"Oqdaryo" suv omborida yoriqlar paydo boʻlgani haqida tarqalgan videolar haqiqatmi? Rasmiy munosabat bildirildi
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi Oqdaryo suv omborida yoriqlar paydo boʻlgani va suv sathi meʼyordan oshib ketgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda videolar tarqaldi. Mazkur holat boʻyicha Ishtixon tumani hokimligi tezkor munosabat bildirib, tarqalgan maʼlumotlarning haqiqatga mos kelmasligini maʼlum qildi.
Hokimlikning rasmiy bayonotiga koʻra, Oqdaryo suv omborida hech qanday nosozlik yoki xavfli holat aniqlanmagan. Suv sathi meʼyoriy darajada boʻlib, damba va unga tegishli infratuzilmalar barqaror ishlamoqda. Strategik ahamiyatga ega ushbu inshoot doimiy ravishda mutaxassislar tomonidan nazorat qilinib, texnik koʻrikdan oʻtkazilgan.
Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati boshligʻi Ilhom Boqiyev “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilishicha, 13-yanvar kuni Ishtixon tuman sudida mazkur holatga huquqiy baho berilgan.
Ayni paytda “Oqdaryo” suv omborida olib borilgan joriy taʼmirlash ishlari davomida ombor janubiy-gʻarbiy qismida yoriqlar paydo boʻlgani haqida notoʻgʻri maʼlumotni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan J.H. va M.P.ning harakatlari koʻrib chiqildi. Ular mazkur notoʻgʻri maʼlumotni 10-yanvar kuni tarqatib, jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborot tarqatganlikda aybdor deb topildi.
Sudda aniqlanishicha, J.H. videotasvir davomida “Mana Ishtixon tumani suv omborida suv toshib ketishga oz qoldi” degan asossiz fikrlarni bildirib, videoni ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatgan. Sud majlisida aybdorlarning harakatlari dalillar, tushuntirish xatlari va sud materiallari orqali tasdiqlandi.
Sud hukmiga koʻra, J.H. va M.P. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, yaʼni 7 million 500 ming soʻm jarima jazosi belgilandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring