Oltiariqda naslli quyon va parhezbop goʻsht eksport qilinmoqda

13:55 19 Iyul 2022 Iqtisodiyot
446 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida tashkil etilgan “Bek quyon klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatida naslchilik, parhezbop goʻsht yetishtirish hamda eksport faoliyatini yoʻlga qoʻyish borasida bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

— Yangi va zamonaviy quyonxona barpo etilib, xorijdan kaliforniya, burgundiya, nikol» zotlari olib kelinib, koʻpaytirilyapti, — deydi “Bek quyon klaster” MCHJ rahbari Doniyorbek Jabborov. —  2021-yil yakunida ona quyonlar soni 900 boshga yetkazilib, har bir zotdor ona quyon yiliga 6-7-martadan bolaladi. Yillik daromadimiz oʻrtacha 500-550 million soʻmni tashkil etdi.

Hozirda quyonlar soni 5 yarim ming boshga yetdi va buyurtma asosida Qozogʻiston, Tojikiston davlatlariga eksport qilinmoqda. Oʻz navbatida keyingi uch yilda Toshkent, Buxoro, Fargʻona, Namangan, Andijon, Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga 5 mingdan ziyod naslli quyonlar yetkazib berildi.

Bundan tashqari klaster tomonidan parhezbop quyon goʻshti viloyatning Buvayda, Bagʻdod, Rishton tumanlari, shuningdek, Oltiariq tumanidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda oziq-ovqat doʻkonlariga shartnoma asosida tarqatilmoqda.

Korxona qoshida quyonlarga omuxta yem ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ozuqaning ortgani boshqa quyonchilik fermalariga yetkazilyapti. Yaqin istiqbolda bu yerda parhezbop quyon goʻshtini toʻliq qayta ishlash hamda mahsulotlarni saqlovchi muzlatkichli omborxona barpo etish koʻzda tutilgan.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?