Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2023-yildagi ish faoliyati senatorlar diqqat markazida

20:23 26 Fevral 2024 Siyosat
240 0

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

Bugun, 26-fevral kuni Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, 2023-yilda Ombudsman nomiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan 18622 ta murojaat kelib tushgan.

Mazkur murojaatlarning taxligiga koʻra ularning 3586 tasi ijtimoiy huquq yoʻnalishida, 1 646 tasi murojaat etish huquqi hamda siyosiy huquq va erkinliklar yoʻnalishida, 3 322 tasi iqtisodiy huquq
yoʻnalishida, 1 991 tasi shaxsiy huquq va erkinliklar yoʻnalishida, 316 tasi ekologik huquq yoʻnalishida hamda 970 tasi boshqa yoʻnalishlardagi murojaatlarni tashkil etdi.

Hisobotda qayd etilishicha, mintaqaviy vakillar tomonidan muammolarni joyida har tomonlama va tezkor hal etish maqsadida joylarga chiqilib, sayyor qabullar tashkil etilgan. 2023-yilda mintaqaviy vakillar tomonidan 130 ta taʼsir choralari boʻyicha hujjatlar tayyorlanib, ularning ijrosi taʼminlanishida ishtirok etilgan. Xususan, ular ishtirokida tayyorlangan 18 ta Ombudsman xulosalari davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslariga kiritildi va ularning 11 tasi yoki 61,1 foizi toʻliq qanoatlantirildi.

Senatorlar tomonidan taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida davlat organlari va tashkilotlariga, ularning ularning mansabdor shaxslariga Ombudsman nomidan koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan ariza va daʼvo arizalari, taqdimnomalar hamda tavsiyaviy xususiyatga ega xulosalarning ijrosi qay darajada ekanligi muhokama qilindi.

Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida fuqarolarimizning ongi va tafakkuri, dunyoqarashi oʻzgarishi bilan ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini kengaytirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Majlisda yakunida koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?