Olimning ikkinchi umri

21:30 19 May 2023 Jamiyat
959 0

Ilm-fan fidoyilari

Xalqimizda “Inson xotirasi muqaddas”, degan naql bejiz aytilmaydi. Oʻtganlarni yaxshi nom bilan eslash — milliy qadriyatimiz. Shu bilan birga, kishi oʻz umri davomida qilgan ishlari, maʼnaviy-maʼrifiy merosi, asarlari bilan oʻzidan oʻchmas nom qoldiradi.

Arxitektura fanlari doktori, professor, Sharq mamlakatlari xalqaro arxitektura akademiyasi akademigi, yuzlab shogirdlarning suyukli ustozi Muhammad Ahmedov ham ana shunday sharafga erishgan insonlardan biri edi. Bu kishi butun hayotini ilm-fan rivojiga, el-yurtimiz taraqqiyotiga bagʻishladi. Olim dastlab Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida, keyinchalik Toshkent arxitektura-qurilish institutida ishladi. Eng muhimi, qayerda qaysi lavozimda faoliyat yuritmasin, oʻzining bilimi, fidoyiligi, vatanparvarligi, yoshlarga gʻamxoʻrligi bilan barchaning hurmat-ehtiromiga sazovor boʻldi.

Ustoz 1982-yilda Moskva arxitektura institutida “Oʻrta Osiyo meʼmoriy ansambllarining shakllanishi va rivojlanish yoʻllari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1996-yilda esa Toshkentdagi Sanʼatshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida ushbu ilmiy yoʻnalishning Oʻzbekiston uchun metodologik ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy jihatlarini ochib, “Oʻzbekiston oʻrta asrlar meʼmoriy ansambllari taraqqiyotining tarixiy-nazariy asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan.

Muhammad Ahmedov nafaqat yurtimizda, balki qator xorijiy davlatlarda ham arxitektura tarixi va nazariyasi sohasida taniqli olim edi. Buni uning Ozarbayjon va Qozogʻiston Bosh meʼmorchilik qurilish akademiyalarida tashkil etilgan doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashgan xalqaro ilmiy kengash aʼzosi ekanligida, Yaponiyaning Keyo universiteti tashkil etgan “Buyuk Ipak yoʻli tarixiy shaharlarining taraqqiyot yoʻllarini tadqiq etish muammolari” xalqaro ilmiy dasturida, shuningdek, Kunmin, Boku, Ufa shaharlarida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda ilmiy maʼruzalar bilan qatnashganligida koʻrish mumkin.

Olim Oʻrta Osiyo tarixiy shaharlari va meʼmoriy yodgorliklari haqida AQSHning Massachusets texnologiya instituti, Italiyaning Rim universiteti va Meʼmorlar malaka oshirish markazi, Turkiyaning Istanbul Yulduz texnika universiteti, Ozarbayjonning Bokudagi davlat arxitektura va qurilish universiteti va boshqa xorijiy ilm-fan maskanlarida maʼruzalar oʻqir, xorijiy doktorantlarga maslahatchilik qilardi.

Ustoz mehnat faoliyati davomida Oʻzbekiston meʼmorchiligi tarixi va nazariyasi faniga, meʼmoriy yodgorliklarni taʼmirlash va saqlash ishlarining respublikadagi rivojiga salmoqli hissa qoʻshdi. U 6 ta akademik nashrda chop etilgan kitob, risola va darsliklar, 150 dan ziyod ilmiy maqolalar va tezislar, 30 dan ortiq ilmiy-ijodiy va meʼmoriy loyihalar muallifi edi. Shuningdek, Oʻzbekiston shaharsozligi va meʼmorchiligi tajribasini umumlashtiruvchi, uning nazariy yoʻnalishlarini aks ettiruvchi monografiyalar, ilmiy-ommabop asarlar chop ettirgandi.

Fidoyi olim umrining oxirigacha Rossiya, Germaniya, AQSH, Ozarbayjon, Turkiya, Italiya, Boltiqboʻyi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining taniqli arxitektorlari bilan doʻstlik rishtalarini bogʻlab, bevosita muloqotda boʻlib kelgan.

Muhammad akaning mustaqil va hamkorlikda yaratgan bir necha loyihalari oʻzining ijobiy bahosini olgandi. Jumladan, shogirdlari bilan birga ishlab chiqqan Samarqand viloyati Qoʻshrabod tumani markaziy shaharchasining bosh rejasi, Imom al-Buxoriy va al-Moturidiy memorial majmualari loyihalari hukumatimiz tomonidan boʻlajak ishlar uchun taklif sifatida rasman qabul qilingan va amalga oshirilgan.

2006-yilda Qozogʻistondagi Oqtov shahridagi Universitet oʻquv kompleksining taklifiy loyihasini yaratish boʻyicha qoʻshni davlat buyurtmasini olib, samarqandlik shogirdlari bilan uning muvaffaqiyatli taqdimot marosimini Olmaota shahrida oʻtkazgandi.

Muhammad Ahmedov bilan SamDAQIda koʻp yillar yelkadosh va yonma-yon ishlab, uni yaqindan bilgan, doʻst tutingan inson sifatida shuni aytishim kerakki, bu kishi biror ish, tadbir yoki loyihani boshladimi, uni oxirigacha yetkazmay qoʻymasdi. Ustoz doim nafaqat oʻz shaʼni va oilasi, balki institut shaʼni, arxitektura fani obroʻsi uchun kurashadigan inson edi.

Kuchli xotira egasi ekani barchamizni hamisha qoyil qoldirardi. U har bir meʼmoriy obidaning qachon, qayerda, kim tomonidan, nima maqsadda qurilganini aniq yiligacha aytib berardi. Olim mumtoz shoirlarimizning sheʼrlarini sevib mutolaa qilar, milliy ashulalarimizni xirgoyi qilib yurardi. Davralarni ham turfa hangomalari bilan qizitar, yigʻilganlarga koʻtarinki ruh baxsh etardi.

Bu insonning yana bir xususiyati oʻta zukko rahbar, zoʻr tashkilotchi, oʻziga va boshqalarga talabchan boʻlganligidir. Bir voqeani eslayman. Arxitektura yoʻnalishiga qabul paytida ijodiy imtihon boʻlardi. Mazkur jarayonga tayyorgarlikning moliyaviy va tashkiliy ishlari yechilmay turgani uchun Muhammad akaga murojaat qilinganda u ilmiy ishlar boʻyicha prorektor boʻla turib, institut moliya va xoʻjalik ishlari prorektorining bu ishdagi sustkashligiga qattiq tanbeh berib, bu masaladagi muammoni yechib bergandi.

Qisqacha aytganda, mehri daryo ustoz haqida hammamizda ham faqat yaxshi xotiralar qolgan. Chunki bu inson fazilatlari, fidoyiligi, jonkuyarligi bilan oʻzidan ezgu nom qoldirgandi. Bugun esa ustozning amalga oshirgan ishlari, orzulari roʻyobi farzandlari, shogirdlari, hamfikr, hammaslak doʻstlari faoliyatida davom etmoqda. Demak, ilm-fanimiz fidoyisi ikkinchi umrini yashamoqda.
Axtam OʻRALOV,
arxitektura fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?