“Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom yangilanmoqda
Arxiv foto
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni himoya qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqi koʻmagida “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish uchun texnik yordam” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi “Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi 115-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish masalalariga bagʻishlangan xalqaro onlayn davra suhbati boʻlib oʻtdi. Taʼkidlash joiz, mazkur loyiha boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining soʻroviga binoan FAO yuridik guruhi tomonidan pestitsidlarni boshqarish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, xususan, yuqorida qayd etilgan qarorni yangilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbirda asosiy eʼtibor pestitsidlarga oid atamalar taʼrifini jahon standartlariga muvofiq qayta koʻrib chiqish, oʻta xavfli kimyoviy vositalarni bosqichma-bosqich amaldan chiqarish, davlatimizga turli yoʻllar bilan kirib kelayotgan pestitsidlarni nazoratga olish kabi mavzularga qaratildi. Pestitsidlarni ishlatish boʻyicha nazorat toʻgʻrisida hujjat loyihasini xalqaro ekspertlar tavsiyalariga asosan ishlab chiqish ham muhokamalar markazida boʻldi. Umuman olganda, qoʻshma loyihaning umumiy maqsadi xalqaro konvensiyalarga rioya qilgan holda meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, vosita va muvofiqlashtirish mexanizmlarini sayqallash, mahalliy salohiyatni oshirish, institutlarni mustahkamlash va bu orqali davlatning atrof-muhit va iqlim boʻyicha majburiyatlarini bajarishga yoʻl ochishdan iborat. Shuningdek, milliy siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish va Oʻzbekistonning yashil oʻsish strategiyasiga muvofiq resurslardan samarali foydalanishga eʼtibor qaratgan holda mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash ham koʻzda tutilgan.
— Davra suhbati mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash yoʻlida muhim qadamdir — deydi loyiha milliy koordinatori Elmurod Nazarov. — Pirovard maqsadimiz pestitsidlarning ishlab chiqarishdan tortib to foydalanishgacha boʻlgan barcha bosqichlarida atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy taʼsirini kamaytirishdir. Yigʻilishda pestitsidlarni boshqarish boʻyicha Oʻzbekistonning amaldagi qonunchiligi tizimiga kiritiladigan zarur oʻzgartirishlar koʻrib chiqildi va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring