaviy tuzilmadan farqli oʻlaroq, Afgʻonistondagi vaziyat barqarorlashuvini chindan-da xohlaydi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoning uchta mamlakati — Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston, shuningdek, Eron hamda Pokiston Afgʻoniston bilan bevosita chegaradosh boʻlib, ularning barchasi afgʻon zaminida tinchlik va barqarorlikdan manfaatdor. Shu maʼnoda, anjuman ishida uzoq tanaffusdan soʻng Afgʻoniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etgani bu mamlakatni tashkilot makonining ajralmas bir qismi, iqtisodiy hamkorlik va transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik jarayonlarining muhim qatnashchisi sifatidagi roli va ahamiyatini oshiradi.

IHTning hozirgi kundagi maqsadlari aniq, pragmatik va shaffof. Bu savdo-sotiq yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish, mintaqalar oʻrtasidagi savdoni rivojlantirish va IHTga aʼzo mamlakatlar tovarlarini global bozorlarga olib chiqishga yoʻnaltirilgan. Madaniy va tarixiy aloqalarni mustahkamlash ham undan kam boʻlmagan ahamiyatga ega.

Umuman olganda, IHTning jipslashuvi mintaqadagi qolgan faol aktorlar manfaatlariga zid kelmaydi. Ular IHTga aʼzo mamlakatlar bilan shusiz ham ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama asosda (“5+1”, SHHT, YEOII) hamkorlik qilib kelmoqda.

IHTga aʼzo mamlakatlar transport va energetika koridorlari bilan bogʻliq Chobahor hind — eron loyihasi amalga oshirilishidan manfaatdor. Jumladan, Oʻzbekiston Eron Islom Respublikasini ochiq dengizga chiqishi uchun eng yaxshi, eng qulay va eng arzon yoʻnalishlardan biri sifatida biladi. Tehron ham, oʻz navbatida, oʻzining temir, avtomobil va dengiz yoʻli tarmogʻi, xususan, Bandar Abbos va Chobahor portlaridan oʻzbekistonlik tadbirkorlarning savdo-iqtisodiy maqsadda foydalanishi, Oʻzbekiston va boshqa davlatlar tovarlarini tashishi uchun tayyorligini bildirmoqda. Ikki davlat Ashxobod bitimi, Eron, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi uch tomonlama bitim, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hamda boshqa kelishuvlar doirasida ayni yoʻnalishdagi hamkorlikning huquqiy, konsullik va bojxona bilan bogʻliq shart-sharoitini yaratishga harakat qilmoqda. Eron tomoni Oʻzbekistonni Chobahor bitimiga hamda “Shimol — Janub” yoʻlagiga qoʻshishga tayyorligini bildirgan. Shu kunga qadar mazkur masalada koʻplab tashriflar uyushtirildi, muzokaralar amalga oshirildi. Xuddi shuningdek, Oʻzbekiston temir va avtomobil yoʻli tarmogʻi eronlik tadbirkorlarning boshqa davlatlarga chiqishi uchun qulay yoʻnalish hisoblanib, ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro bitimlar doirasida ushbu imtiyozdan foydalanyapti.

Shubhasiz, yuk tashishni yengillashtirish va soddalashtirishda transport va logistika sohasini raqamlashtirish oʻta muhim. Bu boradagi ishlarni tizimli asosda yoʻlga qoʻyish maqsadida davlatimiz rahbari Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusni amalga tatbiq qilishga va ekspertlar darajasidagi muzokaralarni jadallashtirishga chaqirgani yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi.

Mintaqadagi markaziy davlat

Bugun mintaqada mustahkam hamkorlik hamda globalizm va regionalizm oʻzaro chatishib ketganiga shohid boʻlib turibmiz. Turli davlatlararo tuzilmalar — SHHT, YEOII, IHT, “Bir makon, bir yoʻl”, “MO+1” va boshqa tashkilotlar manfaatlarining yaqinlashuvi ularning ehtimol tutilgan raqobatini yumshatadi hamda kuch va manfaatlar muvozanatiga rioya qilish uchun platforma yaratadi. Ayni chogʻda global davlatlarning mintaqaviy muammolarni hal etishdagi ishtiroki darajasini mintaqaning oʻzi manfaatlar muvozanatiga rioya qilish asosida tartibga soladi.

Oʻziga xos tarix, madaniyatga ega mintaqamiz ayni payt yanada jipslashib, integratsiyalashmoqda. Bu borada Oʻzbekistonning roli juda muhim. Bir tomondan, davlatimiz rahbarining taklif va tashabbuslari tufayli Turkiya, Eron va Pokiston oʻrtasidagi siyosiy ishonchsizlik oʻrnini savdo-iqtisodiy toʻsiqlarni olib tashlashga qaratilgan qulay biznes muhiti egalladi. Natijada tashkilotning salohiyati yuksaldi. Markaziy Osiyoda esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari orqali siyosiy ishonch ortdi. Oʻzbekiston mintaqaning yuragi sifatida Markaziy Osiyo integratori rolini tobora kengaytirmoqda, shu bilan birga, barcha mintaqaviy tashkilotlardagi ishtirokini faollashtirib, xalqaro miqyosda dadil tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan IHT sammitida bildirilgan taklif va tashabbuslar Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy sahnadagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi. Zotan, oʻzaro ishonchga asoslangan ezgu tashabbus va teng manfaatli hamkorlikdan Oʻzbekiston ham, qolgan davlatlar ham foyda koʻradi, albatta. Erishilgan ahdnomalar, kelishuvlar amalga oshsa, aʼzo davlatlar oʻrtasida investitsiyalar, tovarlar va xizmatlar erkin aylanishi taʼminlanadi. Bu yangi bozorlar paydo boʻlishi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishi, aholining barqaror daromad bilan taʼminlanishi, qisqacha aytganda, umummanfaatga xizmat qilishi muqarrar.

Sherzod SINDOROV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining infratuzilmani rivojlantirish va iqtisodiyot ishlari boʻyicha prorektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер