OTM bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi

10:56 18 Fevral 2025 Hujjatlar
264 0

Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida Prezidentning 2025-yil 14-fevraldagi qaroriga muvofiq, “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshirilishi belgilandi. Ushbu dastur bitiruvchilarning mehnat bozoriga moslashuvchanligini oshirish, ularni ish bilan taʼminlash hamda oʻz biznes loyihalarini yoʻlga qoʻyishlari uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan.

Dastur doirasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari uchun maxsus yoʻnalishlar ishlab chiqiladi. Ularga biznes gʻoyalarini tayyor loyiha darajasiga yetkazishda toʻliq koʻmak beriladi. Bunda, bitiruvchilar uchun qulay moliyalashtirish mexanizmlari joriy qilinib, ularning tadbirkor sifatida shakllanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalariga sohaga mos ravishda ochiq tanlovlar tashkil etiladi. Ushbu tanlov gʻoliblari munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan. Bu orqali bitiruvchilarning amaliy tajribasini oshirish hamda mehnat bozoridagi ehtiyojlarga mos ravishda mutaxassislik tanlashlari ragʻbatlantiriladi.

Dasturga muvofiq, salohiyatli ish beruvchi tashkilotlarning oliy maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlari tahlil qilinib, mutaxassislik boʻyicha talablar shakllantiriladi. Ish beruvchilarning buyurtmalariga koʻra tanlov gʻoliblari uchun maxsus kasbiy oʻquv dasturlari ishlab chiqiladi. Ushbu dasturlar moliyalashtirilib, bitiruvchilarga ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot oʻtash va xorijdagi oliy taʼlim muassasalarida qisqa muddatli oʻquv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.

“Kelajakka qadam” dasturi yosh mutaxassislarning ish topish jarayonini yengillashtirish, kasbiy rivojlanishlarini qoʻllab-quvvatlash va ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan boʻlib, kelajakda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori malakali kadrlar yetishtirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер