Oq uyda sodir boʻlgan Tramp hamda Zelenskiy mojarosi avvaldan reja qilinganmidi?

12:43 04 Mart 2025 Dunyo
305 0

28-fevral kuni Oq uyda oʻtkazilgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda AQSh prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi muzokaralar yakuni mojaro bilan tugagan edi. AQSh rahbari Zelenskiyni Rossiya bilan urushni tugatishni istamaslikda ayblagan boʻlsa, vitse-prezident Jey Di Vens Ukraina yetakchisini Amerikani hurmat qilmaslikda aybladi.

Mazkur holat tufayli ikki mamlakat oʻrtasida tuzilishi kerak boʻlgan Ukraina hududidagi foydali qazilmalarni qazib olish boʻyicha kelishuv imzolanmadi. Zelenskiy muddatidan oldin muzokarani yakunlab, Oq uyni tark etgan.

Ayrim mutaxassislar Oq uyda oʻtgan muzokaradagi diplomatik mojaroning asl sababchilari Donald Tramp hamda vitse-prezident Jey Di Vens ekanligini taʼkidlashmoqda. Koʻpchilik mazkur holat oldindan rejalashtirilgan deb hisoblashmoqda. “Meduza” nashri mojaro kim tomonidan boshlangani va u rejalashtirilgan yoki yoʻqligi haqida turli siyosatchilar hamda ekspertlarning fikrlarini jamladi.

Jumladan, amerikalik tarixchi va Shotlandiyadagi «Sent Endryus« universitetining Xalqaro munosabatlar maktabi rahbari Fillips OʻBrayenning fikricha Tramp Zelenskiyga bosim oʻtkazgan.

“Zelenskiy bosimga uchragani bois Trampning barcha takliflarini rad qildi. Trampning istagiga koʻra, Ukraina sukut saqlagan holda Tramp hamda Putinning shartlarini qabul qilishi kerak”, — deb fikr bildirgan Fillips OʻBrayen.

Britaniyalik siyosatshunos, London Qirollik kolleji qoshidagi Rossiya tadqiqotlari instituti xodimi Sem Grinning aytishicha, bu mojaro tasodifan boʻlmagan.

“Agar haqiqiy tinchlik kelishuviga erishishning imkoni boʻlmasa, kimdir aybdor qilib koʻrsatilishi kerak edi. Mojaroda shunday boʻldi, Zelenskiy aybdor qilib koʻrsatildi. Tramp va uning atrofidagilar Ukrainani qanday qilib tuzoqqa tushirish haqida oʻylashgan”, — deydi u.

“The New Yorker” nashri bosh muharriri, jurnalist va yozuvchi Devid Remnikning soʻzlariga koʻra, davlat rahbarlari bunday ishlarni tayyorgarliklarsiz amalga oshirmaydi. Bu mojaro ham oʻz-oʻzidan boʻlib qolgani yoʻq.

“Vitse-prezident Vens Zelenskiydan minnatdorlik bildirishni talab qildi. Zelenskiy avval ham AQShga bir necha bor minnatdorlik bildirgan, jumladan, oʻsha uchrashuvda ham — ham yopiq doirada, ham odamlar orasida. Ammo bu faqat jirkanch namoyish uchun bahona hamda sabab edi”, — deydi jurnalist.

Demokrat siyosatchi, Arizona shtatidan senatori Mark Kelliga koʻra, vitse-prezident Jey Di Vens goʻyoki Trampga yaxshi koʻrinmoqchi boʻlgan.

“Vensning bunday yosh bolalarcha harakati vaziyatni yomonlashtirdi. Bunday muzokaralar yopiq eshiklar ortida oʻtkazilishi kerak edi”, — deydi senator.

Amerikalik jurnalist Gretxen Karlsonning fikricha, Tramp Zelenskiy bilan suhbati ajoyib tomoshaga aylanganini taʼkidlagan.

“Bu uning ogʻzidan bexosdan chiqib ketgandek tuyuldi. Menimcha, bu avvaldan uyushtirilgan va rejalashtirilgan edi. Tramp va Vens birinchi navbatda Amerika xalqi oldida oʻzlarini namoyish qilayotganliklarini bilishardi. Agar ijtimoiy tarmoqlarga nazar tashlasangiz, odamlarning «Amerikani qaytarib oldik” va “Amerikani yana buyuk qildik” deb quvonayotganlarini koʻrasiz», — deya fikr bildirgan jurnalist Karlson.

Ukrainalik siyosatshunos Artyom Bronjukov mazkur holatga izoh berar ekan Zelenskiyni provokatsiya qilish, obroʻsizlantirish, Ukraina va jamiyat tayyor boʻlmagan kelishuvlarni imzolashga majburlash uchun unga qarshi maqsadli hujumga oʻxshashini aytib oʻtdi.

“Vens Zelenskiyni ukrainaliklar yetarlicha minnatdor emasligida aybladi. Ammo bu notoʻgʻri ekanini hamma tushunadi. Zelenskiy Amerika xalqi Ukraina uchun koʻp ish qilganini doim takrorlaydi va taʼkidlaydi”, — deydi mutaxassis.

Ushbu holatga fikr bildirayotganlar orasida Ukraina prezidenti oʻzini nooʻrin tutganligi hamda mojaro uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi kerakligini taʼkidlayotgan mutaxassis hamda siyosatchilar ham bor.

Jumladan, Britaniya parlamenti aʼzosi va Yevroparlamentning sobiq deputati, Britaniyaning “Birlashgan Qirollikni isloh qilish” partiyasi rahbari Nayjel Faraj agar Oq uyga kelsam, kostyum-shim va toza botinka kiyib olganimga ishonch hosil qilgan boʻlardim, deya vaziyatga munosabat bildirgan.

“Agar Zelenskiy bu uchrashuvga ijobiy kayfiyatda borayotgan boʻlsa, balki bu haqda oʻylab koʻrishi kerakdir. U amerikaliklarga meni qoʻllab-quvvatlamasalaring holim nima kechadi, deb oʻzini juda ahmoqona tutdi. Albatta, Vens va Tramp tashlanishdi, lekin menimcha, diplomatiya nuqtayi nazaridan Zelenskiy oʻzini juda yomon koʻrsatdi. Mehmonim uyimda menga qoʻpollik qilishini istamasdim. Mehmon oʻzini hurmat bilan tutishini istardim”, — degan u.

Ukrainalik deputat Aleksey Goncharenko vaziyatga munosabat bildirar ekan, Amerika rasmiylari qilayotgan ishlarga baho berishga haqqim yoʻq deb oʻylayman. Ukraina fuqarosi sifatida aytishim mumkinki, Zelenskiy nimani eshitganidan qatʼi nazar, xotirjam boʻlishi va bahsga bormasligi kerak edi, deb hisoblashini maʼlum qildi.

“U biz hamkorlik va muloqot qilishni xohlashimizni, Qoʻshma Shtatlar bilan hech qanday muammo boʻlishini istamasligimizni aytishi kerak edi. AQSH bizning ittifoqchimiz boʻlishini istaymiz. Men Zelenskiyning prezident sifatida ancha diplomatik va konstruktiv boʻlishini istayman”, — deb fikrlarini yakunlagan deputat Goncharenko.

Eslatib oʻtamiz, Ukraina yetakchisi Oq uydagi mazkur uchrashuvdan soʻng ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida post yozib, AQShga oʻz minnatdorchiligini bildirgan edi.

“Qoʻllab-quvvatlaganingiz hamda bu tashrif uchun rahmat. Prezidentga, Kongressga va Amerika xalqiga tashakkur. Ukrainaga adolatli va uzoq muddatli tinchlik kerak va biz aynan shu maqsadda ishlayapmiz”, — deb yozgan Vladimir Zelenskiy.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер