Oliy Majlis Senatining oʻninchi yalpi majlisi 4-sentyabr kuni chaqiriladi

17:08 02 Sentyabr 2025 Siyosat
234 0

Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Kengash tomonidan Senatning oʻninchi yalpi majlisini joriy yil 4-sentyabr kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlis kun tartibiga “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi, “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi, “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlar kiritilgan.

Shuningdek, JSTga aʼzo boʻlish jarayonlari yanada jadallashtirilishi, kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qator qonunlarni ham koʻrib chiqish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, yalpi majlisda ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati koʻrsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Qonun ham koʻrib chiqiladi.

Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar tomonidan parlament nazorati doirasidagi qator masalalar ham koʻrib chiqiladi.

Xususan, Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2024-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti va Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza koʻrib chiqiladi.

Senatorlar tomonidan Samarqand viloyatining ayrim hududlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala ham muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, talabalar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, oʻquvchilarni sifatli darsliklar bilan taʼminlash yuzasidan parlament soʻrovlari yuborish masalalari koʻrib chiqiladi.

Yalpi majlis doirasida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sohada ilm-fan yutuqlarini joriy qilish boʻyicha parlament soʻrovi natijalarini ham muhokama qilish rejalashtirilgan.

Oliy sud tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masala ham senatorlar tomonidan koʻrib chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер