Osiyo chempionati oldidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

10:11 04 Fevral 2026 Sport
362 0

Joriy yilning 1–21-mart kunlari Avstraliya mamlakatida ayollar futboli boʻyicha Osiyo chempionati musobaqasi boʻlib oʻtadi. Ushbu turnirda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etadi.

Kecha, 3-fevral kuni Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida ushbu musobaqa oldidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Ushbu anjumanda Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Kotrina Kulbite, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Lyudmila Karachik va terma jamoa darvozaboni Maftuna Jonimqulovalar ishtirok etdi.

Mazkur anjumanda “Xalq soʻzi” tahririyati muxbiri ham ishtirok etdi. Quyida muxbirimiz va anjuman qatnashchilari oʻrtasidagi suhbatni mutolaa qilishingiz mumkin:

Assalomu alaykum. Jamoaga musobaqa omad tilayman. Turnirning 2-turida Xitoy termasiga qarshi oʻynaymiz. Siz Oʻzbekiston milliy terma jamoasini qabul qilib olganingizda, dastlabki oʻyinlardan biri Xitoyga qarshi oʻtgan va oʻshanda terma jamoamiz 5:0 hisobida magʻlubiyatga uchragan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida nimalar oʻzgardi va biz endi Xitoyga nimalar taklif qila olamiz?

Kotrina Kulbite:

— Avvalo sizga rahmat aytmoqchiman. Sizni har doim anjumanlarda faol ishtirok etayotganingizni bilaman. Ayollar futbolini yoritishda faollik koʻrsatayotganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman.

Ha, chindan ham 2025-yilning mart oyida Xitoydan yirik magʻlubiyat qabul qilib olgan edik. Bu bizga yaxshi saboq boʻlgan. Oʻtgan davr mobaynida xatolarimiz ustida ishladik. Nasib etsa, musobaqada oʻtgan galgidan yaxshiroq oʻyin koʻrsatamiz.

Guruhda uchinchi oʻrin bilan keyingi bosqichga chiqish varianti biz uchun eng haqiqatga yaqin boʻlib turibdi. Lekin bu uchun Bangladesh termasi magʻlub etilishi kerak. Bu jamoa soʻnggi 3-yilda juda katta oʻsishga erishdi. Mazkur jamoani qanchalik oʻrganib chiqdingiz?

Kotrina Kulbite:

— Biz barcha jamoalarni toʻliq oʻrganib chiqdik. Faqatgina Bangladeshga toʻxtaldingiz. Lekin men faqatgina uchinchi oʻrin bilan chiqish asosiy maqsadimiz demagan boʻlardim. Biz yuqoriroq natija bilan guruhdan chiqmoqchimiz.

Mehribon Egamberdiyeva milliy chempionatimizda 19 ta gol urdi. Biroq u terma jamoaga jalb etilmayapti. U bilan qandaydir muammo bormi?

Kotrina Kulbite:

— Mehribon juda yaxshi futbolchi. Uni yaxshi bilaman. Biz yil davomida terma jamoaga loyiq boʻlgan barcha futbolchilarni sinovdan oʻtkazdik va oʻrganib bordik. Ishoning, men eʼlon qilgan roʻyxatda hozirgi kunda Oʻzbekistonning eng kuchli futbolchilari yigʻilgan.

Siz faqat Mehribonni aytib oʻtdingiz. Lekin bunday futbolchi yana koʻp. Kimnidir olsak, boshqasi yakuniy tarkibga kira olmasligi tabiiy holat.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻrtoqlik oʻyinida Vyetnam termasini 6:2 hisobida magʻlubiyatga uchratganini oʻqidim va hayron qoldim. Sababi Jahon chempionatida AQSH terma jamoasi ham Vyetnamga 6 ta gol ura olmagandi. Bu holat qanday yuz berdi, oʻzi?

Maftuna Jonimqulova:

— Demak, Amerika Qoʻshma Shtatlaridan kuchliroq ekanmiz (kuladi).

Lyudmila Karachik:

— Vyetnamga qarshi yaxshi oʻyin boʻldi. Biz 3 ta golni qisqa fursat ichida kiritganimiz uchun ularning oʻyinga qiziqishi pasayib ketdi. Natijada oʻyin 6:2 hisobida tugadi.

Yaqinda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga yoʻl oldi va ular hukumat tomonidan juda yaxshi taqdirlanishdi. Ushbu musobaqa oldidan Oʻzbekiston ayollar terma jamoasiga ham federatsiya tomonidan mukofotlar haqida gaplar boʻlyaptimi?

Kotrina Kulbite:

— Avvalo taʼkidlamoqchimanki, bu musobaqada biz hech qanday sovgʻa uchun oʻynamaymiz. Biz faqatgina vatan uchun, ushbu yurt bayrogʻi uchun, ushbu yurt gerbi uchun va albatta ushbu xalq uchun oʻynaymiz. Bizga qandaydir sovgʻalardan koʻra, terma jamoaning Jahon chempionatiga yoʻl olishi muhimroq.

Bu masalani hali gaplashganimiz yoʻq. Lekin baribir bizga qandaydir mukofotlar eng yaxshi motivatsiya boʻla olmaydi. Biz uchun eng muhimi — Jahon chempionatiga yoʻl olish.

Muhammadamin Zuhriddinov, 
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер