Oliy Majlis Senati va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi oʻrtasida hamkorlik dasturi imzolandi

21:00 03 Iyul 2025 Siyosat
158 0

Oliy Majlis Senati va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi oʻrtasida 2025–2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. Bugun Senat Raisi Tanzila Narbayeva va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda demografik oʻsishning ijobiy imkoniyatlari, aholi farovonligini oshirish va mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, ayollar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularning ish va oilaviy masʼuliyatini muvozanatli olib borish yoʻnalishida xalqaro tajriba va ilgʻor amaliyotlarni oʻrganish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, gender tenglik masalasida faqat raqamlar emas, balki amaliy natijalarga erishish muhimligi qayd etildi. Bu borada ayollar va qizlarning salohiyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning turli sohalarda malaka oshirishi uchun oʻquv dasturlarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

UNFPA vakili Nigina Abaszade Oʻzbekistonda qizlar uchun taʼlim imkoniyatlari kengayib borayotganini yuqori baholab, buni kelajakka qaratilgan eng toʻgʻri investitsiya deb atadi.

Bundan tashqari, uchrashuvda raqamli zoʻravonlikka qarshi qonunchilikni takomillashtirish, onlayn zoʻravonlikka barham berish uchun aniq huquqiy mexanizmlar ishlab chiqish boʻyicha takliflar ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Oliy Majlis Senati va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining 2025–2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturini imzolashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер