Olov tutgan yozuvchi

13:50 14 Fevral 2025 Jamiyat
463 0

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Luqmon Boʻrixon degan ismi sharifni eshitgan zahoti betakror yozuvchi, qalbi qordek oppoq, yuragi buloq suvidek toza adib siymosi koʻz oʻngimda namoyon boʻlaveradi. Luqmon Boʻrixonni “Olov tutgan odam” romani orqali yozuvchi sifatida oʻzim uchun inkishof etgandim. Shundan soʻng bir qator hikoya va qissalarini oʻqidim. Adib bilan uchrashuvlarda qatnashdim, muloqotda boʻldim. “Imom Moturidiy” romani orqali yozuvchining katta isteʼdod sohibligiga imon keltirdim. Haligacha hayratdaman: shu jussaga bunday katta yurak qanday siqqan ekan? Inson aqli bovar qilmaydi, axir! Luqmon aka benazir inson edi.

U 1965-yil 15-fevralda Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida tavallud topgan. 1987-yil “Yoshlik” jurnalida bosilgan “Begimqul katta” hikoyasi katta adiblarning nazariga tushdi. Yozuvchining joʻshqin ijod yillari joriy asrimizga toʻgʻri keladi. Uning “Jaziramadagi odamlar”, “Sirli muallim”, “Tun qaʼridagi shuʼla”, “Xizr koʻrgan yigit”, “Titrayotgan togʻ”, “Quyosh hali botmagan”, “Begonalar yurmas bu yerda”, “Sokin daryo” kabi roman va qissalari ayni XXI asrda dunyo yuzini koʻrdi.

Luqmon Boʻrixon asarlari qahramonlari ayni zamonamizda yashayotgan chapani va mard, olijanob va tanti vatandoshlarimizdir. Yozuvchi zamonamiz qahramonlarining qalb kechinmalari va his-tuygʻularini goʻzal badiiy tasvirda hikoya qilishni oʻzining ijodkorlik burchi deb hisoblardi. Inchinun, uning har bir asaridagi obraz bizga begona emas, qalban yaqin va qadrdon.

Yozuvchi samimiyat yoʻgʻrilgan satrlarga mualliflik qilish uchun samimiy boʻlishi shart. Bundan qariyb ikki yil oldin bir marosimda qatnashganimda Luqmon Boʻrixonning samimiy yozuvchiligiga guvoh boʻlganman. “Imom Moturidiy” romani endigina bosmadan chiqqandi. Ochigʻi, “shou”ga aylanib ketgan tadbirdan diqqinafas boʻlib tashqariga chiqdim. Shundoq roʻparamdagi gulzor yonginasidagi oʻrindiqda oʻzbekning katta adibi Luqmon Boʻrixon olisga termilib oʻtirardi. Meni koʻrdi-yu, yaqin inisiday qarshilagan, “Otabek!..” deb bagʻrini ochgandi Luqmon aka. Bolasidek yaqin olib, oʻgit-u maslahatini ayamagandi.

Oʻsha kuni yozuvchi “Imom Moturidiy” romani katta kuch talab qilgani va hozir biror asar ustida ishlashga majolsizligini aytgandi. Shundan soʻng ushbu romanni nafaqat adabiy jamoatchilik, balki keng kitobxonlar ommasi ham ijobiy qabul qilgani, qoʻlma-qoʻl oʻqilayotganini aytdim. Luqmon aka romanning qayta nashri tayyorlanayotgani, aslida muhaddislar sultoni Imom Buxoriy haqida yirik badiiy asar yaratish niyatida ekanligini soʻzlagandi. Suhbat davomida tabiiyki, hozirgi adabiy jarayon, zamonaviy oʻzbek nasri haqida ham soʻz bordi. Ana shunda adib qalbini yanada ayonroq, tiniqroq koʻra boshladim.

Luqmon aka adabiyotga, soʻzga xiyonat qilmay yashadi, yashab oʻtdi. Oʻylaganida adabiyot uchun oʻyladi, yozganida kitobxon uchun yozdi...

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali sohibi, yozuvchi Luqmon Boʻrixon ijodining ayni kamolot davrida – 2023-yil 25-iyul kuni 58 yoshida vafot etdi. Luqmon Boʻrixonning yorqin yodi xotirimda, dastxatlari kitoblarimda qoldi. Mana, “Olov tutgan odam” kitobi:

“Otabek! Hamisha el ardogʻidagi ijodkor boʻling! Muallif (imzo). 29.11.21.”

Shu kitob ichida qayd qogʻozim ham bor ekan. Oʻqiyotib meni mutaassir qilgan, hayratga solgan jumlalarni ikki varaqqa yozib chiqqan ekanman. Mana, ulardan biri:

“Umid shunday bir tuygʻuki, nurdek nozik, nurdek yorugʻ va toza”.

Haqrost. Agar umid boʻlmasa, hayotning mazmuni yoʻqoladi. Olov tutgan yozuvchimiz kitobxonlariga hayotning mazmunidan saboq berib ketgandek.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер