Oʻtgan yili notariuslar tomonidan 5 393 775 ta notarial harakat amalga oshirildi

18:40 20 Yanvar 2023 Jamiyat
1045 0

Joriy yilning 20-yanvarida Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Notarial palatasi hamkorligida “Kasbim – faxrim mening” mavzuida seminar tashkil etildi.

Seminarda respublikamizda faoliyat yurituvchi xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar hamda sohaga masʼul shaxslar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida 4 ta sessiya: Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent shahar adliya boshqarmasi va Toshkent davlat yuridik universitetida ham boʻlib oʻtdi.

Qayd etilganidek, Prezident Farmoni bilan 2020-yil 1-yanvardan xususiy notarial faoliyatga ruxsat berildi.

Oʻtgan davr mobaynida notariuslar soni 17 foizga oshib, bugungi kunda 953 nafar notariuslar faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan aholiga 26 turdagi notarial harakatlar boʻyicha huquqiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda.

Notariuslar tomonidan 2021-yilda 4 428 081 ta notarial harakat amalga oshirilgan boʻlsa, bu koʻrsatgich 2022-yilda 5 393 775 tani tashkil qildi.

Oʻtgan davr mobaynida notariat sohasi raqamlashtirildi. Buning natijasida ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratiya qisqardi, fuqarolarning ovoragarchiliklariga chek qoʻyildi.

Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash toʻliq elektron shaklda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi.

“e-notarius.uz” rasmiy veb-sayti ishga tushirildi. Fuqarolarga oʻzlariga yaqin notariusni aniqlash, notarius qabuliga navbatga elektron yozilish, ishonchnomaning qonuniy kuchga egaligini aniqlash, meros ishi ochilganligini aniqlash, masofadan turib elektron murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Notarial harakatlarni notarial idoraga kelmasdan masofadan turib onlayn tasdiqlash xizmati yoʻlga qoʻyildi.

Avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda rasmiylashtirish tizimi joriy etildi.

Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab (xatlab) qoʻyilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qoʻyish bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar banki joriy etilgani taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер