Oliy taʼlim muassasalaridagi yashirin “oʻyin”lar

12:51 30 Iyul 2020 Jamiyat
3224 0

Korrupsiya bu taraqqiyotga toʻsqinlik qiluvchi eng asosiy illat boʻlib, dunyo miqyosidagi global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol boʻlishiga olib keladi.

Soʻnggi yillarda, davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, yaʼni “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun, Oʻzbekiston Prezidentining «Korrupsiyaga karshi kurashish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori, «Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga karshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» gi Farmon bilan tasdiqlangan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi shular jumlasidandir.

Davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻladigan alohida organ tashkil etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilk bor qayd etilgan edi. Keyinchalik ushbu fikrlar Davlat dasturida ham aks etdi. Davlat rahbarining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Agentlik oldiga korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan sohalarni aniqlash, korrupsiogen holatlarga sabab boʻluvchi sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi samarali tarzda kurashish va shaffoflik taʼminlash ustuvor vazifa, deb belgilandi.

Demokratik islohotlar amalga oshirilib, qadriyatlar qaror topib borayotgan bugungi sharoitda davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarning sodir etilishi boshqaruv tizimining buzilishiga yoki zararlanishiga sabab boʻladi, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetkazadi. Yuqori darajadagi korrupsiya davlatni inqirozga olib keladi, davlat hokimiyati shaxsiy manfaatlarga boʻysundirilgani bois, xalqning noroziligiga sabab boʻladi.

Har bir davlat ijtimoiy sohasining taraqqiyoti taʼlim tizimining, shuning ichida oliy taʼlim tizimining mukammallashishiga bogʻlikdir. Buning uchun esa oliy taʼlim sohasida qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish, “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish eng dolzarb muammolarning biri hisoblanadi.

Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarining (OTM) oʻquv-uslubiy, ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha faoliyatidan tashqari quyidagi yoʻnalishlarda ham bir qator korrupsiogen holatlar kuzatilmoqda:

Oliy taʼlim muassasalari hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish toʻliq OTM rahbariyati tomonidan monopollashtirilgani, OTM hududida ovqatlanish maskanlari, kanselyariya va kompyuter xizmatlari, nashriyot, qoʻshimcha mablagʻ keltiruvchi faoliyat yuzasidan ijara pullarni shartnomada kichik miqdorda koʻrsatish, amalda esa qolgan summani naqd holatda oʻzlashtirish jarayoni;

OTMlarni taʼmirlash va yangi binolar qurilishi uchun ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish, taʼmirlash uchun zarur boʻlgan mahsulotlarni tender hujjatlarini soxtalashtirish, oʻziga “qarashli” firmalar tomonidan tender yutib olinishini taʼminlash, qurilish materiallari uchun ajratilgan mablagʻlarni “tanish” korxonalarga pul koʻchirish yoʻli bilan (narxlari oshirilgan holda) sotib olish va oʻrtadagi farqni haq sifatida olish jarayoni;

OTMlarni moddiy texnik bazasini yangilash maqsadida sotib olinayotgan mahsulotlarni, OTM rahbariyatining yaqinlari va qarindosh tomonidan asos solingan korxonalardan bir necha barobar qimmat narxlarda xarid qilish, texnik xizmat koʻrsatish belgilanganidan koʻproq miqdorda mablagʻ ajratish;

OTM rahbarlari oʻzlariga “yaqin” professor-oʻqituvchilar va xodimlar nomiga pulli mukofot yozib, maʼlum qismini oʻzlashtirish holatlari;

Talabalar turar joylariga talabalarni joylashtirish hamda u yerdagi tashkiliy masalalarga talabalardan qoʻshimcha tarzda mablagʻ yigʻish jarayoni.

Keltirib oʻtilgan muammolar roʻyxati bu bilan cheklanmaydi. Bu kabi tizimli muammolar deyarli har bir OTM uchrab turishi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi uchun ham yangilik emas. Lekin yillar davomida bu muammolarni bartaraf etilmaganligi OTMlarning asosiy vazifasi boʻlgan sifatli taʼlim berishiga toʻsqinlik bermoqda.

Yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuqoridagi kabi muammolarga ham eʼtibor qaratib, ularni bartaraf etishda har bir OTM jamoasining fikrini yashirin tarzda oʻrganilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Oʻrganish natijalari ochiq holatda jamoatchilikka oshkor etilsagina bunday salbiy holatlar oldi olinardi. Zero koronavirus pandemiyasi koʻplab sohalar kabi taʼlim tizimidagi muammolarni yaqqol namoyon etib berdi. Bu muammolarni bugun bartaraf etmasak kelajak avlod bizni kechirmaydi.

Muhammad VALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Adolat SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?