Ombudsman faoliyati natijadorligi 2021-yilga nisbatan 2,5 barobarga oshgan

17:40 07 Aprel 2023 Jamiyat
633 0

2023-yilning 7-aprel kuni Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsman) 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti muhokama qilindi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hisobot berdi.

Taʼkidlanishicha, 2022-yilda Ombudsman nomiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan, chet el fuqarolaridan va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, shuningdek harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslardan, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilaridan (advokatlardan) jami 17761 ta murojaat kelib tushib, 2021-yilga nisbatan 977 taga yoki 5,2 foizga kamaygan.

Murojaatlarning 95 tasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablariga muvofiq anonim deb topilgan boʻlsa-da, lekin ularda koʻtarilgan muammoli masalalar tahlillarda oʻz aksini topdi.

Ombudsmanga yuborilgan takroriy murojaatlar sonini keskin kamaytirish boʻyicha koʻrilgan choralar natijasida takroriy murojaatlarning soni 2022-yilda 2021 yiga nisbatan 734 taga yoki 15,8 foizga kamaydi.

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar viloyatlar kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp murojaatlar Qashqadaryo (2297 ta), Toshkent shahri (2079 ta), Surxondaryo (1582 ta) va Toshkent viloyatidan (947 ta), eng kam murojaatlar esa Sirdaryo (267 ta), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (292 ta) va Andijon viloyatidan (388 ta) kelib tushdi.

Murojaatlar tuman va shaharlar kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp murojaatlar Qashqadaryo viloyatining Koson tumani (600 ta) va Qarshi shahridan (414), Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan (370 ta) kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, murojaatlarning 31,4 foizi ijtimoiy huquqlar, 27,7 foizi murojaat etish huquqi hamda siyosiy huquq va erkinliklar, 24,2 foizi iqtisodiy huquqlar yoʻnalishida boʻldi.

2022-yilda Ombudsman tomonidan davlat organlari va idoralariga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 134 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilib, ularning 20 tasi xulosa, 36 tasi taqdimnoma hamda 78 tasi daʼvo arizalarni tashkil qildi. Kiritilgan taʼsir choralarining 73,1 foizi ijobiy xal etildi.

Ombudsman soʻroviga asosan vakolatli davlat organlari masʼul xodimlari harakatlarida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 3 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 22 nafar masʼulga “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan, 6 nafar masʼulga oʻrtacha oylik ish haqining 30,0 foizi miqdorida “jarima” intizomiy jazosi qoʻllanilgan, 3 nafar masʼul xodim oʻz ishiga sovuqqonlik bilan yondashganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 3 nafar masʼul xodimlari oʻz vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan, 1 nafariga qattiq ogohlantirish berilgan.

2022-yilda fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirishi belgilangan mablagʻlar 2 mlrd. 372 mln.soʻmni tashkil etdi. Shundan, 45,4 mln.soʻmdan ortiq aliment toʻlovlari, 505,9 mln. soʻmi fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bogʻliq toʻlovlardir.

Shuningdek, 13 nafar fuqaro ishga tiklandi, 4 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi. 14 nafar fuqaroning zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik fakti belgilandi. 7 nafar fuqaroga pensiya hisoblashda inobatga olinmagan staj qayta hisoblab chiqilishi belgilangan, 11 nafar fuqaroning oʻlim fakti belgilandi. Muruvvat uylarida yashovchi 27 nafar shaxslarning tugʻilganlik fakti belgilandi va hujjatlari rasmiylashtirilishida koʻmaklashildi.

2022-yilda Ombudsman nomiga jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan turli masalalarda 3235 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 1699 tasi yoki 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.

Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda 381 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ushbu koʻrsatkich 2021-yilda 177 marotabani tashkil etgan.

Shuningdek, Ombudsmanga mahkum va mahbuslardan kelib tushgan shikoyat va arizalar oʻrganib chiqilishi natijasida prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi 43 ta qaror bekor qilinib, qoʻshimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish belgilandi. 21 ta murojaat boʻyicha tegishli sudlar tomonidan 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrogʻiga almashtirildi, 13 nafar ayblanuvchiga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasi yengilrogʻiga oʻzgartirildi. 17 nafar mahkumning (mahbusning) oila aʼzolariga moddiy va ijtimoiy koʻmak berildi. 21 nafar mahkum insonparvarlik tamoyili asosida, yashash joyiga yaqin boʻlgan hududdagi koloniyaga oʻtkazildi.

Shuningdek, 9 ta shikoyat yuzasidan 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilgan va 1 ta shikoyat yuzasidan 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, shuningdek prokuratura idoralari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarga koʻra, 3 nafar mahkumga qoʻllanilgan intizomiy taʼsir chorasi noqonuniy deb topilgan va bekor qilingan.

2 ta shikoyat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davomida ichki ishlar va sogʻliqni saqlash vazirliklari tizimlarining 2 nafar xodimlariga nisbatan Jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Shuningdek, Ombudsmanning milliy komissiyalardagi faoliyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, bolalar huquqlarini himoya qilish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, ayniqsa, Ombudsmanning Qoraqalpogʻiston Respublikasida yuz bergan holatlar va voqealarni oʻrganish boʻyicha komissiya faoliyatidagi ishtiroki keng muhokamalarga sabab boʻldi.

Majlisda Ombudsmanga eng koʻp murojaat yoʻllangan hududlardagi muammolarni tahlil qilgan holda takroriy murojaatlarni kamaytirish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan qonunda belgilangan taʼsir choralaridan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida targʻibot tadbirlarini yanada kuchaytirish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda monitoring tadbirlari natijadorligiga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер