2025-yilgi FIDE Jahon rapid va blits chempionati Qatarda oʻtkaziladi

10:31 01 May 2025 Sport
1247 0

FIDE 2025-yilgi Jahon rapid va blits chempionatining Qatarda oʻtkazilishini rasman eʼlon qildi. Musobaqa 25-dekabrdan 31-dekabrgacha Doha shahrida boʻlib oʻtadi. Rapid yoʻnalishidagi bahslar 26–28-dekabr kunlari, blis bahslari esa 29–30-dekabr kunlari tashkil etiladi.

Bu Qatarda mazkur chempionatning ikkinchi bor oʻtkazilishi hisoblanadi. Ilk marta 2016-yilda ham ushbu musobaqaga ham Doha mezbonlik qilgan. Oʻshanda erkaklar oʻrtasida Vasiliy Ivanchuk rapid boʻyicha, Sergey Karyakin esa blits boʻyicha gʻolib boʻlgan. Ayollar oʻrtasida esa Anna Muzichuk rapid va blits turkumida ham chempionlikni qoʻlga kiritgan edi.

FIDE Jahon rapid va blits chempionatlari shaxmat olamidagi eng nufuzli va ommabop musobaqalardan biri hisoblanadi. Turnirdagi qisqa vaqt formati va dinamik oʻyin tartibi uni nafaqat shaxmat ixlosmandlari, balki umumiy sport jamoatchiligi uchun ham qiziqarli va kutilmagan natijalarga boy musobaqaga aylantiradi.

Qatarning shaxmatga boʻlgan eʼtibori va tajribasi ushbu musobaqaga munosib mezbon sifatida eʼtirof etiladi. Xususan, mamlakatda 2014, 2015, 2023 va 2024-yillarda yuqori saviyada “Qatar Masters Open” musobaqalari oʻtkazilgan. Bu esa Qatarning shaxmat rivojiga qaratilgan ustuvor eʼtiborini tasdiqlaydi.

FIDE Kengashining qaroriga asosan, 2025–2026-yillarda oʻtkaziladigan barcha rasmiy rapid va blits turkumidagi musobaqalarda, jumladan Jahon chempionatlarida ham, ishtirokchilar uchun reyting toʻlovlari bekor qilindi. Bu esa shaxmatchilar uchun katta yengillik va ragʻbat sifatida xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?