Oq uyga koʻchishga tayyorlanayotgan Tramp Bayden bilan koʻrishdi
Foto: AP
AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp va mamlakatning amaldagi rahbari Jo Bayden siyosiy maydondagi chuqur kelishmovchiliklarga qaramay chorshanba kuni hokimiyat almashinuvi fonida uchrashib, Ukraina va Yaqin Sharq masalalarini muhokama qilishdi.
Oq uy matbuot kotibining jurnalistlarga aytishicha, siyosatchilar milliy xavfsizlik va mamlakat hamda dunyo oldida turgan muhim ichki siyosat masalalarini muhokama qilgan. Uning qoʻshimcha qilishicha, 2 soatlik uchrashuv samimiy va mazmunli oʻtgan.
“Bayden Ukrainani qoʻllab-quvvatlash AQSH milliy xavfsizligi uchun foydali ekanligini taʼkidladi, chunki kuchli va barqaror Yevropa Amerikani urushga tortilishidan saqlaydi”, — deydi Oq uyning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan jurnalistlarga. Tramp esa Rossiya — Ukraina urushini zudlik bilan tugatishga vaʼda bergan. Ammo uni qanday amalga oshirishni maʼlum qilmagan.
“New York Post” gazetasi esa siyosatchilar Yaqin Sharq masalasi boʻyicha ham uzoq gaplashganini yozdi.
Ikkala yetakchi ham hokimiyat almashinuvi silliq kechishini taʼkidlagan. Bayden ushbu jarayonni intiqlik bilan kutayotgani va Trampga xush kelganini aytgan.
“Siyosat juda qiyin va koʻp hollarda unchalik yoqimli soha boʻlmasa-da, lekin bugungi kunda bu jarayonni qadrlayman. Hokimiyat almashishi silliq kechadi men bunga ishonaman”, — deydi Tramp.
Ikki siyosatchi bir necha yillar davomida bir-birini tanqid qilib kelishdi. Ularning jamoalari iqlim oʻzgarishidan Rossiyagacha, savdo-sotiqgacha boʻlgan siyosat boʻyicha turli pozitsiyalarga ega.
81 yoshli Bayden Trampni demokratiyaga tahdid sifatida koʻrsatgan, 78 yoshli Tramp esa Baydenni qobiliyatsiz deb atagan. Tramp 2020-yilgi saylovda magʻlub boʻlganidan keyin keng tarqalgan firibgarlik haqida yolgʻon daʼvolar qilgan edi.
Birinchi xonim Jill Bayden ham ushbu tadbirda ishtirok etgan. Oq uy Trampga rafiqasi Melaniya Tramp uchun qoʻlyozma tabrik xatini berganini va uning jamoasi almashinuv jarayonlariga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Tramp oʻz gʻalabasini Vakillar palatasidagi respublikachilar bilan nishonlagan. “Edison Research” chorshanba kuni respublikachilar Vakillar palatasida koʻpchilikka ega boʻlishini taxmin qildi, yaʼni Tramp partiyasi Kongressning ikkala palatasini ham nazorat qiladi.
Oq uyga kelayotgan Tramp oʻz jamoasi aʼzolarining baʼzilarini eʼlon qilgan. Hali u ofis maydoni va unga kerak boʻladigan jihozlar roʻyxati boʻyicha kelishuvga imzo chekkanicha yoʻq.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
- Bosh prokuratura muzeyiga noyob eksponatlar kiritildi
- Oʻzbek polvonlari kurash boʻyicha Jahon chempionatida 72 ta medal bilan birinchi oʻrinni egalladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring