Oʻtgan yilda qanday qonun loyihalari ustida ish olib borildi?

18:07 04 Yanvar 2024 Siyosat
381 0

Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalari oʻtgan yildagi faoliyatini tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqqan holda, kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishmoqda.

Parlament quyi palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan brifingda qoʻmitaning 2023-yildagi faoliyati haqida axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, hisobot davrida qoʻmita Qonunchilik palatasining asosiy vazifa va funksiyalaridan kelib chiqib 6 ta yoʻnalishda ish olib borgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarini yanada chuqurlashtirish, sud-huquq sohasini isloh qilish kabi muhim yoʻnalishlarning huquqiy poydevorini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratgan.

Oʻtgan davrda qoʻmita qonun ijodkorligi yoʻnalishida 38 ta qonun loyihasi uchun masʼul boʻlgan. Ushbu qonunlar bilan fuqarolar va tadbirkorlar uchun sudga shikoyat qilishning uch oylik muddati olti oygacha uzaytirildi. Tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini ularning roziligisiz olib qoʻyganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari belgilandi. Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun talab etiladigan ikki yillik ish staji bekor qilindi. Qolaversa, aholi tomonidan maʼmuriy jarimalarning 50 foizi oʻz vaqtida toʻlangan taqdirda, qolgan yarmidan ozod qilish nazarda tutildi.

Qoʻmita tomonidan 2 ta yaxlit qonun loyihasi ustida ish olib borilgan. Shuningdek, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan 6 ta qonun loyihasi quyi palata muhokamasiga kiritilgan va qabul qilingan.

Brifingda qonun loyihalarini ishlab chiqish va ularning har jihatdan pishiq va mukammal boʻlishini taʼminlashda qoʻmitalar huzuridagi ekspertlar hamda ishchi guruhlarining yigʻilishlari muhim ahamiyat kasb etgani maʼlum qilindi.

Hisobot davrida qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalari muhokamasi boʻyicha jami 118 ta ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazilgan. Qoʻmitaga kelib tushgan va qabul qilingan qonun loyihalarining 2 tasi konseptual jihatdan qayta ishlangan boʻlsa, 3 tasi qariyb 65-75 foizgacha oʻzgartirilgan. 6 tasi qariyb 15-20 foizgacha, 9 tasiga esa tahririy tusdagi oʻzgartishlar kiritilgan.

Oʻtgan davrda qoʻmita tomonidan qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat-tahlil tartibida oʻrganish hamda oʻrganishlar yakunlari boʻyicha davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining axborotini eshitishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, qoʻmita tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida 8 ta tadbir oʻtkazilgan.

Hisobot yilida qoʻmita tashabbusi bilan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtayi nazarini bayon etish talabi bilan davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslariga 2 ta parlament soʻrovi yuborilgan. Shuningdek, qoʻmita aʼzolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan 8 ta deputat soʻrovi yuborilgan.

Xalq bilan ochiq muloqotlar chogʻida muammolar oydinlashadi. Shu maʼnoda, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish, ularni hal etishga alohida eʼtibor berilgan. Qoʻmita nomiga kelib tushgan jami 2348 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan holda, ularning salmoqli qismini bartaraf etishga erishilgan.

Brifingda keyingi paytda fuqarolar tomonidan yoʻllanayotgan murojaatlarda qonun hujjatlari normalarini takomillashtirishga doir takliflar salmogʻi ortib borayotgani va ular atroflicha oʻrganilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, hisobot davrida qoʻmita tomonidan aholi bilan yaqindan muloqot qilish, saylovchilar bilan tizimli ish olib borish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining qabullari oʻtkazilgan. Jumladan, qoʻmita aʼzolarining turli masalalar yuzasidan qabullar tashkil etilib, fuqarolar tomonidan koʻtarilgan masalalarning aksariyati deputatlar saʼy-harakati bilan oʻz yechimini topgan.

Oʻtgan davrda qoʻmita faoliyatini samarali tashkil etish, qonun loyihalarini keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish, amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi oʻrtasida keng targʻib qilishga qaratilgan bir qator yigʻilish va targʻibot tadbirlari ham tashkil etilgan.

Shu bilan birga, qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari va qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda tushuntirib borish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, qoʻmita faoliyati OAVda jami 3 547 marotaba yoritilgan.

Brifingda qoʻmitaning kelgusidagi rejalari haqida ham axborot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер