Onalik baxti va masʼuliyati

14:20 28 Fevral 2024 Madaniyat
434 0

Qishloqdagi qarindoshlar hovlisida bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berishdi: yangi jo‘jalar orasida oyog‘i tappoq, tumshug‘i sap-sariq mitticha ham bor edi. Tovuq bosib yotgan tuxumlar orasiga o‘rdakning tuxumi aralashib qolganini hamma tushundi, lekin ona tovuq uchun buning zarracha ahamiyati yo‘q, u barcha jo‘jalarga birdek parvona, mehribon, himoyachi edi. Faqat o‘rdakcha ona tovuqni ko‘p behalovat qilar, orqasidan “chiy-chiy”lab ergashib yurgan jo‘jalardan ajralib, hovli devori oldidan oqayotgan ariq tomon yurganda, ona tovuq bezovta “qa-qag‘”lay boshlardi. O‘rdakcha beparvo “cho‘lp” etib suvga tushib suza boshlar, ona tovuq ariq labida unga yonma-yon chopib, dunyoni oyoqqa turg‘azmoqchi bo‘lardi...

Bu holni onalik tuyg‘usi, mas’uliyati yo saodati deb atash mumkin! Parvardigori olam bir jonivorning jismiga shunchalar mo‘jizani joylagan ekan, insonlarga ato etgan onalik martabasiga ta’rif bormikin?..

Ijtimoiy tarmoqda kuzatganim mana bu xabarlar beixtiyor yuqoridagi voqeani yodga soldi:

“Guliston shahrida... Buxoro viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahrida vaqtincha yashovchi ayol joriy yilning 30-yanvar kuni tug‘ilgan o‘g‘il farzandini 40 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan”.

“Termiz tumanida yashovchi ayol joriy yilning 25-yanvar kuni tug‘ilgan qiz farzandini o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan ayol bilan til biriktirib, Termiz shahrida 25 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlangan”.

“Chirchiq shahrida yashovchi ayol o‘zining 2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini Toshkent shahrida 3 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan”.

“Namangan shahrida yashovchi ayol o‘zining 2014-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini 18 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, talab qilingan puldan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan”.

Huquq-tartibot idoralari tomonidan tasdiqlangan, ayni kunda yon-atrofimizda yuz bergan jinoyatlar... Afsuski, yangilik emas, afsuski, qonuniy jazolar qo‘llanayotgan esa-da, tuzalishning o‘rniga gazaklab borayotgan, ijtimoiy muammoga aylanayotgan va agar yechim-davo topilmasa, achchiq oqibatlarga olib keladigan dard-og‘riqlarimiz...

Kechirilmas illat

Mamlakatimizda har bir inson hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun moddiy va ma’naviy imkoniyat, sharoitlar yaratish Prezidentimiz, davlatimiz ichki siyosatining bosh yo‘nalishlaridan bo‘lishi uchun jiddiy islohotlar amalga oshirilyapti. Shunday davrda himoya, parvarish, mehr-muhabbatga hammadan ko‘proq haqli va muhtoj bolajonlardan ayrimlarining o‘z onasi tomonidan bir buyum, narsadek sotib yuborilishi, tan olishimiz kerak, jamiyat uchun kechirilmas illat, desa bo‘lar. Fikrimizga e’tiroz bildirguvchilar oz emas. Ya’ni “Bolasini sotgan bir bemehr, farzand qadrini bilmas toshbag‘ir, onalikka nomunosib bo‘lsa, boshqalarning nima aybi bor?”

Jamiyat — misoli bir ulkan vujud. Uning har bir nuqtasidagi ijobiy yoki salbiy o‘zgarish tananing umumiy holati bilan bevosita bog‘liq. O‘ylab ko‘raylik, ayol o‘z jonining bir parchasi bo‘lgan dilbandini pul-boylik evaziga sotib yuborishi qaysi davrlardan boshlandi? O‘tgan asrdagi urush va undan keyingi ochlik, qahatchilik zamonlari, XX asrda sovet tuzumining qatag‘onlari avj olgan (xalqning ziyoli oydinlaridan tortib moddiy-ma’naviy boyliklarigacha talab-tashib ketilgan, yoqib-yanchilgan) mash’um yillar... To‘g‘ri, o‘sha zamonlarda bitta-yarimta chorasizlar o‘zi tirik qolishiga ham ko‘zi yetmagach, boshqa iloji yo‘qligidan bolasini ishonchli insonlarga bergani haqida eshitganmiz, o‘qiganmiz. Ammo egnida kiyimi, dasturxonida noni, ishlab daromad topishga imkoni, hech bo‘lmaganda, atrofida maslahat yoki yordam so‘rashi mumkin bo‘lgan odamlar bo‘la turib bolasini sotganini bilmaymiz. Aslida parrandayu darrandalar, hayvonlar, yirtqichlar-da bu qabohatdan yiroq.

Bir necha o‘n yilliklardan buyon ommaviy axborot vositalarida yoziladi, tahlil qilinadi. El orasida ham ozmuncha muhokama bo‘lmaydi. Bolasini sotgan onalar ta’rifida ayol zotiga nomunosib qanchadan-qancha so‘zlar aytildi: “sadqayi onalik nomi”, “sharmanda”, “yengil-yelpi” va hokazo... Lekin samara yo‘q... Shu o‘rinda mulohaza qilib ko‘rsak: og‘ir dardga chalingan insonni davolash uchun uning qulog‘iga: “Sen yomon kasalsan, sening bu holating yaxshi emas, sen bu kasaldan tuzalishing kerak”, degan gaplar quyilishidan zarra naf bo‘lmaydi. Balki bemorning taqdiri ayni dardning kelib chiqishi, belgilari, asoratlari, davo usullarini yaxshi bilgan shifokorga topshiriladi va kasal odamdan uning tavsiyalariga amal qilish talab etiladi.

Bizningcha, odamfurushlik, onalarning o‘z bolasini sotishi ham jiddiy ijtimoiy dardga aylandi. Ularning hammasi haqida birdek xulosa chiqarib, muolajasi uchun qolipga tushgan maslahat berib bo‘lmaydi. Uning kelib chiqish sabablari, rivojlanishi, belgilari ijtimoiy tadqiqotlar asosida o‘rganilib, oldini olish choralari ko‘rilsagina, begunoh bolajonlar bozordagi buyum kabi har xil odamlar qo‘liga tushib qolishining oldi olinishi mumkin.

Mustaqilligimiz arafasidan toki shu kunlargacha bizning mamlakatimiz hayotida (istiqlolga erishgan barcha davlatlarda bo‘lgani kabi) ayrim iqtisodiy yetishmovchilik, o‘tish davri sinovlari bo‘ldi. Ilohim, o‘tgan asr guvohlari — bobolarimiz, momolarimiz, ota-onalarimiz so‘zlab bergan qiyinchiliklar yangi avlodlarimiz uchun kitoblarda tarix bo‘lib qolsin. Onam eslardi: “Bitta qora kulchani to‘rtta akang, opanglarga bo‘lib berib, dadang ikkimiz ushoqlarini tamaddi qilib kun o‘tkazardik”. Odamlar yerdagi giyohlarning ildizini yeb, shishib ketgan davrda ham bolasini sotgani haqida eshitmaganmiz.

Bir keksa otaxon yozgandi: “Urushdan keyingi yillarda ikki farzandli tog‘am bizni — ota-onadan yetim qolgan ikki jiyanini qaramog‘iga oldi. Men olti yashar, singlim Buvirajab beshikda yotardi. Bir kuni tog‘amning xotini kunjara ivitib hammamizga ozginadan berdi. Beshikda mo‘ltirab yotgan singlimga ham noiloj kunjaraning suvidan ozgina ichirib qo‘ydi. Tongda uyda yig‘i-sig‘i bo‘lib ketdi. Chiqib qarasam, Buvirajab ko‘karib, qotib qolgan ekan. Tog‘amning xotini umrining oxirigacha: “Men unga kunjara suvini ichirdim, o‘limiga sabab bo‘ldim”, deb yig‘lab gapirardi. Holbuki, o‘shanda uyda bir piyola kunjaradan boshqa narsa yo‘q edi”.

Achchiq savol: kuni ajriqning ildizi, kunjaraga qolgan zamonlardan ham jigargo‘shasini jonida asrab olib o‘tgan momolar, buvilar, onalarning avlodi — o‘zbek ayoli har kuni qancha-qancha nonu yeguliklar axlatga tashlanayotgan hozirgi paytda qanday sabab bilan bolasini sotmoqchi bo‘lyapti, pulga almashyapti?

Boshqalar nima deydi, bilmayman, lekin men (garchi 2020-yili Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda kambag‘allik borligi rasman tan olingan bo‘lsa-da) ayni muammoning o‘q ildizi moddiy yetishmovchilik bilan bog‘liq, degan fikrda emasman.

Muammoning ildizi qayerda?

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardagi voqealarning manziliga e’tibor qaratsak: Buxoro viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahrida vaqtincha yashovchi ayol; Termiz tumanida yashovchi ayol; Chirchiq shahrida yashovchi ayol; Namangan shahrida yashovchi ayol, ya’ni markaziy shaharlarda yoki markaziy shaharlarga yaqin-yondosh joyda yashab turgan ayollar bolasini sotmoqchi bo‘lgan. Statistik ma’lumotlarga qarasak, ayni shu joylarda oilaviy ajralishlar darajasi ham yuqori.

Yana bir mulohazali holat: garchi keyingi yillarda mamlakatimiz barcha hududining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maishiy rivojlanishiga, odamlarning ish bilan ta’minlanishiga jiddiy e’tibor qaratilib, ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgan esa-da, viloyatlarning chekka-chekka, shahar va tumanlar markazlaridan olis manzil-makonlari aholisining hayoti markazliklar turmush darajasiga yetib olishi uchun yillar kerak bo‘ladi. U yerlarda hamon ichimlik suvi tashib keltiriladigan, gaz yetib bormagan joylar bor. Elektr chiroqlari kechasiyu kunduzi birdek charaqlamaydi. Do‘konu bozorlarda shahardagi kabi xilma-xil mollar, mahsulotlar bosilib yotgani yo‘q, doimiy ish o‘rinlari yetishmaydi, mehnat sharoitlari ham shunga yarasha... Ammo o‘shandoq joylarda yashab turgan onalardan birortasi bolasini sotganini eshitmadik! Ha, tan olish kerak, markaziy shaharlardagi hayot, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov xavotir bilan yozganidek, ayrim xotin-qizlardan hayo pardasini ko‘tarib yuborgani kabi, ayrim ayollar qalbidan onalik mehr-muhabbati, mas’uliyati, rahm-shafqatini ham yupqartirib, yuvib tashlayotgandek. Sababi...

Mustaqillik tufayli biz dunyoga chiqdik, dunyo xalqlari uchun chegaralarimiz ochildi. Axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali jahondagi elu millatlar hayoti, madaniyati, urf-odatlari, e’tiqodiga oid ma’lumotlar xonadonlarimiz (ayniqsa, markaziy shahar va tumanlar aholisi)ga yog‘ilib turibdi. Mana shu jarayonda aksariyat yurtdoshlarimiz bebaho ne’mat — erkinlik saodatini, haq-huquqlarini anglab borgani sayin o‘zlarining jamiyatdagi burch va huquqlaridan foydalanish hamda buni himoya qilishni, ezgulikka yetaklaydigan umuminsoniy g‘oyalar, ibratli an’analarni yanada kengroq o‘rgandi; ayrimlar esa o‘zlari bilib-bilmagan holda millatimiz, necha asrlik qadriyatlarimizga yot bo‘lgan qusurlar: hayotga yengil-yelpi qarash, “bir marta beriladigan umrda yashab qolish” kayfiyati, illati, xudbinligini chet el hayotidan bevosita yoki bilvosita “yuqtirib” oldi. Dunyo ilg‘or madaniyati, yuksak ma’naviyatining ochiq-oshkor kushandasi bo‘lgan “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi efirlar, liboslar, ko‘rgazmali muomala-munosabatlar, yaltir-yultur qog‘ozu yelim idishlarga o‘ralgan sun’iy hid, ta’m, rang berilgan yemishlar vositasida qay bir kishilar ongidagi bo‘shliqqa o‘rmalab kirdi, qalbini zaharladi.

Biz Vatan, ona, xalq, farzand uchun umrini tikib yashaydiganlar haqida gapirganimizda mustahkam e’tiqod hammada ham birdek bo‘lmasligini hisobga olishimiz kerak. Kishi qanaqa oilada tarbiya topgani, kimlardan ilmu saboq olgani, atrofida qanday odamlar bo‘lgani bilan bog‘liq ravishda to‘g‘ri, noto‘g‘ri yoki ora yo‘lga tushib qolishi va xuddi shu sabablar natijasida hayot sinovlarini yengishda barcha birdek irodali, sabrli, mulohazali bo‘lib ulg‘aymasligini unutmasligimiz shart. Qay bir ayol to‘qqiz oydan ortiq muddatda yuragining tagida ne holatlarga tushib ehtiyotlab kelgan, hayotu mamot o‘rtasida turib dunyoga keltirgan, jonining bir parchasi bo‘lgan bolasini o‘tkinchi muammolarini hal etish uchun pulga almashtirmoqchi ekan, demak, u hayotning noto‘g‘ri ko‘chasiga kirgan.

Yuqorida markaziy shaharlar haqida bejiz to‘xtalmadik. Ota-onadan uzoqlashib bu yerlarga o‘qish, ishlash maqsadida kelgan qizlar, ayollar uchun yurish-turishda, kiyinishda, tanish-bilish tanlashda, turli joylarga borishda, ovqatlanish va hokazolarda ilgari hech sinab ko‘rilmagan “erkin”liklar eshigi ochilib ketganday bo‘ladi. Bolasini tug‘uruqxonaga (yoki ko‘chaga, axlatxonaga... astag‘firulloh!) tashlab ketgan qizlarning aksariyati shu “eshik”lardan biriga kirib qolgan bo‘ladi. “Xo‘sh, unda chirchiqlik ayolning 2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini, namanganlik ona 2014-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini sotmoqchi bo‘lganini qanday tushunish mumkin?” degan savol tug‘iladi. Axir ularning biri bolasini olti yoshgacha, ikkinchisi o‘n (!) yoshgacha boqib tarbiyaladi. Yomon niyat ona qalbida birdaniga paydo bo‘ldimikin? Yo‘q! Ayni savolning javobi, yechimi hammamizga taalluqli.

Mehr-oqibat, o‘zaro ishonch rishtalari uzilsa...

Bir hayotiy misol keltirmoqchiman: bundan uch yillar muqaddam “Adolat” gazetasida sirdaryolik sud organi xodimlarining bir jinoiy ish haqidagi maqolasi chiqdi. Unda Shahnozaxon ismli ayol chaqalog‘ini sotayotganda ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, besh yilga ozodlikdan mahrum etish chorasi ko‘rilgani haqida yozilgandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayol Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanidan bo‘lib, eridan ajralgan, kichik farzandi bilan otasinikida ikki yil yashagan. Moddiy qiyinchiliklar tufayli Toshkentga kelib, tikuvchilik sexida ishlagan. O‘sha paytda namanganlik bir erkakka shar’iy nikoh bilan turmushga chiqib, erinikiga ketgan. Lekin yangi oilasidagilar ayolning farzandini chiqishtirmagani sababli Shahnozaxon yana Toshkentga kelib ishlaydi, Yangiyo‘lda ijara uyda yashaydi. Uch oylar o‘tgach  ayol homiladorligini biladi, shar’iy nikohga olgan eriga bu haqda ma’lum qiladi, ammo “er” homilani oldirib tashlashni maslahat beradi. Homila ancha katta bo‘lib qolgani uchun shifokorlar bu amaliyotga ko‘nishmaydi. Bu orada Shahnozaning bir xonalik ijara uyiga ukasi ham oilasi bilan ko‘chib kelib yashay boshlaydi. Ularning tirikchiligi ham ishlab turgan Shahnozaning zimmasiga tushadi. Shuning uchun “Ikkinchi farzandim tug‘ilsa, yanayam qiyin ahvolda qolaman”, degan tashvishini birga ishlaydigan qizga aytadi. Qiz tezda tanish yigitini, yigit esa sirdaryolik o‘rta yoshli ayolni boshlab keladi. Sirdaryolik xotin kelini bir necha yildan buyon farzand ko‘rmayotganini aytib, “Tug‘ilajak chaqaloqni bizga bering”, deb so‘raydi. Bolani o‘z farzandidek ko‘rib ulg‘aytirishini aytadi. Shahnoza bu taklifga rozi bo‘ladi. Sirdaryolik ayol uni Gulistonga olib borib shifokorlarga ko‘rsatadi, davolatadi, o‘g‘ligayam g‘amxo‘rlik qiladi. Shu orada... bu gaplardan xabardor bo‘lgan bir tanishi Shahnozaga: “Sen u ayolning hojatini chiqaryapsan-ku, u ham senga yordam bersin. Ijarada turgan uyingni sotib olishga pul so‘ra”, deb yo‘l ko‘rsatadi. O‘zining nazarida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Shahnoza bu gapga qo‘shiladi, sirdaryolik ayoldan o‘n bir ming AQSH dollari berishini so‘raydi. “Mayli, men o‘ylab ko‘ray-chi”, degan javob bo‘ladi.

Xullas, chaqaloq tug‘ilganining beshinchi kunida, kelishib olganlaridek, sirdaryolik ayol kirib keladi, yonidagi erkakni o‘zining yaqin odami sifatida tanishtiradi. Chaqaloq yo‘rgaklanib, yangi “onasi”ga topshirilib, kelishilgan pul haqiqiy ona qo‘liga o‘tgan zahoti haligi erkak o‘zining ichki ishlar xodimi ekanini aytadi, Shahnozaning qo‘liga kishan solinadi. Sud uni besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqaradi (sirdaryolik xotinning avvaliga bolani o‘zaro kelishib qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgani, Shahnozaga mehribonchiliklari, Shahnozaning ishi jinoyat ekani haqida og‘iz ochmay, o‘rtaga pul masalasi tushganda o‘zgarishi va shundayam bir og‘iz ogohlantirmay, sudda “Bu ayol bolasini sotmoqchi bo‘lgani, jinoyat yo‘liga kirgani uchun huquq-tartibot xodimlariga ma’lum qildim”, deb adolatparvar bo‘lib guvohlik berishi — qalbni parmalab tashlaydigan alohida mavzu).

Voqeaning oqibatinigina bayon etmasdan, o‘zi va bolasini, o‘rni kelsa jigarlarini ham boqish uchun harakat qilgan, oilaviy baxtga intilgan, tajribasizligi, bir to‘g‘ri maslahat beradigan odami yo‘qligi tufayli jinoyatchiga aylangan Shahnozaning boshidan kechirganlarini maydalab yozganim sababi — hurmatli o‘quvchini mushohadaga chorlash.

Yodingizda bo‘lsa, 2017-yilning yozida Yurtboshimiz keng jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda ayollar, onalar haqida alohida to‘xtalib, xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanadigan maslahatchilarga ikki oy muddatda o‘zi mas’ul bo‘lgan mahallalardagi barcha xonadonga birma-bir kirib, oiladagi xotin-qizlarning sog‘lig‘idan tortib ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-maishiy muammolarigacha o‘rganib chiqishni, shu asosda tegishli tashkilotlar bilan muammolarni hal etish choralarini ko‘rishni topshirgan edi. O‘shandan buyon barcha mahallada nomlanishi o‘zgarsa-da, vazifasi shu hududdagi xotin-qizlar bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan xodimalar faoliyat ko‘rsatib kelyapti.

Oila, ayollar, onalik va bolalarga har jihatdan g‘amxo‘rlik — Prezidentimiz eng ko‘p e’tibor qaratayotgan masalalardan biri; har gal bu borada gapirib, vazifalar qo‘yganda, mas’ullarning o‘z tasarrufidagi hududning barcha xotin-qizlari bilan yuzma-yuz doimiy muloqotda, ularning ahvolidan boxabar bo‘lishni, ayniqsa, yordamga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashni, ijtimoiy yordam chin egalarini topishi shartligini ko‘p ta’kidlaydi. Toki jamiyatning jipsligi, mehr-oqibat, o‘zaro ishonch rishtalari ana shu nozik joylardan uzilib ketmasin, qiynalganlar, chetda qolganlar niyati buzuqlarning domiga tushib qolmasin.

Yuqorida eslaganimiz Shahnoza... yosh bolasi bilan otasinikida ikki yil o‘tirdi... Ish izlab Toshkentga keldi... ijarada yashadi... Kelin bo‘lib bir muddat Namanganda turdi... Keyin Yangiyo‘lga keldi... Moddiy-ma’naviy jihatdan yetishmovchilik, yolg‘izlik, to‘g‘ri maslahat beradigan odamning yo‘qligi bois xato yo‘lga kirib qoldi. Aslida, u doim o‘zimizning oramizda, xotin-qizlar bilan ishlashga mas’ullar faoliyat ko‘rsatib turgan mahallalarda yashadi. Na mas’ullar undan xabar oldi, na Shahnoza shunday mas’ullardan yordam, maslahat so‘rashi mumkinligini bildi! Qishloqda mehnatda ulg‘aygan, halol rizq topish yo‘lida bo‘lgan, farzandini boqish, ulg‘aytirish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qiladigan... ammo soddayu ishonuvchanligi uchun xato yo‘lga kirib qolib, tajribasizligiyu irodasizligidan noto‘g‘ri maslahat, va’daning qopqoniga tushganlarning bitta vakili bu. Mo‘rt niholni shamol, yomg‘iru sel xohlagan tomonga egishi, qayirishi, sindirishi, yakson qilishi oson bo‘ladi.

To‘g‘ri, joylarda xotin-qizlarning ishongan maslahatchisi, qo‘llab-quvvatlovchisi, jonkuyariga aylangan xodimalar, jamoatchilik faollari kam emas. Shu bilan birga...

2017-yili kech kuzda Farg‘onaning Shohimardon qishlog‘ida kelin qaynonasining hayotiga kutilmaganda zomin bo‘ldi. Qaynona o‘g‘li yoqtirib uylangan kelinini boshdanoq xushlamagani qarindoshu qo‘shnilarga ma’lum ekan. O‘g‘il haftada bir marta ishdan dam olish kuni uyiga kelar, orada qaynona kelinini yarim kechalarda haydab chiqargani ham atrofdagilarga sir emas ekan. Ammo fojiadan keyin qishloq fuqarolar yig‘inida “Bu oila a’zolari ahil, tinch yashab kelgan. Kutilmagan janjal oqibatida o‘lim sodir bo‘ldi”, qabilida hujjat taxlab qo‘yilgan. Eng ajablanarlisi, mahalladagi xotin-qizlar bilan ishlaydigan maslahatchi — marhum qaynonaning yaqin dugonasi, devor-darmiyon qo‘shni ham shu fikrni tasdiqlagan. “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”. Muxbirning  “Fojia yuz bergan kuni qaynona-kelin hovligacha bir-birini urib-surib chiqib, baqir-chaqir qilishgan, siz eshitmadingizmi?” degan savoliga maslahatchi: “Bu ham har doimgi urush-janjallardan biri bo‘lsa kerak, deb o‘yladim”, deb javob bergan... Mana shunday ro‘yxatda bor-u, amalda yo‘q “mas’ullar” ozmi, ko‘pmi?.. Ammo bitta bo‘lsa ham ortiqcha! Chunki uning mas’uliyatsizligi bois yuz bergan bitta noxushlik oqibati qancha taqdirlarga soya, dog‘ solishi mumkin.

Asosiy mezon — qalblarga yo‘l topa bilish

Bunday mas’ul vazifalarga har bir mahalla xotin-qizlari o‘zlari yaxshi bilgan, og‘irlarini yengil, mushkullarini oson qilishni insoniy va davlat oldidagi burchi deb biladigan; o‘zi shundog‘am bekamu ko‘st bo‘lganlarga emas, muhtojlarga qayishadigan; tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan; faqat yig‘inlarda davra yoki dasturxon tayyor bo‘lgandan keyin kelib, to‘rga chiqib o‘tirib, pandu nasihat qilib ketadigan “ishi juda ko‘p, vaqti kam” “aktivist”lar emas, balki ayolni tinglay biladigan, ayollar o‘z dardini aytishga jur’at eta oladigan, mahallasidagi har bir ona, beka, qizlarning bugungi hayoti, kayfiyati, yurish-turishidan boxabarlik doimiy ehtiyojiga aylanadigan oqila, g‘amxo‘r, tadbirkor vakilalarni o‘zlari tanlab, saylab olishlari kerak.

Yomon niyat qora bulutdek birdan bostirib kelmaydi, bir sabab bilan dilda tug‘iladi va uning yo‘lini to‘sguvchi yorug‘lik bo‘lmasa, qalbni ishg‘ol qilib boradi... Ayol o‘zi, bolasi hayotini xavf-xatar, noaniqlikka qo‘yguvchi yo‘lga qadam bosgunicha ancha-muncha ikkilanishlar, savollar, qo‘rquv-xavotirlar ko‘chasidan o‘tadi. Ana shu jarayonda mehru shafqat bilan uzatilgan bir qo‘l uning taqdirini xato, gunoh, bir umrlik armonlardan asrab qolishi mumkin.

Ancha cho‘zilib ketgan mulohazayu bayonlarimizdan aytmoqchi bo‘lgan fikrimiz shu: mahalladoshmi yoki boshqa joydan ko‘chib kelganmi, ko‘chamizda (“dom”imizda) muqim yashaydimi yoki vaqtincha ijarachimi, ko‘zimizga yoqimli ko‘rinadimi yoki yoqimsizmi — birorta qiz-ayol xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ullarning e’tiboridan chetda qolmasin. Qiynalgan, kamsuqum, andishali, o‘zining biror-bir ishidan xijolatda yoki pushaymonlikda yurgan opa-singillar savoliga javob, maslahat, yordam olishini kafolatlaydigan muhit yaratish — qalblar tomon ishonch ko‘prigi solish.

 “Saodat” jurnaliga bosh muharrirlik qilgan paytlarida O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim biz — xodimlarga ta’kidlab: “Ayolni tushunmaydigan, uni qo‘llab-quvvatlamaydigan ijodkorga bu muharririyatda o‘rin yo‘q”, degan edi. Ha, jamiyatimiz oldiga: “Ayolni tushunmaydigan, uni qo‘llab-quvvatlamaydigan, xotin-qizlarning ahvolidan doim xabardor bo‘lib, muammolarini hal etish yo‘llarini izlamaydigan xodimaning onalar va bo‘lajak onalar taqdiriga mas’ullik yuklangan lavozimlar, vazifalarda ishlashga haqi yo‘q”, degan qat’iy talabni qo‘yishimiz va buning amalini nazoratga olishimiz kerak.

Muhtarama ULUG‘OVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat

ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер