Osyotr baliqlari Xorazmda

Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Baliqning foydali jihatlari juda koʻp. Uning mahsulotlari yuqori biologik qiymatga ega boʻlib, parhez xususiyati ega boʻlganligi uchun insonlar hayotida yaxshi ozuqa hisoblanadi. Bu neʼmat aminokislotalar va “D” vitaminiga oʻta boy, uni yetarli darajada isteʼmol qilish moddalar almashinuvini meʼyorida saqlab turadi. Ayniqsa, baliq mahsulotlari yosh bolalar aqliy rivojlanishi uchun, shuningdek, kasalliklarning oldini olishdagi ahamiyati katta.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida aholi jon boshiga bir yilda isteʼmol qilinadigan baliq goʻshti oʻrtacha 25-45 kilogramm boʻlib, jahon boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 22 kilogrammni tashkil etadi. Butun jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xulosasiga koʻra, har bir inson bir yilda oʻrtacha 12-16 kilogramm baliq goʻshti isteʼmol qilishi lozim. Oʻtgan yilda Xorazm viloyatida 32,9 ming tonna baliq yetishtirildi. Bu mamlakatimizda yetishtirilgan jami baliqlarning 17,2 foizini tashkil qiladi. Ahamiyatlisi, keyingi yetti yilda viloyatda baliq yetishtirish hajmi 3,2 barobarga oshdi. Yildan yilga baliqchilikka qiziqayotgan tadbirkorlar soni ortib bormoqda.
— Viloyatimizda mingga yaqin baliq yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bor. Ular ixtiyorida 12 ming 239 gektar sunʼiy suv havzalari mavjud, — deydi “Xorazmbaliqsanoat” uyushmasi rahbari Dilmurod Ollaberganov. — Shuningdek, 5 ming gektardan ziyod tabiiy koʻllarda ham baliq boqilmoqda. Prezidentimizning 2022-yil 13-yanvardagi “Baliqchilik tarmogʻini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qoʻshkoʻpirlik Bahrom Ataboyev superintensiv usulda baliq yetishtirishning hadisini olgan fermerlardan. Fermer xoʻjaligining suv havzalari 100 gektarni tashkil qiladi. Ahamiyatlisi, fermer xoʻjaligida baliqning noyob osyotr turini yetishtiriladi.
— Osyotr baliqlari mushaklarni tiklash va immunitetni saqlash uchun muhimdir, —deydi “Ummon baliq” fermer xoʻjaligi rahbari Bahrom Ataboyev. — Baliqning bu turi yalligʻlanishga qarshi va kardio himoya xususiyatlari bilan tanilgan Omega-3 yogʻ kislotalariga boy. Omega-3 “yomon” xolesterin darajasini pasaytirishga yordam beradi. Shu bilan yurak va qon tomirlarini ateroskleroz va boshqa kasalliklardan himoya qiladi. Osyotr baligʻini sovuq harorat va sovuq suvda parvarishlash talab qilinadi. Baliqni parvarishlashda suvga meʼyorida kislorod yuborish, ozuqasini oʻz vaqtida meʼyorida berish kerak. Xoʻjaligimizda bu jarayon ishchi kuchi talab qilmasdan, zamonaviy texnologiya yordamida amalga oshirilmoqda. Superintensiv usulda har gektar havzadan 100 tonna baliq olyapmiz. Yiliga 50 tonna osyotr baligʻini yetishtirish, 1 tonna qora ikra olishni rejalashtirganmiz. Shu maqsadda Rossiyadan mutaxassislarni ishga taklif qilib, hamkorlikda ishlayapmiz. Kelgusida xorijdan olib kelinadigan bu turdagi mahsulotni mahalliylashtirilib, hamyonbop narxlarda ichki bozorga chiqarish va eksportga yoʻnaltirishni moʻljallayapmiz. Viloyatda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari doirasida xonadonlarda kichik sunʼiy sigʻimlarda baliq yetishtirish tajribasi keng ommalashmoqda. Joriy yilda 1000 ta xonadonda intensiv usulda 750 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
— Qishda baliqlar uxlaydi, — deydi Qoʻshkoʻpir tumanidagi Dovul mahallasi “Xalq soʻzi” koʻchasida yashovchi Raximboy Soburov. — Harorat ilishi bilan baliqlar oziqlanishda davom etadi. Baliq yetishtirishda vaqtdan yutish maqsadida sunʼiy sigʻimlarni hovlimizdagi issiqxona ichiga joylashtirdik. Issiqxonada oʻrtacha harorat saqlanishi sababli baliqlar doimiy harakatda boʻladi. Bir yil davomida yetishtiriladigan mahsulot salmogʻi ikki marta ortadi.
Intensiv usulning muhim yoʻnalishlaridan biri qafas usulida baliq yetishtirish boʻlib, bunda turli oʻlchamdagi qafaslar suv havzalariga oʻrnatiladi. Masalan, “Bakra akva tech” MCHJ da 34 ta okeanik qafas moslamalarida baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyilib, yaxshi natijaga erishilmoqda. Mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar elimiz dasturxonining baliq va baliq mahsulotlari bilan toʻkin boʻlishiga, bozorlarda uning narxi pasayishi va aholi oʻrtasida ushbu parhez mahsulot isteʼmolining oʻrtacha koʻrsatkichlari izchil oʻsib borishiga xizmat qilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring