Orolning taqdiri Kaspiy dengizida takrorlanadimi?

Arxiv foto
Buyuk Britaniyaning Lids universiteti olimlari xulosasiga muvofiq, global isish (+2°C) rivojining hatto eng qulay ssenariysida ham Kaspiy dengizi sathi joriy asr oxiriga borib 5-10 metrga pasayishi mumkin. Eng pessimistik prognoz amalga oshgan taqdirda esa kamayish 21 metrni tashkil etadi.
Bunday noxush istiqbol 15 millionga yaqin aholi yashaydigan butun mintaqa uchun keng masshtabli ekologik halokatga olib kelishi mumkin. Ilmiy tadqiqot natijalari “Communications Earth & Environment” jurnalida maʼlum qilindi.
Sayyoramizdagi eng yirik suvi oqib chiqib ketmaydigan havza boʻlgan Kaspiy dengizi kaspiy tyuleni, bir necha baliq (beluga, sevryuga) va boshqa koʻplab endemik turlarning yashash makoni sifatida noyob ekotizimni saqlashda muhim rol oʻynaydi.
Olib borilgan hisob-kitoblar shuni koʻrsatdiki, harorat hatto minimal darajada koʻtarilganda ham dengizning suv yuzasi maydoni 112 ming kvadrat kilometrga kamayishi mumkin, bu Islandiya kabi davlat hududidan ham ortiq.
Suv havzasida ekologik va iqtisodiy nuqtayi nazardan eng qimmatli hududlarning katta qismi chuqur boʻlmagan maydonlarda joylashganligi sababli dengiz suvining bunday sayozlanishi bioxilma-xillik va mahalliy aholi farovonligiga halokatli taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Kaspiyning shimoliy sohili aholisi juda nochor holatga tushib qoladi, chunki baliqchilikning yoʻqolishi ularni asosiy daromad manbaidan mahrum etadi, yuzaga keladigan ogʻir iqlim sharoiti esa muqobil iqtisodiy faoliyat turlarini, shu jumladan, qishloq xoʻjaligini rivojlantirishni deyarli imkonsiz qilib qoʻyadi.
Bundan tashqari, Boku va Aqtau kabi yirik port shaharlari yangi qirgʻoq chizigʻidan oʻnlab kilometr uzoqda qolib ketishi mumkin, bu esa mintaqada neft qazib olish uchun zarur boʻlgan barcha logistika infratuzilmasini tubdan qayta qurishni talab qiladi.
Va nihoyat, Orol dengizi fojiasiga oʻxshab, Kaspiy sayozlanishi dengizning ochilgan tubidan tuz va sanoat ifloslantiruvchilari tarqalishi natijasida zararli chang boʻronlari paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, tadqiqotchilar yaqinlashib kelayotgan falokat oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar sifatida tabiatni muhofaza qilish zonalarini tashkil qilish, bioxilma-xillik monitoringiga faol sarmoya kiritish va qirgʻoqboʻyi hududlari iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishni qatʼiy tavsiya etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring