Otam uchun soʻz, kitob, oʻquvchi muqaddas edi — Sayyora Samandarova
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoir, adib, dramaturg, davlat va jamoat arbobi Erkin Samandar tavalludining 90 yilligiga bagʻishlangan maʼrifiy tadbir hamda adibning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirni uyushma raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi. Ustoz adib xotirasiga bagʻishlangan ushbu uchrashuvda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Koʻchimov soʻzga chiqib, Erkin Samandar ijodining adabiyotimizdagi oʻrni, uning soʻz sanʼatiga qoʻshgan hissasi haqida iliq fikrlar bildirdi.

Shoir oʻzbek adabiyotida serqirra ijodkor sifatida tanilgan. Uning sheʼrlari, dostonlari, tarixiy roman va dramalarida xalq taqdiri, vatanga muhabbat, inson qalbining nozik tuygʻulari samimiy ifoda etilgan. Adibning “Amu jilolari”, “Dunyoning yoshligi”, “Osmon toʻla nur”, “Vafo degan gavhar”, “Sevgi fasllari”, “Men shu el farzandiman” kabi oʻnlab sheʼriy toʻplamlari kitobxonlar qalbidan mustahkam oʻrin olgan.
Tadbir doirasida taqdim etilgan “Tanlangan asarlar” kitobi Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot” nashriyotida chop etildi. 736 betdan iborat ushbu nashr adib ijodining keng qamrovini namoyon etadi. Kitob “Oʻz ichingdan chiqqan baloga...” romani bilan boshlanadi. Shuningdek, undan “Quduq tubidan sadolar”, “Qiron gʻildiragi” tarixiy romanlari, “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasi, sheʼrlar, qissalar, doston-qissalar, ertaklar va poemalar oʻrin olgan.


Yigʻilishda soʻz olganlar Erkin Samandar asarlarining badiiy qimmati, ularning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida toʻxtalishdi. Shogirdlar va qalamkash qadrdonlari adib bilan bogʻliq xotiralarini oʻrtoqlashib, uning samimiy inson, talabchan ustoz boʻlganini taʼkidlashdi.
Adibning qizi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Sayyora Samandarova ushbu tadbir va kitob taqdimoti haqida oʻz fikrlarini bizlarga ilindi: — Otam uchun soʻz, kitob, oʻquvchi muqaddas edi. “Tanlangan asarlar” uning butun umri, izlanishlari, qalb kechinmalarining bir jamlanmasi. Bunday tadbirlar orqali otamning ijodi yana koʻplab qalblarga yetib borishiga ishonaman, — dedi u.



Maʼlumot oʻrnida, Erkin Samandar 1935-yil 22-martda Xorazm viloyati Xonqa tumani Navxos qishlogʻida tavallud topgan. U 2024-yil 13-aprelda Urganch shahrida vafot etgan. Umri davomida milliy adabiyotimiz va jurnalistikamiz rivojiga qoʻshgan xizmatlari uchun “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni va “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Erkin Samandar qoldirgan boy adabiy meros, uning soʻzga boʻlgan muhabbati va xalqqa sadoqati kitobxonlar xotirasida hamisha yashayveradi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti oʻtkazildi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring