Orban nega sharq-u gʻarbga serqatnov boʻlib qoldi? Uning maqsadi nima?

Foto: Xalq so'zi kollaj
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Kiyev, Moskva va Pekinga tashrif buyurganidan soʻng Vashingtonga safarni rejalashtirmoqda.
Agar Donald Tramp noyabr oyida boʻlib oʻtadigan AQSH prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonsa, Orban u bilan mustahkam aloqa oʻrnatishni maqsad qilgan boʻlishi mumkin.
Venger siyosatchisi oʻzini Rossiya va Ukraina oʻrtasida tinchlikka erishishdagi “tinchlikparvar elchi” rolini yuqori darajaga olib chiqdi.
Pekinda Viktor Orban Xitoyni Rossiya va Ukraina oʻrtasida tinchlik oʻrnatish tarafdori boʻlganligi uchun olqishladi. U Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashgandan soʻng oʻzini tinchlik missiyasi vakili sifatida namoyon etib, “Tinchlik missiyasi 3.0” loyihasini taqdim etdi.
Baʼzi ekspertlar Orbanning faoliyatini shubha ostiga olmoqda. Yevropa Ittifoqi rasmiylari, jumladan Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas Orbanni Vengriyaning Yevropa Ittifoqiga raisligidan foydalanib, ittifoqning Ukrainaga nisbatan siyosatini chalkashtirib yuborishda aybladi.
Yevropa Ittifoqi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvidan keyin Orbanga tanbeh berdi. Germaniya vitse-kansleri Robert Xabekning aytishicha, Orbanning uchrashuvlari Yevropa Ittifoqining rasmiy kelishuvlari emas, balki ikki tomonlama masalalar sifatida koʻrilishi kerak.
Oʻz navbatida, Orbanning harakatlari uning Yevropada oʻta oʻng qanotlarni boshqarish strategiyasining bir qismi sifatida koʻrilmoqda. Venger siyosatchisi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qarshi chiqib keladi va Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlashga urinadi. U Ukrainaga yordam berishga “blok” qoʻygani ham hammaning yodida turibdi.
Siyosiy maslahatchi Jyulyen Xoezning fikricha, Orbanning soʻnggi harakatlari uning Vengriyadagi obroʻsini oshirishga qaratilgan. Uning partiyasi yaqinda Vengriyada boʻlib oʻtgan Yevropa Ittifoqi saylovlarida yomon natija koʻrsatdi va raqibi Piter Madyarga yutqazdi.
Xoyezning aytishicha, u ham Yevropada oʻta oʻnglar harakatiga rahbarlik qilmoqchi va AQSHdan Yevropaga “liberal boʻlmagan ittifoq” qurmoqchi.
Hafta boshida Orbanning partiyasi Fransiyaning oʻta oʻng partiyasi yetakchisi Marin Le Pen bilan Yevropa parlamentidagi yangi oʻta oʻng guruhga qoʻshildi. Bu harakat Trampning AQSHdagi bazasiga kuch namoyishi sifatida qaraldi.
Orban oʻzini Yevropadagi yevroskeptik (Yevropa Ittifoqi va Yevropa integratsiyasini tanqid qilishni oʻz ichiga olgan siyosiy pozitsiya) va Xitoy yoki Rossiyaga koʻproq mos keladiganlar uchun asosiy oʻyinchi sifatida koʻrsatishga harakat qilishi ham shubha qatoridadir.
Yevropa siyosati boʻyicha ekspert Pyer Aroshning aytishicha, Orban Trampning potensial prezidentligiga tayyorlanmoqda. U Ukraina mojarosiga barham berish uchun Trampning prezidentlikka kelishini istaydi. Shunda u AQSHning 45-prezidentining loyihasida asosiy rolni oʻynay olishi uchun imkoniyat yaratadi.
Viktor Orbanning harakatlari Bryusselni ham bezovta qilmoqda. Koʻpchilik Yevropa Ittifoqi vakillari Vengriyaning raislikdagi rolidan norozi boʻla boshlashdi. Yevropa Ittifoqi toʻgʻrisidagi shartnomaning 7-moddasiga koʻra, Vengriya huquqlarini cheklash haqida gap ketayotgan boʻlsa-da, buning amalga oshishi dargumon. Ayni paytda, Orbanning keyingi manzili Vashington boʻlib, u yerda Tramp bilan uchrashishi yoki NATOning 75-yilligiga bagʻishlangan sammitida ishtirok etishi mumkin.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Vengriya Bosh vazirining sharq-u gʻarbga tinimsiz borib kelishi uning qandaydir siyosiy pozitsiyaga erishish yoʻlidagi katta qadamlardir. Uning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi, Ukraina bilan “ilimiq” siyosati, Xitoyga simpatiyasi, Trampga xayrixohligi va beqaror siyosatchiligi uning Yevropa Ittifoqi raisligidan suiisteʼmol qilmasdan foydalanayotgani haqida xabar berayotgan boʻlishi ham mumkin. Shunga qaramasdan, eng muhim vazifa jahondagi urush nuqtalarining barham topishidir. Agarda Viktor Orban bunga erisha olsa, bu uning va dunyoning katta yutugʻi boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring