“Oqila ayollar” harakati Sirdaryo viloyati kengashi sirdaryoliklarga murojaatnoma yoʻlladi

14:12 23 Iyun 2022 Jamiyat
244 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning 5 oyida Sirdaryo viloyati boʻyicha 778 ta ajrim qayd etilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 180 ta koʻpaygan. Ogʻriqlisi, turmushlari buzilganlar tarkibida faqat yosh oilalar emas, 20-25 yil birga yashaganlar ham bor.»Oqila ayollar» harakati Sirdaryo viloyati kengashi aʼzolarining viloyat aholisiga yoʻllagan murojaatida ayni shu masala, yaʼni oila institutini mustahkamlash va ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish boʻyicha fikr-mulohazalar, tavsiyalar oʻz ifodasini topdi. Jumladan, murojaatda shunday deyiladi:

«Hurmatli viloyatimiz aholisi, qadrli ota-onalar, aziz yoshlar!

Azal-azaldan xalqimizda oilaviy qadriyatlar eʼzozlab kelinadi, oila muqaddas maskan ekanligini, unda unib-oʻsayotgan farzandlar taʼlim-tarbiyasiga har birimiz masʼul ekanligimizni qalban his qilamiz. Bu borada davlatimiz xalqimizning tinch va totuv, bekamu koʻst, har qanday mamlakat fuqarolaridan kam boʻlmagan holda yashashlari uchun inson manfaatlarini koʻzlagan holda barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Afsuski, bugungi kunda ayrim oilalarning arzimagan sabablar bilan ajrashib ketayotganligi achinarli holat. Statistik maʼlumotlarga koʻra, viloyatimizda joriy yilning oʻtgan 5 oyi davomida 1605 ta nikoh, 778 ta ajrimlar qayd etilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 180 taga oshganligi ogʻriqli nuqta boʻlib turibdi.

Oila deb atalmish muqaddas dargohda insonning kelajagi, gʻururi, or-nomusi, avlodi dunyoga keladi. Inson borki, oʻzidan keyin nomi oʻchmasligi, avlodi davom etishi uchun keksayganda suyanchiq boʻladigan, bemor boʻlganida esa parvarish qiladigan, koʻzining quvonchi boʻladigan farzandlarga va uni oq yuvib, oq taraydigan ahli oilasiga, hatto dunyodan oʻtganida ham orqasidan tilovat va ehsonlar qilib, “Ota-onamni rahmatingga olgin”, deb duolar qilib turadigan farzandlarga muhtoj boʻladi.

Toki hayot ekanmiz, mol-dunyo kabi oʻtkinchi narsalarni topishning imkoni bor. Lekin har qanday lazzat farzand yoki nabira oʻrnini bosa olmaydi. Shundanmi, xalqimiz nabiralarni suyarkan, “Oʻrigidan danagi shirin”, deya taʼkidlaydilar. Shunday suyukli farzandlarni, baxtli hayotni, keksayganlikdan tashqari vafotidan keyin ham uni manfaati yoʻlida xizmat qiladigan farzandlarni vaqtinchalik maishat yoki kuch-quvvatning borida, hali yoshman, hamma narsa qoʻlimdan keladi, deb oʻz baxtiga oʻzi chang solib aldanib, qoqilib-surilib yurgan kimsalarning borligi sir emas.

Ajrim qayd etildi ham deylik. Har kunlik janjallardan toʻygan xotin, qulogʻi tinchiganidan quvongan er oʻzining onalik, otalik masʼuliyati haqida oʻylaydimi? Yoʻq, faqatgina oʻzini va oʻz tinchligini oʻylaydi, ajrimga yoʻl qoʻydi. Ammo ikki orada sarson qolgan, ota yoki ona mehriga zor boʻlib birovni yeganiga, birovni ichganiga, birovni kiyganiga havas qilib ota yoki ona mehriga zor farzandlar taqdiri nima boʻladi? Ularni kim oʻylaydi?

Axir farzand yurakning qonidan boʻladi. Oʻz yurak qonidan boʻlgan farzandni tashlab qoʻyib, vaqtinchalik hoy-havasga berilib, osmonlarda uchib yurgan ota-onalar uxlab yotgan gʻaflat uyqusidan uygʻonib, oʻz farzandlariga. erlar ahli ayoliga egalik qilishi lozim. Chunki dunyoga kelgan farzandning aybi yoʻq. Barcha ayb dunyoqarashi past, ilmsiz, farzand uvolidan qoʻrqmaydigan ota yoki onada. Oila boʻlib yashash qadriga yetmagan, hayotning ogʻir-yengiliga bardosh bera olmagan er-xotinda!

Aslida oʻz oilasida tinch-totuv yashagan, avvalo, insoniy hurmatiyu burchini chuqur anglagan, yaqinlari, jigarlarini izzat qilgan kishi jamiyatda ham, oʻzining moʻjaz vatanida ham tinchlik-osoyishtalik oʻrnatish uchun kurashadi va buning ming bir ilojini topadi. Axir uy, oila deganda faqat uy-joy, mol-mulk tushunilishi kerak emas. Bular oila hayot kechirishi uchun zarur vositalar, xolos. Oila erkak va ayolning er-xotinligi, otaligi, onaligi, bolalar tarbiyasini taʼminlovchi muhim dargoh.

Oila qurishda biz boshqa millat vakillaridan emas, balki ota -bobolarimizdan ibrat olsak yaxshi boʻladi. Ota - bobolarimiz uyida elektr chirogʻi, ichimlik suv quvuri, pultli televizor, divan-kreslo, qimmatbaho mebellaru tilla suvi yugurtirilgan idishlar, insonni boshdan oyoq koʻrsatadigan koʻzgu, toʻrt faslda toʻliq kiyiladigan kiyim-kechak, eng soʻnggi rusumdagi mobil gadjetlar, qoʻyingchi, roʻzgʻor yumushlarini yengillatadigan maishiy texnikalaru hatto uyida xizmat qiladigan oqsochi boʻlmagan. Ularda vijdon, sabr-toqat, sadoqat, farosat, odob, hayo, ilm, sopol choynak, sandal, loydan qurilgan kulba, toʻrt faslga yetadigan ikkita kiyimi boʻlgan. Lekin ular juda totuv va baxtli yashagan. Hatto biror farzandi urushda yoki baxtsiz hodisa tufayli vafot etsa, akasining ayolini ukasiga nikohlab bergan, farzandlari boʻlsa qabul qilib, ularga otalik vazifasini bajargan. Akasining yetimi xoru zor boʻlmasin, birovga qulgi yoki gap-soʻz boʻlmasin, qiynalmasin, bizni orimiz, deb tul yoki beva ayolni koʻchaga irgʻitib yubormagan.

Ajralayotgan oila kimningdir akasi yoki ukasi, yoki opasining, yoki singlisining, nari borsa, jiyanlarining oilasi boʻlishi mumkin. Jigarlarini oilasini buzilib ketishini koʻra-bila turib beparvo yurgan kishilar bu muammoni yana bir bor oʻylab koʻrsalar, nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.

Bundan tashqari er-xotin, qaynona-kelin, qaynona-kuyov hamda oilaning boshqa aʼzolari oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ularning har biri bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilib, ular murosaga keltirilmoqda. Bunday oilalarga mahalladagi namunali oilalar vakillari, mahalla faollari, Haj ziyoratini ado etgan otaxon va onaxonlardan iborat kayvonilar biriktirilmoqda. Notinch oilalar bilan olib borilayotgan ishlar oʻz samarasini bermoqda. Soʻnggi bir oy ichida tuman, mahallalar kesimida nizoli, ajrim yoqasidagi 331 ta oilalar yarashtirildi.

Xalqimizda “Qushning ham ini buzilmasin”, degan gap bor. Ota-bobolarimiz ana shunday oilaparvar, olijanob insonlar boʻlishganki, hatto qushning ham ini buzilishini istamagan. Biz ham ularga munosib avlod boʻlaylik, oilamizni, tevarak-atrofimizdagilarni, qoʻshnimiz, mahallamizdagi hayotga yengil qarayotgan oilalarni toʻgʻri yoʻlga boshlaylik, ajrimlarga yoʻl qoʻymaylik, begunoh norasidalarni ota yoxud ona mehridan judo qilmaylik».

Ahmadali SHERNAZAROV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?