Oltin sotish — Markaziy bankning anʼanaviy faoliyati

14:51 04 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
2147 0

Soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonning oltin eksporti boʻyicha yetakchiligi turli munozaralarga sabab boʻlmoqda. Darhaqiqat, joriy yilning 3-choragida jahon oltin bozori konyunkturasi qulay keldi va avgust oyining boshida oltinning narxi rekord darajaga (2067 AQSH dollariga) koʻtarildi.

Bu esa, oltin-valyuta zaxiralari tarkibini optimallashtirish, oltinni sotish hisobidan qoʻshimcha daromad topish uchun qulay vaziyat hamdir.

Odatda, markaziy banklar oltin-valyuta zaxiralari miqdorini eʼlon qilib borasa-da, valyuta bozorida almashuv kursi barqarorligini taʼminlash uchun qancha miqdorda intervensiyani amalga oshirishini jamoatchilikka bildirmaydi. Biroq shunisi maʼlumki, Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishini oldini olish uchun zarur paytlarda maydonga chiqadi. Xorijiy valyutaga talab yuqori boʻlgan sharoitda Markaziy bank xorijiy valyuta taklifi bilan chiqadi, natijada xorijiy valyutalar soʻmga sotilganligi bois muomaladagi pul massasi hajmi qisqaradi. Bu holat agar Markaziy bankning, aytaylik, inflyatsion targetlash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlariga mos kelsa, intervensiyaning pul massasiga taʼsiri “tozalanmaydi”. Aksincha, intervensiya pul-kredit siyosati maqsadlariga zid boʻlsa, u holda, masalan, davlat qimmatli qogʻozlari bozorida ochiq operatsiyalar amalga oshirilib, aynan xorijiy valyutani sotishdan kelgan milliy valyutadagi mablagʻlar qayta muomalaga kiritiladi, yaʼni intervensiyaning taʼsiri “tozalanadi”.

Bundan tashqari, Markaziy bank xorijiy valyuta bozoridagi likvidlikni tartibga solish maqsadida gold-svop operatsiyalaridan foydalanishi mumkin.

Yuqoridagi holatlardan koʻrinib turibdiki, oltin-valyuta zaxiralaridan Markaziy bank pul-kredit siyosati maqsadlariga erishishda faol foydalanadi.

Shuningdek, oltin narxining oʻsish tendensiyasiga ega boʻlishi jamgʻarmalarni inflyatsiya taʼsiridan himoyalashda muhim rol oʻynaydi. Chunki soʻnggi uch yilda narxlarni erkinlashtirish siyosati natijasida mamlakatimizda inflyatsiya surʼatlari oshdi. Bu esa aholi jamgʻarmalarini AQSH dollariga oʻtkazilishini ragʻbatlantirdi va shunga mos ravishda, milliy iqtisodiyotda dollarlashuv darajasi ham ortdi. Masalan, respublikamiz bank sektorida xorijiy valyutadagi depozitlarning jalb qilingan jami depozitlardagi ulushi 2020-yilning 1-yanvar holatiga 43,9 foizni tashkil etgan.

Markaziy bank tomonidan ogʻirligi 5, 10, 20 va 50 gramm boʻlgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalarning maxsus himoya qadoqlarida sotuvga qoʻyilishi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi dollarlashuvga qarshi kurashda muhim vosita vazifasini bajarishi mumkin.

Buning yana bir muhim jihati shundaki, oltinni tashqariga eksport qilishdan xavotirga tushayotgan yurtdoshlarimiz koʻngliga tasalli boʻladi, yaʼni oltinni fuqarolarimiz xarid qiladi va ichki oltin bozori shakllanadi.

Biroq, faol tashqi qarz siyosatini amalga oshirayotgan mamlakat oltin-valyuta zaxirasining keskin kamayishiga yoʻl qoʻymasligi kerak. Zero, mamlakatning xalqaro valyutaviy likvidligi xalqaro kreditorlar bilan munosabatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nodir JUMAYEV,
iqtisod fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?